Eski standartlarni bekor qilib, mahsulotlar xavfsizligini ta'minlash texnik reglamentlarini Yevropa va YeOII talablariga moslashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 sentabr kuni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimidagi islohotlar natijadorligi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Mahsulotlar sifati va raqobatdoshligini oshirish uchun milliy standartlarni jahon talablariga moslashtirish hamda korxonalarga joriy qilish juda muhim hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda standartlarning 43 foizi xalqaro me'yorlar bilan uyg‘unlashtirilib, ularning soni 12 mingtaga yetkazildi. Bunday ishlar natijasida eksport imkoniyatlari kengaymoqda.
Misol uchun, 21ta korxonada to‘qimachilik va trikotaj tovarlariga Yevropaning «OEKO-Tex» va «Sedex» standartlari joriy qilindi. Jumladan, Andijondagi «Samo Textile» Yevropa bozorlariga 5 million dollarlik mahsulot bilan chiqdi. Buxorodagi «Bukhara Cotton Textile» MChJ ham AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiyaga 5 million dollarlik eksport qildi.
Shuningdek, maishiy texnika, kabel, tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda 17 turdagi mahsulot xavfsizligini tasdiqlovchi mashhur «CE» markirovkasi joriy etilgani natijasida Yevropaning 8ta davlatiga eksport boshlandi.
Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Yil oxirigacha oziq-ovqat, metallurgiya, yengil sanoat bo‘yicha 14ta laboratoriya modernizatsiyasi yakunlanadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda shu paytgacha bajarilgan ishlar natijadorligi tahlil qilinib, galdagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari «O‘zstandart» agentligini milliy organ maqomiga olib chiqish, korxonalarda yangi standartlarni manzilli joriy qilish asosiy vazifa ekanini ta'kidladi.
«Milliy standart «ovozi jaranglashi»ga erishishimiz kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kelgusi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uyg‘unlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgilandi.
Mutasaddi vazirlik va uyushmalarga to‘qimachilik korxonalarida «OEKO-Tex» me'yori, elektr texnikasi tarmog‘ida «Se» markirovkasi hamda qishloq xo‘jaligida «Global G.A.P.» va «Organic» tizimlarini qo‘llashni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Xalqaro standartlarni tatbiq qilayotgan korxonalarga ko‘maklashib, bunga ketadigan xarajatning bir qismini Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi tomonidan qoplab berish muhimligi ta'kidlandi.
«Agar mahsulot xalqaro sertifikatga ega bo‘lmasa, u hech qachon raqobatbardosh bo‘la olmaydi. Mamlakatda har bir tadbirkor standartni bilishi, tanishi kerak, shunday muhit yaratish zarur», deya ta'kidladi prezident.
«O‘zstandart» agentligiga avtomobil komponentlari, kimyo, oziq-ovqat, qurilish materiallari tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish topshirildi.
Dunyoda zavod va fabrikalar o‘z mahsulotlarini bozor talablari asosida takomillashtirib boradi. Shu tajribadan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar imkoniyatini cheklayotgan me'yorlarni ixtiyoriyga o‘tkazish kerakligi qayd etildi.
5 mingdan ziyod eski standartlarni bekor qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta'minlash texnik reglamentlarini Yevropa va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, sifatsiz import tovarlar kirib kelishining oldini olish maqsadida xavfsizlik talablari soni va qamrovi oshiriladi.
Yig‘ilishda prezident «O‘zstandart» agentligining xalqaro standartlash va metrologiya tashkilotlaridagi ishtirokini faollashtirish muhimligini ta'kidladi.
Mazkur agentlikka Yevropa iqtisodiy komissiyasi texnik qo‘mitasi bilan quritilgan mevalar bo‘yicha kelishuvga erishish, kelgusi yilda Xalqaro akkreditatsiya forumiga to‘laqonli a'zo bo‘lish vazifasi qo‘yildi.
Sohaga doir ilm-fan va ta'limni rivojlantirish masalalariga ham e'tibor qaratildi. Kelgusi yildan Toshkent davlat texnika universiteti bilan energiya samaradorligi, Kimyo-texnologiya instituti bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari genetikasi, To‘qimachilik instituti bilan sintetik tolalar, Ilg‘or texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda biologik faol qo‘shimchalar yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish muhimligi aytildi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy metrologiya institutida qurilish materiallari, suv tejovchi hamda axborot texnologiyalari bo‘yicha kafedralar tashkil etilishi belgilandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy ishlanmalarga grantlar ajratadi.
Yig‘ilishda «O‘zstandart» agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Mavzuga oid
12:27 / 09.11.2023
Raqamli bojxona, sanoat kooperatsiyasi, energetika: IHT doirasida O‘zbekistonning takliflari
12:06 / 09.11.2023
Shavkat Mirziyoyev IHT doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risida bitim qabul qilishga chaqirdi
11:34 / 09.11.2023
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi
10:57 / 09.11.2023