Jahon | 21:07 / 27.09.2020
39184
2 daqiqa o‘qiladi

Pashinyan Putinga qo‘ng‘iroq qildi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida xabar berildi.

Tomonlar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida sodir bo‘layotgan mojarolarni muhokama qilishgan. Putin Tog‘li Qorabog‘dagi qurolli to‘qnashuvlardan xavotirda ekanini bildirgan. Tomonlar ayni damda eng muhimi harbiy harakatlarni to‘xtatish ekanini ta'kidlashgan.

Bugun, 27 sentabr kuni Ozarboyjon va Armaniston harbiylari o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘da harbiy to‘qnashuvlar boshlandi. Tomonlar harbiy mojaro boshlanishida bir-birlarini ayblashmoqda.

Armaniston tomoni kun davomida Qorabog‘ mudofaa kuchlari safidagi 16 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani va yuzdan ortiq kishi jarohatlanganini ma'lum qilgan.

Shuningdek, Ozarboyjon tomoni artilleriyadan o‘t ochishi oqibatida tinch aholi orasida 2 kishi vafot etgani va 30dan ortiq kishi jarohatlangani aytilgan.

O‘z navbatida, Bokudagilar tinch aholi orasida 5 qurbon va 19 yarador borligini ma'lum qilgan.

Ko‘plab xorij davlatlari va xalqaro tashkilotlar mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirmoqda. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev yakshanba kuni turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan muloqot o‘tkazgan, Turkiya Tog‘li Qorabog‘ nizosida Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Mavzuga oid