O‘zbekiston | 02:17 / 15.09.2020
85751
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi

Qonunchilik palatasi tomonidan shu yil 18 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 28 fevralda ma'qullangan va Prezident tomonidan 13 mart kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi.

Foto: KUN.UZ

Prezident 13 mart kuni «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunni imzolagandi. Mazkur qonunning 58-moddasiga ko‘ra, u rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. Qonun qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida 2020 yil 14 mart kuni e'lon qilingan.

Qonunning avvalgi tahriridan jiddiy farq qiluvchi jihatlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansublik masalasidir. Unga ko‘ra:

– 1992 yil 28 iyul holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi bo‘lmagan va O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxs;

– O‘zbekiston hududida yashagan va 1992 yil 28 iyulga qadar o‘qish uchun O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgan hamda uzluksiz ravishda ta'lim olgan yoxud harbiy xizmatni o‘tagan va o‘qish yoki harbiy xizmat tugaganidan keyin bir yil ichida O‘zbekistonga qaytib kelgan hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy propiskadan o‘tgan shaxs, basharti uning chet davlat fuqaroligi mavjud bo‘lmasa O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.

Shuningdek, qonunda fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olishga doir qoidalar belgilangan.

Jumladan, 6-moddaga ko‘ra, 1995 yil 1 yanvarga kadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirguniga kadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Bundan tashqari, ota-onasi (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari deb tan olingan bola ham yuqoridagi asoslarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Shuningdek, qonunga yangi vatandosh tushunchasi kiritilib, unga ko‘ra O‘zbekiston hududida tug‘ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lmagan, O‘zbekiston hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan keyingi qarindoshlari, basharti, agar ularning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan oldingi qarindoshlari O‘zbekiston hududida yashayotgan bo‘lsa, ular vatandosh deb yuritilishi belgilandi.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, vatandoshga nisbatan tirikchilikning qonuniy manbayiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa yoki davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa, O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi.

Qonunning ayrim moddalari (6, 45 va 55-moddalari) shu yilning 1 aprelidan kuchga kirgan.

Mavzuga oid