«O‘zaviatsiya» BAA aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi
Aviakompaniya O‘zbekistonga parvozlarni Airbus-320-214 havo kemalarida amalga oshirishini ma'lum qildi.
BAAning Air Arabia Abu-Dabi LLC aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Bu haqda Fuqaro aviatsiyasi agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari hukumati o‘rtasida imzolangan Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim asosida «O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan Air Arabia Abu-Dabi LLC kompaniyasiga Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo‘nalishlarida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun 2020 yil 9 sentyabrda 3-K sonli Foydalanish ruxsatnomasi berildi.
Aviakompaniya mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonga parvozlarni Airbus-320-214 havo kemalarida amalga oshirishini ma'lum qildi, deyiladi xabarda.
Air Arabia Sharja va Iskandariya aeroportlaridan, shuningdek Marokashdagi to‘rtta aeroportdan Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va MDHga yo‘lovchilar tashish bilan shug‘ullanuvchi, bosh qarorgohi Sharjada joylashgan aviakompaniyadir.
Aviakompaniya Yaqin Sharqdagi dunyoning 89ta shahriga parvozlarni amalga oshiruvchi birinchi hamyonbop aviakompaniya hisoblanadi. Air Arabia’ning ko‘plab past budjetli aviatashuvchilardan farqi shundaki, u Sharja shahridagi bazaviy aeroportda to‘xtab o‘tish bilan yo‘nalishlar o‘rtasida parvozlarni taklif etadi. Shuningdek, aviakompaniya bepul bagaj tashish xizmatini ham taqdim etadi. Aviakompaniya o‘z tarkibiga kiruvchi korxonalarga ega - Misrning Iskandariya shahrida joylashgan Air Arabia Egypt va Kasablankadagi Air Arabia Maroc.