Dunyodagi vaziyat: Hindistonda bemorlar soni 5 milliondan oshgan, Fransiya o‘nlab maktablarni yopmoqda, JSST falokatdan ogohlantirmoqda
Donald Tramp vaksina 3-4 haftada tayyor bo‘lishini va'da qildi. Quyida Hindistonda vaziyat jiddiyligi, Fransiyada o‘nlab maktablar yopilishi, Covid-19 o‘lik bolalar tug‘ilishi ko‘payishiga qanday sabab bo‘lgani va boshqalar haqida.
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni tez sur'atlarda 30 millionga yaqinlashmoqda (hozir vaqtda deyarli 29,6 million), 935,8 ming kishi vafot etgan.
Hindistondagi vaziyat jiddiyligicha qolmoqda, chorshanba kuni mamlakatda virus yuqtirganlar soni besh milliondan oshdi. Bu dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi o‘rin. 82 mingdan ortiq odam vafot etdi (o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha AQSh va Braziliyadan keyingi uchinchi o‘rin). Deyarli ikki hafta davomida har kuni o‘rtacha 100 ming odamda virus aniqlandi.
Hindistondagi statistika o‘sishi cheklovlar yumshatilayotgan bir paytda yuz berdi. Mamlakat rasmiylari buni iqtisodiyotni tiklash uchun zarur deb hisoblamoqda. Hozircha faqatgina maktablar, kollejlar va kinoteatrlar yopiq.
JSST maxsus vakili Devid Nabarro global vaziyatni og‘ir deb atadi va bu pandemiyaning atigi boshlanishi ekanligidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfli tomoni shundaki, sayyoramizning aholi eng zich joylashgan hududlarida virus tarqalishi tezlashdi. Masalan, Hindistondagi besh million bemordan bir millioni virusni so‘nggi 11 kun ichida yuqtirib olgan.
Yevropada ahvol qanday?
JSSTning favqulodda vaziyatlar departamenti rahbari Maykl Rayanning ma'lum qilishicha, Yevropa rahbarlari vaziyat yaxshilanishiga umid qilib yashashni to‘xtatishlari va yaqinlashib kelayotgan qish paytida zaif ijtimoiy guruhlarni asoratlardan himoya qiluvchi qat'iy qarorlar qabul qilishlari kerak.
Daniya epidemiologik vaziyat yomonlashgani sababli bir qator cheklovlarni qayta kiritdi. Xususan, bar va restoranlarning ish vaqti qisqartirildi.
Fransiyada o‘quv yilining boshidan buyon 28ta ta'lim muassasasidagi bolalar o‘rtasida Covid-19 kasalligi qayd etilgani sababli 81ta maktab yopildi. Ikki mingdan ortiq sinfdan tashqari va individual darslar - fakultativ dars va to‘garaklar bekor qilindi.
«Bizda talabalar orasida 1200ga yaqin yangi bemorlar aniqlandi, bu o‘tgan haftadagiga qaraganda ko‘proq», dedi Fransiya ta'lim vaziri Jan-Mishel Blanke.
Umuman olganda, mamlakatda avgust oyidan boshlab infeksiya statistikasi keskin o‘sdi. O‘tgan yakshanbada kunlik yangi kasallanish holatlari soni 10 mingdan oshdi. Bordo va Marsel ma'murlari karantin choralarini kuchaytirishga qaror qilishdi.
Virus yuqtirgan odamlar soni bo‘yicha Fransiya Yevropada ikkinchi, dunyoda 12-o‘rinni egallaydi - 433,9 ming kasallanish holati va 31 ming kishi vafot etdi (Yevropada ikkinchi, dunyoda yettinchi).
Chexiyada yangi kunlik antirekord - so‘nggi 24 soat ichida 1677ta yangi holat ro‘yxatga olingan. Kasalxonaga yotqizilganlar va intensiv terapiyaga muhtoj bemorlar soni ham keskin o‘sib bormoqda. Mamlakat rasmiylarining alohida ta'kidlashicha, o‘lim statistikasi ham oshgan. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, Chexiyadagi umumiy vaziyat mart-aprel oylari ko‘rsatkichlariga yaqinlashmoqda.
O‘tgan hafta mamlakatda bir qator qat'iy cheklov choralari joriy etildi, ammo chexiyalik shifokorlar ushbu qadamning samarasi 2-3 haftadan keyingina sezilishi va u vaqtgacha vaziyat yanada yomonlashishidan ogohlantirmoqda. Ayni paytda mamlakatda ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni deyarli 38,9 ming kishini tashkil etadi, 476 kishi qurbon bo‘lgan.
YeIning 27 mamlakati elchilari ittifoq mamlakatlari tashqi chegaralarini ochishiga ruxsat berilgan 10ta xorijiy davlatlar ro‘yxatini o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qilishdi, bu ro‘yxatga AQSh va Rossiya kiritilmagan, dedi Yevropaning Bryusseldagi diplomatik manbasi.
Dunyodagi vaziyat
Infeksiya yuqtirish holatlari sonining keskin o‘sishi Lotin Amerikasida kuzatilmoqda, mintaqaning faqatgina ayrim mamlakatlaridagi vaziyat so‘nggi vaqtlarda biroz barqarorlashgan.
Tasdiqlangan holatlar soni bo‘yicha qit'aning beshta mamlakati dunyoning birinchi o‘ntaligiga kiradi: Braziliya (4,3 million), Peru (738 ming), Kolumbiya (728,5 ming), Meksika (676,4 ming), Argentina (577,3 ming).
Myanma hukumati mamlakat poytaxti Yangon shahri chegaralarida vaqtincha kasalxona qurishni boshladi. Bu mamlakatda va ayniqsa poytaxtda kasallanishning keskin o‘sishi fonida amalga oshirilmoqda. Kasalxonada 500 nafar bemor davolanishi mumkin. O‘tgan hafta rasmiylar Yangonni yopib, aholiga shaharni tark etishni taqiqlashdi. Mamlakatdagi barcha ichki aviareyslar to‘xtatilgan.
Avstraliya qator hududlarda, xususan, Viktoriya shtati va uning markazi - Melburnda cheklovlarning asosiy qismini olib tashlashga tayyorlanmoqda. Melburn mamlakatda epidemiya episentri hisoblangan. Biroq so‘nggi 14 kun ichida u yerda kunlik yangi holatlar soni 50dan oshmadi. Avstraliya ma'muriyati vakillarining fikriga ko‘ra, bu karantinni yumshatish uchun eng yaxshi ko‘rsatkichdir.
Qurilish maydonlari, fabrikalar, ustaxonalar va bolalar muassasalari o‘z ishiga qaytadi. Kafe va restoranlar mehmonlarni yana qabul qilishlari mumkin, ammo faqat ochiq terrasalarda va tashrif buyuruvchilar soni bir vaqtning o‘zida 50 kishidan oshmasligi kerak.
Vaksinalar poygasi
AQSh prezidenti Donald Tramp yil boshida pandemiya ko‘lami va xavfini ataylab past baholaganini rad etyapti. Yaqinda taniqli amerikalik jurnalist Bob Vudvord vaziyat aynan shunday bo‘lganini e'lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni Trampning o‘zi unga bergan intervyusida tan olgan. Prezident Covid-19 bilan bog‘liq vaziyatni har doim jiddiylik bilan qabul qilganini ta'kidlamoqda.
Seshanba kuni Filadelfiyadagi saylovchilar bilan uchrashuvda Tramp shuningdek, koronavirusga qarshi vaksina, skeptiklarning bashoratiga zid ravishda, 3-4 hafta ichida tayyor bo‘lishini aytdi. Ammo, amerikalik olimlarning ta'kidlashicha, vaksinalarning hech biri hali klinik sinovdan o‘tkazilmagan. Ular prezident ma'muriyatining shoshilishidan aholi sog‘lig‘iga g‘amxo‘rlik emas, balki siyosiy mulohazalar, xususan, yaqinlashib kelayotgan saylovlar turtki bo‘layotganidan xavotirda.
Xitoy hukumati mulozimi mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, uning mamlakati vaksina ishlab chiqarishda ham katta yutuqlarga erishdi va birinchi namunalar noyabr oyi boshlarida tayyor bo‘lishi mumkin.
Homilador ayollar orasida qayg‘uli statistika
Bir qator xalqaro olimlar guruhlarining so‘nggi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, pandemiya paytida muvaffaqiyatsiz homiladorlik darajasi keskin oshdi. Xususan, o‘lik tug‘ilgan bolalar statistikasi ko‘paygan. Olimlar buni tibbiyot muassasalaridagi turli cheklovlar va joriy yilning bahoridan buyon rejalashtirilgan tekshiruvlarning ommaviy ravishda bekor qilinishi tufayli ko‘pgina mamlakatlarda homilador ayollar tegishli nazoratdan o‘tmayotgani bilan izohlashadi.
Homiladorlikning asoratlari o‘z vaqtida aniqlanmayapti, bu esa qayg‘uli oqibatlarga olib kelyapti. Ko‘pincha, tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, homilador ayolning poliklinikaga yoki kasalxonaga borishdan bosh tortishi uning Covid-19'dan himoyalanish istagi bilan bog‘liq, ammo bu yanada jiddiy muammolarga olib keladi.
Avgust oyi boshida nufuzli The Lancet Global Health ilmiy nashri Nepal misolida mavzuga doir tadqiqotni nashr etgandi. Unda mamlakatdagi to‘qqizta turli kasalxonada ko‘zi yorigan 20 mingdan ziyod ayol ishtirok etgan. Natijalar ko‘rsatishicha, o‘lik tug‘ilish statistikasi atigi ikki oy ichida 50 foizga oshgan - mart oyida 1000 bolaga 14ta holat, may oyida esa 1000 bolaga 21ta holat. Eng keskin o‘sish lokdaunning odamlarga faqat oziq-ovqat sotib olish yoki hayot uchun zarur yordam olish uchun uydan chiqishga ruxsat berilgan dastlabki to‘rt haftasida kuzatilgan.
So‘nggi tadqiqotlar davomida olimlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida vaziyat taxminan bir xil degan xulosaga kelishdi.
Mavzuga oid
23:25 / 23.12.2024
Bangladesh Hindistondan sobiq bosh vazir Shayx Hasinani ekstraditsiya qilishga yordam berishni so‘ramoqda
11:42 / 18.12.2024
O‘zbekiston va Hindiston zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkonini o‘rganmoqda
20:02 / 17.12.2024
Hindiston havoning ifloslanishi bilan bog‘liq cheklovlarni kuchaytirdi
21:54 / 12.12.2024