O‘zbekiston | 22:46 / 23.09.2020
20460
10 daqiqa o‘qiladi

Mintaqaviy hamkorlik, iqlim o‘zgarishlari, kambag‘allikka qarshi kurash va Afg‘oniston. Prezidentning BMTdagi chiqishidan asosiy mavzular

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlab, kambag‘allikka qarshi kurash, ekologiya, inson huquqlari, mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik va boshqa sohalarda takliflar berdi. 

O‘zbekiston rahbari BMTda ilk bor o‘zbek tilida so‘zladi.

Quyida prezidentning chiqishidagi asosiy qismlar keltirib o‘tiladi.

Koronavirus pandemiyasi haqida

Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi.
Shu yo‘lda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa'y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas'uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda  rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik.
Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini,  salomatligi va farovonligini ta'minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.
Bu borada biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.

Islohotlar

Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O‘zbekiston  shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.
O‘tgan yili Parlamentga o‘tkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta'siri oshganini namoyish etdi.
Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi.
Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy  va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban shu yilning o‘zida 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir.

Yoshlar siyosati

Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta'minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. 
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat'iy qarorimizni ochiq e'lon qildik.Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishmoqdamiz.
Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlarining jahonga chiqishi

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutug‘imiz bo‘ldi. 
Oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi salkam besh barobarga o‘sdi.
Mamlakatlarimiz ushbu sinovli kunlarda bir-birini yolg‘iz qoldirmasdan, o‘zaro yelkadosh bo‘ldilar.
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta'minlashdir. 
Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etamiz.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdorimiz.
Ma'lumki, mintaqamizning ko‘hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. Biz 2021 yilda  YuNeSKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyormiz.

Afg‘on xalqiga tinchlik va bunyodkorlik

Biz Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz. 2018 yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat sa'y-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich bo‘ldi.
Biz joriy yilning sentabr oyida Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu muzokaralar jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatishiga umid qilamiz.
Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afg‘onistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon – Puli Xumri» elektr uzatish tarmog‘ini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik.
Fikrimizcha, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy e'tibor markazida bo‘lib qolishi zarur.
Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afg‘on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada «Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari» degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir.
Shu boisdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozim. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifasi Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarur.

Global iqlim o‘zgarishi va Orolbo‘yi muammosi

Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri – global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta'sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham  katta xavf tug‘dirmoqda.
E'tiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qiladi.
Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Qashshoqlikka qarshi kurash

Jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zo‘ravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambag‘allikning global muammolarini kuchaytirmoqda.
Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur.
Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazishni taklif etamiz.

 

Mavzuga oid