O‘zbekiston | 11:22 / 23.09.2020
20624
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi

Institut qo‘shni davlatlarning tashqi siyosat konsepsiya va maqsadlarini tahliliy yondashuvlar asosida puxta o‘rganadi.

O‘zbekiston prezidenti 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasi oliy minbaridan turib, qator muhim tashabbuslarni, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilk Maslahat uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha taklifni ilgari surgan edi. Ushbu muloqot formatining ikkinchi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkazildi hamda mintaqada o‘zaro manfaatli hamkorlikni, hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash yo‘lida tarixiy voqea bo‘ldi.  

Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, maslahat uchrashuvining ikkinchi sammitida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish, ekspert-tahlil doira vakillari,  amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishda ular ishtirokini ta'minlash maqsadida o‘tgan oyda prezidentning alohida qarori bilan Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi. 

Institutning asosiy vazifalari sirasiga eng avvalo, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga qaratilgan strategiya va dasturlarning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish, ularni ilmiy asoslangan holda chuqur tahlil qilish va tadqiq etish kiradi. 

Institut mintaqa davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan izlanishlarni, Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan bog‘liq turli boshqa tahdid va muammolarni samarali hal etishga qaratilgan tizimli tadqiqot ishlarini olib boradi. 

Qo‘shni davlatlarning tashqi siyosat konsepsiya va maqsadlarini tahliliy yondashuvlar asosida puxta o‘rganadi, mintaqaviy ahamiyatga ega turli loyihalarni batafsil tahlil qiladi va bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy xalqaro ilmiy anjuman va tadbirlarda bu mavzularni muhokama qiladi.

Mavzuga oid