Jahon | 22:52 / 14.09.2020
29484
9 daqiqa o‘qiladi

1,5 mlrd dollarlik kredit va kelishuvlarga sodiqlik. Lukashenko Sochida Putin bilan muzokara o‘tkazdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko saylovdan keyin ilk marta xorijiy safarini amalga oshirdi. U Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar 4 soatdan ortiq vaqt davom etdi.

Belarus davlat axborot agentligi BelTA xabariga ko‘ra, prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, ittifoqchilik munosabatlari mavzusi, xalqaro muammolar va mintaqadagi vaziyat, yuzaga kelgan chaqiriqlarga birgalikda javob qaytarish masalalarini muhokama qilishgan.

Uchrashuvdan avvalroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov hujjatlar imzolanmasligi va matbuot anjumani o‘tkazilmasligi haqida ma'lum qilgandi. U shuningdek, «savdo-iqtisodiy, energetik, madaniy-gumanitar sohalarda yirik qo‘shma loyihalar, qarzdorlik masalalari, shuningdek, YeOII va MDH doirasidagi integratsion jarayonlarni rivojlantirish masalalari odatdagi kabi ikki davlat rahbari muloqoti kun tartibida bo‘lishi» haqida gapirgandi.

Lukashenkoning o‘zi uchrashuvda ikki davlat bosh vazirlari uchrashuvidagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun «qalin nuqta» qo‘yilishini aytgandi.

Ikki prezident uchrashuvi arafasida Lukashenkoning avgustdagi saylovlardagi asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya murojaat bilan chiqdi.

«Men Vladimir Putinga eslatib qo‘ymoqchiman: Sochida nimaga kelishsangiz ham - bu qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi. Noqonuniy prezident Lukashenko tomonidan imzolangan barcha kelishuvlar yangi hukumat tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. Chunki belarus xalqi saylovlarda Lukashenkoga ishonch bildirmagan va unga ovoz bermagan. Men juda afsusdaman, siz Belarus xalqi bilan emas, diktator bilan muloqot qilishga qaror qildingiz», deya uning so‘zlarini keltirgan Tut.by.

Shunga o‘xshash bayonot Belarus muxolifati Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan ham berilgan, unda kengash «Belarus va Rossiya munosabatlarini yomonlashtirish»ni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagani alohida ta'kidlangan.

Putin va Lukashenko nimalar dedi
Muzokaralar ochilishida ikki tomon kameralar qarshisida bir qancha bayonotlar berishdi va keyin davlat rahbarlarining yopiq eshiklar ortidagi «tet-a-tet» formatidagi muzokaralari boshlandi.

EPA
  • Rossiya Belarusga «qiyin pallalarda» 1,5 milliard dollarlik kredit ajratadi;
  • Belarus rossiyaliklarning koronavirusga qarshi vaksinasini oluvchi ilk davlat bo‘ladi;
  • Lukashenko Putinga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi va «do‘st kulfatda bilinishi, bu possovet respublikalariga o‘rnak bo‘lishi» haqida gapirdi;
  • Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya — Belarusning katta og‘asi. Ammo NATO belaruslar bilan hisoblashmaydi va chegarada «qurollarini pesh qiladi», shu tufayli ularga javob qaytarish kerak.

Putin Belarus prezidentining konstitutsion islohotlar o‘tkazish bo‘yicha va'dalarini iliq baholagan.

«Biz sizning konstitutsiya ustida ishlash bo‘yicha taklifingiz haqida bilamiz. Menimcha, bu mantiqiy, o‘z vaqtida bildirilgan maqsadga muvofiq taklif», degan Rossiya prezidenti.

Shu bilan birga, u Belarus fuqarolari mamlakatdagi vaziyatni tashqi aralashuvlarsiz mustaqil hal qilishlari kerakligini ta'kidlagan.

«Biz, albatta, Belarusda nima bo‘layotganini va ushbu saylovlar bilan bog‘liq ichki siyosiy voqealarni bilamiz. Siz bizning pozitsiyamizni yaxshi bilasiz: biz belaruslarning o‘zlari, tashqi tomondan hech qanday undov va bosimlarsiz, tinch rejimda va o‘zaro muloqot asosida bu vaziyatni tartibga solishlari tarafdorimiz», degan Putin.

U shuningdek, Rossiya Belarusga 1,5 mlrd dollar miqdorida kredit taqdim etishini, ikki davlat harbiy sohada hamkorlikni davom ettirishini, Belarus Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi tayyor bo‘lgandan keyin uni qabul qiladigan birinchi mamlakat bo‘lishni va'da qilgan.

«Rossiya KXShT va Ittifoq davlati doirasidagi kelishuvlarga sodiq qoladi, biz barcha majburiyatlarimizni bajaramiz. Biz Belarusga 1,5 milliard dollar miqdorida davlat krediti ajratishiga kelishib oldik va biz buni amalga oshiramiz. Hozirda, bilishimizcha, moliya vazirlarimiz bu borada professional darajada ish olib borishmoqda. Harbiy sohadagi hamkorlikni ham davom ettiramiz. Belarus bizning koronavirusga qarshi vaksinani oladigan ilk davlat bo‘ladi», degan Putin.

Lukashenko Putinga va «barcha rossiyaliklar»ga prezidentlik saylovlaridan keyingi davrda qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildirgan. U rossiyaliklar prezidentiga Belarusdagi voqealar bo‘yicha batafsil gapirib berishni va'da qilgan.

Bundan tashqari, u yana bir bor Belarusdagi namoyishlar ortida tashqi kuchlar turganiga shama qilgan.

«Belarusdagi vaziyat haqida barchasini keyinroq batafsil aytib beraman - u yerda asl holat OAVda yozilayotganidek emas. Odamlarimiz dam olish kunlari ko‘chalarga chiqishadi, biz ular yurishi uchun Minskning bir qismini ochib qo‘yamiz. 

Siz bizni qo‘llab-quvvatlayapsiz, buning uchun shaxsan sizga va barcha ruslarga minnatdorchilik bildiraman, barchasiga, ularni sanab o‘tmayman. Bu saylovdan keyingi davrda bizni qo‘llab-quvvatlashda kim ishtirok etgan bo‘lsa barchaga.

Bu biz uchun nafaqat Belarus va Rossiya, balki possovet respublikalari uchun ham saboq. Biz bu haqda YeOII yig‘ilishida, avvalo, KXShTda gaplashamiz va MDH doirasida gaplashadigan gaplar bor.

Agar kimdir Belarus chegaralaridan tashqarida turib qo‘llarini qashimoqchi bo‘lsa, biz ham istalgan vaqtda shunday qilishimiz mumkin. Ittifoq davlati chegarasida hech kimga qurolini pesh qilishga yo‘l qo‘ymaymiz. NATO biz bilan hisoblashmaydi, istagan vaqti harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Shuning uchun biz ham shunday qilamiz. Ulug‘ vatan urushidagi xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Rossiya — katta og‘amiz. Bizning davlat va bizning xalqlarimiz hamisha do‘stona bo‘lib qoladi. Men juda mamnunman, sizdan minnatdorman, siz Belarus chegaralari - Ittifoq davlati chegaralari ekanini namoyish etdingiz», degan Lukashenko.

«Lukashenko — qonuniy prezident»
Muzokaralar yakunida Dmitriy Peskov chiqish qilib, Rossiya Belarusdagi saylov natijalarini tan olishi va Aleksandr Lukashenkoni mamlakatning qonuniy prezidenti sifatida bilishini ma'lum qildi.

«Aleksandr Grigorevich Belarus Respublikasining legitim prezidenti hisoblanadi. U davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda prezident Putinga yuzma-yuz keladigan prezidentdir. Saylov natijalaridan norozi bo‘lganlar ham birodar Belarus xalqi fuqarolari hisoblanadi, biz ularning barchasini birdek qadrlaymiz. Ammo biz Belarusdagi o‘zgarishlar konstitutsion jarayonlarga zid shaklda emas, huquqiy maydonda ro‘y berishini istaymiz», degan Peskov.

Peskov shuningdek Rossiya hamisha «Belarus iqtisodiyotini qo‘llash uchun yordam ko‘rsatib kelgani va bundan keyin ham yordam berishda davom etishi»ni qayd etib o‘tgan. Matbuot kotibi Moskva 1,5 milliard dollar miqdoridagi kreditni Lukashenko uchun emas, Belarus uchun taqdim etayotganini qo‘shimcha qilgan.

Belarusdagi namoyishlar
9 avgust kuni Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkazilib, unda Aleksandr Lukashenko yana bir marta g‘alaba qozonib, qatorasiga oltinchi marta mamlakat prezidentligiga saylandi. Markaziy saylov komissiyasi u 80 foiz atrofida ovoz olgani haqida malum qildi.

Rasmiy natijalar e'lon qilinishi bilanoq mamlakatda ommaviy namoyishlar to‘lqini boshlandi. Namoyishchilar saylov natijalari soxtalashtirilganini aytib, qayta saylov o‘tkazilishini talab qilishdi.

Belarus muxolifatchilarining katta qismi saylovda Svetlana Tixanovskaya g‘alaba qozonganini aytishmoqda, yana bir qismi esa ovoz berishning haqiqiy natijalarini aniqlab bo‘lmasligi tufayli mamlakatda yangi saylovlar o‘tkazilishi kerakligini aytishgan.

Svetlana Tixanovskaya turmush o‘rtog‘i, mashhur bloger, saylovoldi kampaniyasi boshlagan Sergey Tixanovskiy qamoqqa olingach prezidentlikka nomzod bo‘lgandi.

O‘tgan yakshanba kuni Belarus IIV ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda navbatdagi namoyishlar vaqtida 774 kishi qo‘lga olingan.

Moskva hamon Lukashenkoni qonuniy prezident sifatida hisoblaydi. O‘tgan haftada Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov hamisha saylovlardan keyin norozilar topilishi, Belarusdagi norozilik aksiyalari barcha belaruslar ham Lukashenkoga qarshi chiqayotganini anglatmasligini aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid