Jahon | 17:16 / 08.09.2020
6002
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus qurbonlarini “ortiqcha yuk” deb atagan Moldovaning bosh epidemiologi iste'foga chiqdi

Nikolaye Furtune 7 sentabr kuni teleefirda qilgan chiqishi chog‘ida "koronavirus o‘zi va atrofdagilar uchun ortiqcha yuk bo‘lganlarni olib ketgani"ni aytgandi.

Foto: World Health Organization in Moldova

Moldovaning bosh epidemiologi, jamoat sog‘lig‘ini saqlash milliy agentligi direktori Nikolaye Furtune koronavirus qurbonlari to‘g‘risida noma'qul so‘zlarni aytgani uchun iste'foga chiqdi. Bu haqda mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

 "Bosh vazir Ion Kiku jamoat sog‘lig‘ini saqlash milliy agentligi direktori Nikolaye Furtuneni huzuriga taklif qildi, suhbat chog‘ida Nikolaye Furtune o‘z iste'fosi haqida e'lon qildi", - deyiladi xabarda.

 Agentlik direktori vazifasini bajaruvchi etib uning o‘rinbosari Vasiliy Gushtyuk tayinlangan.

Furtune 7 sentabr kuni teleefirda qilgan chiqishi chog‘ida "koronavirus o‘zi va atrofdagilar uchun ortiqcha yuk bo‘lganlarni olib ketgani"ni aytgandi.

 "Surbet ko‘rinmoqchi emasman, ammo butun dunyoda COVID-19 atrofdagilar uchun ortiqcha yuk bo‘lganlarni olib ketdi. Bu insonlar saratonning, diabetning so‘nggi bosqichlaridan azob chekayotgan, yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lganlar edi. Bu Italiya, Fransiya va afsuski, Moldovada sodir bo‘ldi", - degandi Furtune.

U ertasi kuni bu so‘zlari uchun uzr so‘rab, uni noto‘g‘ri tushunishganini aytdi, biroq prezident va hukumat undan iste'foga chiqishni talab qildi.

Moldovada kasallik yuqtirganlar soni 40 mingdan oshgan, 1074 kishi vafot etgan.

Mavzuga oid