O‘zbekiston | 15:58 / 11.09.2020
3205
3 daqiqa o‘qiladi

Senatda davlat organlari faoliyati ustidan ta'sirchan deputatlik nazoratini ta'minlash imkonini beruvchi qonun ma'qullandi

Senatning yettinchi yalpi majlisida «Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Senator Tolibjon Madumarov mazkur qonunning tatbiq etilishi qanday natijalar berishini aytib o‘tdi.

«Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi birinchidan, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi faoliyatiga bevosita ko‘maklashuvchi tuzilmani tashkil qilish orqali hokimlarning apparati, ya'ni tashkiliy-nazorat guruhi zimmasidagi o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalar soqit qilinadi.

Ikkinchidan, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi tomonidan davlat organlarining faoliyati ustidan ta'sirchan deputatlik nazoratini ta'minlashga erishiladi.

Uchinchidan, davlatimiz rahbari parlamentga bo‘lgan murojaatida ta'kidlagan vakillik hokimiyati ijro hokimiyatidan ajralgan holda faoliyat ko‘rsatish g‘oyasini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi», dedi Tolibjon Madumarov.

Ta'kidlanishicha, so‘ngi yillarda kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning o‘rinbosari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, amalda kutilgan natijalarni bermayapti.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashi kotibiyatlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Mazkur qonun bilan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonuniga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish vazifasi hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga o‘tkazilmoqda.

Bunda Kotibiyatlar yuridik shaxs hisoblanishi va uning faoliyati tegishli mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirilishi, Kotibiyat tuzilmasi, shtatlar, xodimlarning mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika ta'minoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlarni tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, majlisda qayd etilganidek, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi bilan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi tomonidan davlat organlarining faoliyati ustidan ta'sirchan deputatlik nazorati ta'minlanishiga erishiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ta'kidlaganidek, vakillik hokimiyati ijro hokimiyatidan ajragan holda faoliyat ko‘rsatishi g‘oyasini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Mavzuga oid