O‘zbekiston | 21:26 / 17.09.2020
48786
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijdan O‘zbekistonga kirishning yangi tartibi e'lon qilindi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan «yashil», «sariq» va «qizil» mamlakatlar ro‘yxati yangilandi va xorijdan O‘zbekiston hududiga kirib kelishning yangi tartibi belgilandi.

Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan avtoyo‘l o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekistonga kirayotgan shaxslar sanitariya qoidalariga va normalariga qat'iy rioya etgan hamda koronavirus infeksiyasiga PZR yoki ekspress-test yoki antigen tekshiruvidan o‘tgan holda 14 kunga mehmonxona yoki uy karantiniga yuboriladi.

Xorijiy davlatlardan (avia, temir yo‘l va avtotransport vositasi orqali) keluvchi shaxslarni O‘zbekiston Respublikasida qabul qilishning quyidagi tartibi tatbiq etiladi:

  1. so‘nggi 14 kun davomida «yashil» davlatda (Xitoy, Tailand, Malayziya, Janubiy Koreya, Gruziya, Vengriya, Finlyandiya, Latviya, Avstriya va Yaponiya) bo‘lib turgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladi;
  2. «sariq» (Ozarboyjon, Belarus, BAA va Yevropa Ittifoqi davlatlari (Buyuk Britaniya va Ispaniya bundan mustasno) hamda «qizil» davlatlardan (qolgan barcha davlatlar) kirib kelayotgan shaxslar – so‘nggi 72 soat davomidagi koronavirus infeksiyasiga PZR test tekshiruvining manfiy natijalari to‘g‘risida ma'lumotnoma taqdim etgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi.

Bunda:

  • shaxs so‘nggi 72 soat ichida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tmagan bo‘lsa yoxud shaxsda koronavirus infeksiyasi alomatlari (yo‘tal, isitma va boshqalar) mavjud bo‘lsa, O‘zbekistonga kelganidan so‘ng o‘tkazish punkti (aeroport, vokzal yoki boshqa) hududida o‘z hisobidan koronavirus infeksiyasiga PZR yoki ekspress-test yoki antigen tekshiruvidan o‘tish uchun namuna topshiradi hamda O‘zbekiston hududiga kiritilib, 14 kunga mehmonxonaga yoki uy karantiniga yuboriladi;
  • O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan shaxslardan 14 kun davomida mehmonxonada yoki uy karantinida bo‘lish majburiyatini zimmasiga olish to‘g‘risida «tilxat» olinadi;
  • PZR, ekspress-test yoki antigen tekshiruvi natijalari musbat (ijobiy) bo‘lgan taqdirda, shaxs belgilangan tartibda karantin markazi yoki xohishiga ko‘ra mehmonxonaga karantinga joylashtiriladi.

«Mas'ul idoralarga xorijiy mamlakatlar mutasaddi idoralari bilan muzokaralar o‘tkazgan holda barcha turdagi xalqaro qatnovlar (avia, temir yo‘l, avtobus qatnovlari) sonini ko‘paytirish bo‘yicha alohida topshiriq berildi.

Shu bilan birga, karantin cheklovlari yumshatilishi munosabati bilan ayrim fuqarolar tomonidan mavjud karantin cheklovlari hamda sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etilmayotgani, shu jumladan, jamoat joylarida, jamoat transportida ijtimoiy masofa saqlanmayotgani, tibbiy niqob taqmagan holda harakatlanayotgani, to‘y va boshqa oilaviy marosimlarni o‘tkazish talabi va tartibi buzilayotgani hamda buning oqibatida aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishi holatlari keskin ko‘payayotganini inobatga olib, mas'ul vazirlik va idoralarga profilaktik va nazorat tadbirlari (reydlar)ni amalga oshirish topshirildi», deyiladi Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda.

Mavzuga oid