Jahon | 15:21 / 21.09.2020
7639
2 daqiqa o‘qiladi

Toj Mahal tarixdagi eng uzoq yopilishdan so‘ng turistlar uchun ochildi

Toj Mahal 6 oylik karantin cheklovlaridan so‘ng 21 sentyabrdan yana ochildi. Bu tarixiy obektga endi kuniga 5 ming turist tashrif buyurishi mumkin.

Foto: Getty Images

Toj Mahal dunyodagi eng mashhur turistik obektlardan biri hisoblanadi. U Hindiston qat'iy karantinga kirgan mart oyida yopilgan edi. Pandemiyadan oldin bu yerga kuniga 70 ming turist tashrif buyurgan.

BBC nashrining yozishicha, ayni paytda Hindistonda koronavirus tarqalish ko‘rsatkichi yuqori ekani bois Toj Mahalga keluvchilar karantin qoidalariga rioya qilishlari talab etiladi.

Toj Mahal oxirgi marta 1978 yilda Agrada suv toshqinlari kuzatilganda qisqa muddatga yopilgan edi. Undan oldinroq 1971 yili Hindiston-Pokiston urushi yuz berganida bir necha kungagina faoliyat yuritmagan xolos. Karantin cheklovlari tufayli olti oy mobaynida yopiq turishi Toj Mahal tarixidagi eng uzoq muddat bo‘ldi.

“Selfi”ga ruxsat bor, guruh bo‘lib rasmga tushishga esa yo‘q

Toj Mahalning kirish qismi ertalab sakkizda ochilishdan oldin dezinfeksiyalanadi. Xodimlarning barchasi yuzni himoyalovchi vositalar bilan himoyalangan. Toj Mahalga keluvchilar esa tana harorati o‘lchangach ichkariga kiritiladi. Ulardan chipta to‘lovlarini imkon qadar onlayn amalga oshirish so‘ralmoqda.

Tarixiy yodgorlikda ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga rioya qilish aytilmoqda. “Selfi”ga tushishga ruxsat berilgan, lekin guruh bo‘lib rasmga tushish taqiqlangan.

Bino atrofi bog‘lar bilan o‘ralgan. Bu hudud sayr qilish va rasmga tushish uchun juda qulay. Biroq binoning o‘zi yopiq va unda havo ventilyatsiyasi deyarli ishlamaydi. Bu esa koronavirus tarqalishiga sharoit yaratib berishi mumkin. Turistlar bir chiziqda navbat bilan ichkariga kiritilsa ham, uzun navbatlar hosil bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Hindiston koronavirus holatlari qayd etilishi bo‘yicha dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi. Mamlakatda shu paytga qadar 5,5 millionga yaqin holat qayd etilgan.

Mavzuga oid