O‘zbekiston | 14:57 / 16.09.2020
27357
8 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahriga viloyatdan yangi yer maydonlari qo‘shib olinishi mumkin. Deputatlar bunga qarshi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qizilgul Qosimova hamda Maqsuda Varisova Toshkent shahriga Toshkent tumanidan anklav sifatida berilishi mumkin bo‘lgan yer maydoni masalasida munosabat bildirdi. Ular Kun.uz bilan suhbatda bir guruh deputatlar ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlamasliklarini aytib o‘tishdi.

— Toshkent tumanidan anklav sifatida Toshkent shahri ma'muriy boshqaruviga berilishi mumkin bo‘lgan yer masalasida suhbatni boshlasak. Balki jamoatchilikka bu narsa hali noma'lumdir, balki bu haqda hali eshitmagan odamlar bordir. Aslida, nimalar joriy etilmoqda va bu tartib kuchga kirganmi?

— Bu tartib hali kuchga kirgani yo‘q, hozirda bu faqatgina taklif. Prezidentimiz mamlakatimizda urbanizatsiya siyosatini faollashtirishni taklif qildi. Urbanizatsiya o‘zi nima? Urbanizatsiya — mening tushunishimcha, qishloq sharoitiga shahardagi imkoniyatlarni olib kirish, shaharlashuv jarayoni. Qishloq aholisiga ham shaharda bor bo‘lgan maishiy-qulayliklar tizimi, toza ichimlik suvi, savdo, va boshqa imkoniyatlarni taqdim etishdir.

Maqsuda Varisova

Mana shu urbanizatsiya yuzasidan qishloqlarimizni shaharga yaqinlashtirish degan siyosat yo‘lga qo‘yildi va mana shu siyosat yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, respublikadagi 6ta shaharga yo‘ldosh shaharchalar tashkil qilinishi belgilangan. Yo‘ldosh shaharcha siyosati deganda, shaharni tashkil qiluvchi katta korxonalar, uning atrofida aholi turar joylari, sog‘liqni saqlash, ta'lim, savdo, maishiy-korxonalar, yo‘l infratuzilmasi tashkil topishini tushunish lozim va bu yerda shahar hayoti boshlanadi. Masalan Olmaliq, Chirchiq kabi shaharlar tarixda xuddi shunday yo‘l bilan tashkil etilgan. Shuning uchun ham respublikamizda 6ta shaharga yo‘ldosh shaharchalar tashkil etish reja qilindi.

— Bular qaysi shaharlar?

— Andijon shahri uchun Shahrixon va Asaka, Namangan shahri uchun To‘raqo‘rg‘on va Chortoq, Farg‘ona shahri uchun Mingdon, Samarqand uchun Chelak va Urgut shaharlari, Buxoro shahri uchun Galaosiyo, Qarshi shahri uchun Koson shahri va Xonobod shaharchasi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri hokimligi o‘z boshqaruviga yangi yerlarni olish taklifi bilan chiqdi. Biz deputatlar Qonunchilik palatasida Yangihayot tumani tashkil qilish to‘g‘risida yangi qarorni tasdiqlab berdik. Buning uchun Toshkent viloyati, xususan, Zangiotadan 200 gektardan ortiq, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiqdan ming gektardan ortiq yer berildi.

Ma'lumki, Qibray, Toshkent va Zangiota tumanlari Toshkent shahrini ta'minlovchi tumanlar hisoblanadi. Bu tumanlar Toshkentda istiqomat qilayotgan uch milliondan ortiq aholini oziq-ovqat bilan ta'minlaydi. Eng katta boyligimiz bu sug‘oriladigan yer hisoblanadi. Agar biz unumdor yerlarimizga uylar qursak, yoki boshqa tashkilotlarga, binolarga berib qo‘ysak menimcha to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Qizilgul Qosimova

—  Toshkent tumanidan anklav hudud sifatida Toshkent shahar ma'muriyati uchun yangi yer ajratilishi nazarda tutilmoqdami?

— Ha, bu joylar Toshkent tumanining eng serhosil joylari va unda 210 gektar yer Toshkent shahriga ajratib berilmoqda. Bu joyda hozir 60ga yaqin tadbirkorlar, fermerlar bor. Bu joy Olmazor tumaniga yo‘ldosh shaharcha qilib berilib, turar-joylar ko‘ngilochar maskanlar qurilishi reja qilib ko‘rsatilgan.

Toshkent tumani yoki Toshkent viloyati ham bu hududga investitsiya kiritish qobiliyatiga ega. Lekin hokimiyatga bunday vakolat berilmagan. Investorlar kelishadi, lekin amaldagi tartibga ko‘ra qishloq tumanlarining hokimlari ekin yerlarining bir qarichini ham investorga qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsad uchun berishga haqli emas va bu taqiqlangan. Agar hudud shahar tasarrufiga o‘tsa, bu yer endi unumdor emas, shahar hududiga aylanadi va shahar hokimiyatida yuqoridagi vakolat mavjud. Biz infratuzilma rivojlanishiga qarshi emasmiz. Lekin unumdor yerni saqlab qolishimiz kerak.

— Toshkent shahrini vodiy va voha viloyatlari orqali qishloq-xo‘jalik mahsulotlari bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu yetarli emasmi?

—  Yo‘q, bu yetarli bo‘lmaydi. Toshkentni faqat vodiy boqadi degan tushuncha noto‘g‘ri. Toshkent tumani, Zangiota va Yangiyo‘l tumanlari sabzavotchilik va bog‘dorchilikka mo‘ljallangan, shu sohalarga ko‘proq ixtisoslashgan. Toshkentdagi bozorlarga borsangiz Zangiota kartoshkasi, Toshkent tumani sabzisi va hokazo deb aytib turishadi.

Nahotki shuncha bog‘larni payhon qilamiz?! Bu yerda chorvachilik uchun ajratilgan yer ham bor va u fermadan bir kunda 4 tonna sut olinadi. Bu sut qayerga ketadi? Shu aholimizga beriladi. Bu aholi iste'mol qiladigan mahsulotlar. Bundan tashqari, Toshkent tumanining o‘zida ham demografiya o‘sib bormoqda va hozirda aholi soni 200 mingdan ortiq. Uch-to‘rt yilda aholi soni 300 mingga yetadi va ularni ham uy-joy bilan ta'minlash kerak.

Yuqorida ta'kidlaganimdek, tuman hokimiyatida yerlarni qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlar uchun ajratib berish vakolati yo‘q. Lekin ikki-uch yil oldin Katta halqa yo‘li yonlaridagi yerlar Toshkent shahriga o‘tkazildi. So‘ng ular bu yerlarni xususiy uylar uchun berib yuborishdi va bu aholi orasida norozilik keltirib chiqardi. Ular nega o‘zimizning yerlar bizga berilmaydiyu, shahardagilarga berilmoqda, deb hokimiyatga arizalar bilan murojaat qilishdi.

— Nega bu yerlar viloyat yoki tuman tarkibida qoldirilgan holda ularning infratuzilmasi yaxshilanmayapti?

—  Biz ham xuddi shu savolni berdik. Misol uchun, Toshkent tumanining Qozog‘istonga chegaradosh To‘labey hududida Toshkent shahar boshqaruvidagi sanoat zonasi tashkil etiladi. Agar shu imkoniyat Toshkent viloyatiga berilganida, biz allaqachon u yerda sanoat zonasini tashkil qilgan bo‘lar edik.

—  Nega aynan shu hududlar ajratib berilmoqda?

—  Chunki bu hududlar juda qulay, ya'ni oqar suv, yer va boshqa infrastrukturalarga ega va bu istalgan investorning diqqatini jalb qiladi. Lekin bizga vakolat berilganida biz Toshkent viloyati va tumanidan yetarlicha investorlarni jalb qilgan bo‘lar edik.

—  Balki bu o‘sha hududlardagi ishsizlikni kamaytirish uchun mo‘ljallanayotgandir?

—  Bo‘lishi mumkin, lekin bu muammo sanoat zonasini tashkil qilish huquqi viloyatga berilishi orqali ham o‘z yechimini topishi mumkin. Qolaversa, Toshkent tumaniga ham bog‘chalar, maktablar zarur va buning uchun mablag‘ kerak. Mablag‘ esa mana shu yerlardan keladi.

—  Shu o‘rinda aniqlashtirish uchun yana bir savol: balki bu hududdagi aholining o‘zi Toshkent shahri ma'muriyatiga o‘tishni istashayotgandir?

—  Bu hududlar aholi istiqomat qiladigan emas, asosan qishloq xo‘jaligi hududlari. Ya'ni fermer va tadbirkorlarning yerlari va ushbu korxona hamda tashkilotlardan tuman budjetiga tushum tushib turibdi.

Qolaversa, qishloqlarda ham shahar sharoitini yaratish mumkin va buning uchun qishloq hududini shahar hududiga qo‘shib berish shart emas. Buni aholi daromadini orttirgan holda ham amalga oshirish mumkin. Hali bu taklif qabul qilingani yo‘q va o‘z kuchiga ega emas. Yuqoridagi fikrlar deputatlarning bu taklifga bo‘lgan munosabati va maqsadimiz O‘zbekistondagi barcha aholi ayniqsa yoshlar uchun teng sharoitlar va imkoniyatlar yaratish.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Nuriddin Nursaidov. 

Mavzuga oid