O‘zbekiston | 11:22 / 10.09.2020
30412
4 daqiqa o‘qiladi

SSV karantin qoidalariga rioya etilmayotganidan xavotir bildirib, aholini sergaklikka chaqirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor fuqarolarni karantin qoidalari yumshatilgani tufayli xotirjamlikka berilmaslikka chaqirdi.

«Bugun dunyoda koronavirus xavfi yetib bormagan biror mamlakat qolmadi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda dunyoda kasallanganlar soni 27 million 700 ming nafardan oshdi. Pandemiyaning ilk bosqichlarida kasallanganlar soni 100 ming nafarga yetishi uchun hafta kerak bo‘lardi. Hozir esa bu raqam soatlar ichida qayd etilmoqda. 

Yurtimizda sentyabrning ilk kunida 343 nafar bemor qayd etilgan bo‘lsa, 9 centyabrda bu ko‘rsatkich qariyb 170 nafarga oshdi. Karantin tartiblarining yumshatilishi, bir qancha faoliyat turlariga ruxsat berilishi, shuningdek, maktablarda yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan aholi o‘rtasida o‘zaro muloqotning ko‘payishi, o‘z navbatida, koronavirus xavfini ham kuchaytiradi. 

Bugun ko‘cha, bozor va boshqa jamoat joylarida aksariyat fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilmasdan, beparvolik bilan, o‘zaro masofa saqlash va niqob taqish qoidalarini qo‘pollik bilan buzish holatlari ko‘payib borayotgani juda xavotirli. 

Umumiy ovqatlanish obektlari, tomosha va madaniy-ko‘ngilochar obektlar, masjidlar, shuningdek, park va istirohat bog‘laridagi attraksionlar faoliyatiga qat'iy karantin talablari asosida ruxsat berildi. Jumladan, har bir fuqaro tibbiy niqobda bo‘lishi, mijozlar orasida 2 metrlik masofani ta'minlash, shuningdek, obektdagi jihozlarni muntazam dizenfeksiyalash, havo aylanish tizimini zararsizlantirish kabi qat'iy belgilangan sanitariya-gigiyena talabalariga rioya etishlari lozim.

Hozirda yurtimizda 2580 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda. Ulardan 235 nafari o‘rtacha og‘ir, 427 nafari og‘ir, 224 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda yotgani joylarda niqobsiz, masofa saqlamasdan yurgan yurtdoshlarimiz uchun ogohlantirish bo‘lishi zarur. 

Hali davosi topilmagan, keyinchalik qanday asoratlar qoldirishi, yuqtirilgandan so‘ng yana qaytalanmasligi shubha ostida bo‘lgan, qarshisida butun dunyo tibbiyoti ojiz turgan kasallikka qarshi yagona samarali chora hisoblangan sanitariya qoidalariga amal qilmaslik, tibbiyot niqoblarni taqmaslik uchun qanchalik beparvo bo‘lish kerak?!

Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, ko‘chada, bozorda boshqa odamlar bilan ko‘proq yuzma-yuz bo‘lishadi. 

Dunyo tajribasida ko‘rinmoqdaki, har qanday cheklovdan ko‘ra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusni oldini olishda samaraliroq bo‘lib qolmoqda. Misol uchun, 33 millionga yaqin aholisi bo‘lgan Malayziyada avgust oyida kasallanish holati 355 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, sentyabrning dastlabki haftasi davomida bor-yo‘g‘i 37 nafarni tashkil etgan, xolos. Bunda aholining ongli ravishda hukumat va shifokorlarning tavsiyalarini so‘zsiz bajarishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda karantin tugaganiga qaramay jamoat joylarida haliyam masofa saqlash, niqob taqish, maqsadsiz ko‘chaga chiqmaslik, katta tadbirlar o‘tkazmaslik odatga aylandi. 

Hurmatli vatandoshlar! Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, bundan keyin pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Ayni paytda o‘z salomatlingizni asrashingiz, avvalo, o‘zingiz, so‘ngra tibbiyot xodimlari va mamlakatimiz uchun qilgan eng katta xizmatingizdir. Oilangiz va farzandlaringiz hayotiga befarq bo‘lmang, yaqinlaringizning dard chekishiga sababchi bo‘lib qolmang», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

  • 10 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda rasmiy statistikaga ko‘ra 45 ming 160 kishida kasallik aniqlangan, shundan 42 ming 212 kishi tuzalib chiqqan, 368 kishi vafot etgan.

Mavzuga oid