Jamiyat | 08:59 / 26.09.2020
20579
2 daqiqa o‘qiladi

12 yoshli Javohirning orzulari ushalmoqda 

Kun.uz’da e'lon qilingan aksiya sabab, mol-qo‘ylari, velosipedi va uy-joyi bo‘lishini orzu qilgan 12 yoshli Javohirning orzulari amalga oshdi. 

Joriy yilning 26 avgust kuni Kun.uz saytida Javohir ismli bolaning so‘rovi bilan uning opasi Sevinch Saydullayevaning tibbiy muolajalarini o‘tkazish uchun xayriya aksiyasi o‘tkazilgan edi.

“Yoshim 12da. Karantin davrida juda qiynaldik. O‘zim kunlik ishga chiqaman. Odamlar nima ish bersa, qilib ketaveraman. Hozir ish ham kam. Menga opam bilan onam sog‘-omon bo‘lsa bo‘ldi. Topgan pulimni opamning dorisiga va uyga ishlataman. Endi ishlab, kiyim olishim kerak.

Qaniydi, qo‘y-mollarim bo‘lganida, opamni davolatib, o‘zimizga shu uyni sotib olardim” degan edi 12 yoshli Javohir.

Xayriya aksiyasi o‘tkazilgan qariyb bir oylik davr ichida Javohirning orzulari deyarli ushaldi. Bugungacha saxovatli insonlar tomonidan ushbu oilaga 4 bosh qo‘y, velosiped, muzlatkich, elektropech, televizor va boshqa anjomlar, Javohir uchun ust-bosh hamda oila ro‘zg‘ori uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Shuningdek, xayriya aksiyasi doirasida bemor Saydullayeva Sevinchning (Javohirning opasi) nomiga ochilgan plastik kartaga saxovatpesha insonlar tomonidan o‘tkazilgan 192,5 mln so‘m miqdordagi pul mablag‘lari kelib tushdi.

Fuqaro Salomat O‘rozova (Javohirning onasi) ushbu pullarga qizini davolatish bilan birga o‘zlari yashab turgan Qirariq (Toshkent viloyati, Toshkent tumani) mahallasidagi xonadonlardan birini sotib olishni reja qilib turganligini ma'lum qildi. Surishtiruvlarimiz davomida ma'lum bo‘ldiki mazkur hududda 130 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha bo‘lgan narxlarga Javohirning oilasi orzu qilgan uyni sotib olish mumkin ekan. 

Kun.uz sayti ushbu oila nomidan xayriya aksiyasida ishtirok etib, ozmi-ko‘pmi o‘z hissasini qo‘shgan saxovatli insonlarga o‘z minnatdorligini bildiradi.

Mavzuga oid