«Baxtli mamlakatda yashashni istasak, ayollarni erkaklar prioritetlaridan, jurnalistlarni bosimdan himoya qilishimiz kerak» – Saida Mirziyoyeva
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta'minlash bo‘yicha komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva o‘g‘il farzandli bo‘lgan. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar qilishicha, chaqaloqqa Shavkatjon deb ism qo‘yilgan.
Shuningdek, u mamlakatda ayollar huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan munosabat bildirgan.
«Men muhabbatning ayollarga barcha dilxiraliklarga dosh berishi va kechirishiga yordam beruvchi kuch ekani haqida o‘ylayman. Baxtli va eng yaxshi damlarni kutish, bolalar o‘sib-ulg‘ayguncha yonida bo‘lish, ularga tayanch bo‘lish va keyin tin olish mumkin. Nima qilsak ham, bizni doim muhabbat boshqaradi.
Hozir o‘g‘lim bilan ertaklar emas, balki yangiliklar sadosi ostida uxlayapmiz. Xotin-qizlar va jurnalistlarga nisbatan sudlov mexanizmi tezkor va shiddatli bo‘lib, bor kuchi bilan ishlayotganini ko‘rish men uchun og‘ir. Erkaklar va amaldorlarga kelganda bu tizim ko‘pincha to‘xtab qoladi. Bir vaqtning o‘zida haqoratlarga munosib javob uchun ozodlikdan mahrum qilish va sakkiz yillik xo‘rlik ostida yashaganlarni yarashuv bilan «jazolash» mumkin emas. Qiz bolaga ojiza va itoatkor bo‘lgani uchungina buyumdek qarash, dili og‘rigan-og‘rimaganini uning uchun hal qilish mumkin emas. Shaxsiy fikri uchun ta'qib qilish mumkin emas. Agar biz adolat tarafdori bo‘lsak, qonun ikkala tomon uchun bir xil ishlasin. Agar biz baxtli mamlakatda yashashni istasak, ayollarni erkaklar prioritetlaridan, jurnalistlarni esa bosimdan himoya qilishimiz kerak.
Ayollarga kelsak: qo‘limizda bola bo‘lganida, har bir jabhada erkaklar bilan tenglashish biz uchun shundoq ham qiyin, har birimiz farzand tug‘ilganida kareramizning bir necha yilini yo‘qotamiz. Shunga qaramay, ba'zan bizga yana ayblov ham qo‘yishadi.
To‘rt yil oldin Prezidentimiz so‘z erkinligini yoqlab chiqdi, mamlakatimiz bundan buyon toqat qilmas ekanmiz, sukut saqlab o‘tirmaymiz, degan xulosaga keldi. Shuni yodda tutishimiz kerakki, endilikda har bir noxush holat jamoatchilikka oshkor bo‘lmoqda: biz kichik jinoyatlar uchun ham barcha mumkin bo‘lgan moddalar bilan og‘ir jazoni qo‘llash holatlariga guvoh bo‘lyapmiz. Agar kimlargadir buning aksi kerak bo‘lsa, jazo yumshaydi va yengillashadi. Odamlar buni ko‘rib turibdi, muhokama qilishyapti va adolatga ishonmay qo‘yishyapti.
Men jurnalist va blogerlar sukut saqlamasligiga va boshlangan islohotlarni davom ettirish yo‘lida hissa qo‘shishiga qat'iy ishonaman. Jamoatchilik fikrining kuchiga ishonaman. Oldinda bizni yaxshi kunlar kutayotganiga ishonaman. Agar har kim o‘z obro‘ini saqlagan holda odamlar bilan hisoblashsa, hamma ish adolatli va to‘g‘ri bo‘ladi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, ayni kunlarda tuhmatni dekriminallashtirish hamda jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik uchun javobgarlikka oid ikki muhim qonun hujjati ishlab chiqish arafasida.
Bu oshkora jamiyat sari tashlangan yana ikki katta qadam bo‘ladi. Keling, buni birgalikda amalga oshiramiz», degan Saida Mirziyoyeva telegramdagi sahifasida.
Mavzuga oid
02:08 / 24.12.2024
Saida Mirziyoyeva: «Kelgusi yil uchun belgilangan vazifalar ko‘lami juda keng»
20:49 / 19.12.2024
Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasida o‘quvchi yoshlar bilan uchrashdi
19:14 / 12.12.2024
Saida Mirziyoyeva ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan samarqandlik bolalar bilan uchrashdi
18:52 / 27.11.2024