Jamiyat | 21:35 / 28.09.2020
42831
15 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda firibgarlik jinoyatlari bir yilda ikki barobarga ko‘paydi. Bunga sabab nima?

Ijtimoiy turmushda insonlar o‘zaro bir-birlari bilan muomala qilar ekan, ular orasida turli xil munosabatlar o‘rnatiladi. Ayrimlar sof, halol yo‘l bilan, o‘zgalar haqidan qo‘rqqan holda bu munosabatni o‘rnatsa, ayrimlar insonlarning soddaligi, ishonuvchanligini suiiste'mol qiladi. Bundaylarning ham jamiyatda o‘z nomi bor: firibgarlar va tovlamachilar.

So‘nggi vaqtlarda firibgarlik, tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyatlar ortgani sir emas. Oxirgi 4 yilda ushbu jinoyat bilan bog‘liq bir nechta shov-shuvli ishlar OAV orqali yoritildi. «Ahmadboy ishi», «Human» va boshqa qator xususiy bandlik agentliklari bilan bog‘liq ishlar shular jumlasidan. «Straus House» MChJ, «Avto 60 oy», Auto Rental kabi qator firma va tadbirkorlik sub'yektlari bilan bog‘liq ishlarga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ushbu ko‘rsatuv tayyorlanishi chog‘ida esa, Qashqadaryoda dunyoga mashhur kompaniyalarning soxta aksiyalari, ya'ni qimmatli qog‘ozlarini sotish orqali 2 mingga yaqin kishini 9 mln AQSh dollariga chuv tushirgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olingani xabar qilindi.

Achinarlisi shundaki, shuncha voqealardan keyin ham firibgarlik jinoyati yoxud firibgar va yo tovlamachi qarmog‘iga ilinayotgan vatandoshlar soni kamayib qolayotgani yo‘q. Qolaversa, taraqqiyot yuksalgani sari firibgarlikning yangidan yangi turlari ham qayd etilmoqda. Axborot texnologiyalari, internet orqali amalga oshirilayotgan firibgarliklar ham ko‘p uchrayapti. So‘nggi 20 yilliklarning yana bir firibgarligi – bu farzandining oliy o‘quv yurti talabasi bo‘lishi orzusidagi ota-onaga nisbatan qilinmoqda.

Bundan tashqari, Kun.uz sayti tomonidan og‘ir xasta vatandoshlarimizga yordam berish va savob ishlarga vasila bo‘lish maqsadida tashkil etib kelinadigan xayriyalarda tushgan mablag‘larni bemorlarning plastik kartochkalaridan yolg‘on-yashiq so‘zlar bilan, bemorlar ishonchiga kirib olib, o‘marish holatlari ham bir necha marotaba ro‘y berdi.

Xo‘sh, bunday jinoyatlarning kelib chiqish sabablari nimada? Firibgarlar domiga tushayotganlar shunchalik soddami yoki firibgarlar boshqalarni o‘ta go‘l hisoblashadimi?

Biz shu va boshqa savollar bilan imom-domla, IIV JQBB operativ xodimi, Tergov departamenti vakili va psixologga murojaat qildik.

Dastavval, firibgarlik bilan bog‘liq statistika haqida. IIV Jinoyat-qidiruv bosh boshqarmasi taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yil yanvar-iyul oyida respublika bo‘yicha 1954ta firibgarlik jinoyati ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2020 yilning shu davrida bu raqam 3881tani tashkil etgan. 2019 yilda 1748 kishi qo‘lga olinib, firibgarlik jinoyatini ochish 98,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu raqam 95,9 foizdan iborat bo‘lmoqda.

Statistika ma'lumotlari bilan tanishar ekanmiz, firibgarlik jinoyatini sodir etish uslublari diqqatimizni tortdi. 2020 yil 7 oyi davomida sodir etilgan firibgarliklarning jami 2151tasi pul oldi-berdisi bilan bog‘liq bo‘lsa, 336tasi chet elga ishga yuborishni va'da qilish mazmuniga ega, 331tasi o‘qishga kiritishga doir aldovdir.

Jinoyatlarni kimlar sodir etmoqda, degan savolga ham statistika ma'lumotida javob berilgan. Unga binoan, 463tasi ayollar, 511tasi muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, 1277ta holatda ishlamaydiganlar firibgarlikka qo‘l urgani qayd etilgan.

Biz firibgarlik jinoyatlarini kamaytirish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qanday ishlar amalga oshirilayotganiga qiziqdik.

Firibgarlikning huquqiy tavsifi

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasiga ko‘ra, o‘zgani aldash yoki uning ishonchini suiiste'mol qilgan holda uning mulkini yoki mulkiga bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritish firibgarlik hisoblanadi. Firibgarlik boshqa mulkiy jinoyatlardan farqi – firibgarlikda jabrlanganlar firibgarga mol-mulkini, mol-mulkka bo‘lgan huquqini o‘z xohishi bilan topshiradi.

Fuqarolar mablag‘larini o‘zlari olib kelib bergan bo‘lsa-da, firibgarga jazo tayinlanadi.

Fuqarolar pullarini o‘z qo‘llari bilan olib kelib beradi. Ular yengil boyib ketish, mulkka egalik qilish maqsadida shunday harakatlarni sodir etishadi. Firibgarlar ma'lum bir sohani egallab, bilimga ega bo‘lishadi. Shuningdek, ularda aktyorlik qobiliyati ham bo‘ladi. Shu sababli firibgarlik aqlli jinoyatlar turiga kirib, uni aql-zakovatli insonlar sodir etadi.

Bugungi kunda firibgarlikka qo‘l urgan shaxsni, aybi isbotlansa, nimalar kutmoqda? Unga qanday jazo muqarrar? Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti mas'ul xodimi kapitan Adham Abdullayev so‘z yuritadi.

Adham Abdullayev

Pul ehromlari haqida

– Firibgarlik jinoyati tarkibini oladigan bo‘lsak, obektiv va sub'yektiv tomoni bo‘ladi. U boshqa fuqarolik munosabatlaridan farqli o‘laroq, fuqaro jabrlanuvchining mulkiga egalik qilishni oldindan qasd qilishi kerak. Firibgarlar tergov qilinganda juda kamdan-kam holatda firibgarlik qilish niyati bo‘lganini tan oladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan keyin so‘roq jarayonida hujjatlar taqdim qilinadi, hujjatlarning qayerida kamchiligi borligi tekshiriladi. Gumonlanuvchi shaxs jabrlanganlar bilan yuzlashtirilganda «Pul ehromlari» kabi reja asosida ishlashayotgan bo‘lib chiqishadi.

Firibgarlik uchun qanday jazo belgilangan?

– Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko‘rsatilgan firibgarlik 5ta qismga bo‘lingan. Ularning 4ta qismida jinoyatni qaysi hollarda og‘irlashtiruvchi malakalash ko‘rsatilgan. Beshinchi qismida yengillashtiruvchi holatlar bayon qilingan. Ya'ni jinoyat sodir qilingandan keyin yetkazilgan zarar to‘liq qoplansa, ayblanuvchi, gumonlanuvchi yoki sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmasligi mumkin.

Oxirgi nuqta sudning qarori bilan qo‘yiladi. Jinoyat kodeksida firibgarlik jinoyati uchun maksimal 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.

Firibgarlik turlari

– Hozirda ko‘p uchraydigan firibgarlik turlaridan biri – chet elga ishga jo‘natish, chet eldagi 3-shaxslardan sizning ma'lum miqdordagi pul mukofotini yutib olganingiz haqidagi keladigan xatlar hisoblanadi. Shuningdek, xayriya mablag‘lari uchun tashkil qilingan plastik kartalardan pul yechib olish holatlari ham bo‘lyapti.

Yer, uy oldi-sotdisi bo‘yicha firibgarliklar ham ko‘p uchrab turadi. Firibgarlar hokimiyatda tanishi borligini aytib, uy olib berishga ishontirib, odamlarning pullarini olib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Shuningdek, o‘qishga yoki ishga kiritish maqsadida ota-onalarni ishontirib, pul olish holatlari ham oxirgi vaqtda ko‘p uchrab turibdi.

***

O‘zbekistonda aksariyat aholi Islom diniga e'tiqod qilishi, Islomda bir-birini aldash, birovning haqini yeyish gunoh ekani nuqtayi nazaridan firibgarlik illatiga doir savollar bilan «Bodomzor» jome masjidi imom xatibi Rahmatulloh Sayfuddinovga murojaat qildik.

Rahmatulloh Sayfuddinov

Islomda firibgarlik muolajasi

– Muolaja uchun avval dardni davolash kerak. Firib, firibgarlik – bular hammasi yolg‘onning shoxchalari hisoblanadi. Alloh Qur'oni Karimda: «Mollaringizni o‘zaro oralaringizda botil yo‘l bilan yemanglar», – degan. Botil yo‘lga barcha harom ishlar: aldov bilan tortib olish, o‘g‘rilik, qimor, ribo, sudxo‘rlik kirib ketadi.

Imom Muslimdan keltirilishicha, Abu Hurayra hikoya qilib bergan hadisda shunday deyiladi:

«Bir kun Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan bozor oralab ketayotganlarida bir taom sotayotgan kishining qopiga qo‘llarini suqib ko‘rdilar. Tagidan nam chiqdi. «Bu nimasi ey, mol egasi», – dedilar. Mol egasi: «Yomg‘ir tegibdi-da», – deb o‘zini oqladi. Shunda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar ko‘rishi uchun yomg‘ir tekkan joyini yuqorisiga qo‘ysang, bo‘lmasmidi? Kim bizni aldasa, mendan emasdir», – dedilar.

Biz bu hadisdan rahbar kishining bozorlarni nazorat qilib turishi, halollikka chaqirib turishi, haromga qarshi kurashishi kerakligi kabi foydalarni olamiz.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu hadisda firibgarlikka qarshi kurashyaptilar. Bugun bozorlarda buni misolini ko‘p ko‘ramiz. Masalan, rastaga chiroyli anorlarni terib qo‘yishadi, uning tagida boshqa anor turadi. Firibning har qanday turi harom bo‘lib, man qilingan. Chunki firibgarlikda bir tomon foyda topsa-da, ikkinchi tomon zarar ko‘rmoqda. Dinimizda esa zarar berish ham yo‘q, zarar ko‘rish ham yo‘q.

Biz rizqimizning manzilini bilmasak-da, rizqimiz bizning manzilimizni yaxshi biladi. Firibgarlikka hech hojat yo‘q.

Soddalik fazilat emas

– Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘min odam sodda bo‘ladi va tez aldanadi», – deganlar. Bu degani sodda bo‘lib aldanib qolish kerak, degani emas. Bu bizning fitratimiz. Chunki soflik soddalikni taqozo qiladi. O‘ta pishiq bo‘lishda soddalik bo‘lmaydi.

Mo‘min ziyrak bo‘ladi

– Shu bilan birga, mo‘min odam ziyrak bo‘lishi afzal hisoblanadi. Fiqhimizda bu masala bayon qilinadi. Aytiladiki, bir odam boshiga jarohat yetib, savdoda tez aldanib qoladigan bo‘ladi. Unga biz qiyos qilib sodda odamni olishimiz mumkin. Shu kishiga eslatma qilib, Payg‘ambarimiz: «Aldanib qoladigan holatda bo‘lsang, sherigingga Islomda aldash yo‘qligini eslatib turgin», – deganlar.

***

Albatta, har bir jinoyat sodir etilishida uning motivi, sababi bo‘ladi. Jinoyatchi ham o‘z-o‘zidan jinoyatchi bo‘lib qolmaydi yoki onadan jinoyatchi bo‘lib dunyoga kelmaydi. Xo‘sh, firibgarlik psixologiyasi nima? Oddiy, sodda bir insonning firibgarlar qurboni bo‘lib qolmasligi mumkinmi? Bu kabi savollarga psixolog Zebiniso Ahmedova javob berdi.

Zebiniso Ahmedova

Firibgarlik shaxsiyat muammosimi yoki jamiyat?

– Jamiyat individuallikdan shakllangan. Ya'ni bitta xususiylik vujudga kelib umumiylikka aylangan. Shu xususiylikning ichida tovlamachilik, firibgarlik, birovning haqidan qo‘rqmaslik urug‘lansa, bu yuqumli bo‘ladi. «Ahmadboy voqeasi»da ham bir kishi kelib, shu ishni qildi. Juda katta natijaga erishdim deganidan keyin unga boshqalar ergashdi. Bu olomon psixologiyasi deyiladi.

Qachonki, jamiyatning ichida filtr, ya'ni o‘z xavfsizligini ta'minlash, qonun ustuvorligiga shaxsan har bir inson o‘zi javobgar ekanligi tan olinmagan taqdirda olomon psixologiyasi ishlab ketadi.

Tarbiya insonni firibgar qiladi

– Bola rahmsizlikka o‘rgatilsa, u rahmsizlikni o‘rganadi. Ota-ona bolani kaltaklab, rahm qilmay jabr yetkazsa, bolada rahmsizlik shakllanadi. Bola ichidagi alamzadalik, nafratni boshqa yo‘llar bilan o‘zgalarga qo‘llay boshlaydi. Ya'ni bir inson peshona teri bilan topgan pulini, uysiz qolayotganini oldindan bilsa-da, niyatidan qaytmaydi.

Firibgarlik qanday paydo bo‘ladi?

– Bola o‘z qarorini, tahliliy fikrlash qolbiliyatini yo‘qqa chiqarib tarbiyalansa, unda firibgarlikka moyillik paydo bo‘ladi. Bola biror narsaga duch kelganda bu nima, bu qonuniymi, menga kerakmi, degan tanqidiy savollarga javob berishi kerak. Bolada bu narsa yo‘q qilinsa, filtr yo‘qoladi. Bolaga biror kishi biror narsani taklif qilganda, bola o‘z chegarasini bilib, taklif qilingan narsani inkor qila olishi kerak.

Farzanddagi shu chegaraning ichida «mening oriyatim bor, mening mulkim bor», degan inkor qilish qobiliyatini ota-ona shakllantirmasa, jamiyatda shakllanishi juda qiyin bo‘ladi. Bu qobiliyat faqatgina yo‘qotishlar, azoblanishlar bilan shakllanadi yoki shakllanmay, o‘sha firibgarlikka duchor bo‘lgan insonning o‘zi ham boshqalarga firibgarlik qilib, yo‘qotganlarini qaytadan topish ilinji bilan yashashni boshlaydi.

Jamiyatning rivojlanishi ota-onalarga bog‘liq. Ular farzandlariga rahm, mehr, qonun ustuvorligi tuyg‘usini tarbiya asosi qilishsa, bola hayotda o‘zi ham tovlamachi ham, jabrdiyda ham bo‘lmaydi.

Oson yo‘l bilan pul topish targ‘iboti – noto‘g‘ri

– Televideniyeda mehnat qilmasdan erishiladigan kir yuvish mashinasi yutib olishga, yengil avtomobil sohibiga aylanishga targ‘ib bo‘lyapti. Televideniye, radio bir xil yo‘nalishga o‘tib olishgan.

Inson o‘zini aldamasligi kerak. Har bir imzo, har bir qadam tahlil orqali qo‘yilishi kerak. Aldanmaydigan insonlar ko‘p bo‘lsa, aldaydiganlar hech nima qilolmaydi.

***

Fuqarolar firibgarlar domiga qanday ilinib qolmoqda?

Ayni savolga bevosita firibgarlardan jabr ko‘rganlar qanday javob berishadi? Kun.uz muxbirlari bu ish borasida juda ko‘plab jabrdiydalar bilan uchrashgan, ular bilan muloqot qilgan. Ularning so‘zlaridan qilinadigan xulosa shuki, maqsadga qanday bo‘lmasin erishish hamda haddan ortiq ishonuvchanliklari va mavjud ma'lumotni tekshirib ko‘rmasligi, biror huquqshunos bilan maslahatlashmasligidir.

Xo‘sh, firibgarlarning o‘zlari ham o‘zlarini «firibgar» deb bilishadimi, tan olishadimi? Yo‘q, albatta. Ularning hech biri qilmishini tan olmaydi, aksincha, maqsadi odamlarga yordam berish bo‘lganini ta'kidlashadi.

Ko‘rsatuv intihosini «Firibgarga shaytonning havasi kelar», «Zargar firibgar bo‘lsa, oltin zanglar» singari xalq maqollari bilan yakunlash niyatidamiz. Haqiqatdan ham firibgar o‘zi qilayotgan ish qanchalik chirkin ekanini anglamas ekan, bu jinoyat bilan bog‘liq raqamlar, ulardan jabr ko‘rganlar soni ko‘paymaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.

Biz jamiyat sifatida maqsadga kimnidir aldash yoki qaysidir firibgarga murojaat qilish bilan emas, mushkul va murakkab ko‘rinsa-da, halol mehnat orqali erishishni targ‘ib qilishimiz, farzandimizni to‘g‘ri yo‘naltirishimiz lozim.

So‘ngso‘zimiz esa, firibgarga aldanmang, o‘zingizni va yaqinlaringizni asrang!

Tolib Rahmatov tayyorladi.

Mavzuga oid