O‘zbekiston | 15:37 / 28.09.2020
36839
4 daqiqa o‘qiladi

«Biz boshlagan ochiqlik yo‘li ortga qaytmasdir» – Saida Mirziyoyeva

Bugun, 28 sentabr kuni Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuni munosabati bilan xalqaro onlayn-konferensiya o‘tkazilmoqda.

Unda chiqish qilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva pandemiya davrida axborot olish va uni tarqatishda turli mamlakatlar tajribasidan foydalanish muhim ekanini aytib o‘tdi.

«Koronavirus pandemiyasi davrida butun dunyo aholisi axborot olish va uni tarqatish bilan bog‘liq muammolarga duch keldi. Shuning uchun eng yaxshi tajribani tanlash va uni ko‘paytirish uchun turli mamlakatlar mazkur vaziyatdan qanday chiqayotgani, qanday yechimlar taklif etilayotganini bilish muhim. Men o‘zaro yaqin hamkorlik asosida birgalikda ushbu global pandemiyani yenga olishimizga ishonaman», dedi Saida Mirziyoyeva.

U axborotdan foydalanish imkoniyati undan teng foydalanishni ham nazarda tutishini ta'kidlab o‘tdi.

«Axborotdan foydalanish imkoniyati undan teng foydalanishni ham nazarda tutadi. U jinsiy kamsitishga qarshi kurashish imkoniyatini oshiradi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ta'kidlaganidek, gender siyosati mamlakat uchun ustuvor masalaga aylandi.

Gender tengligi komissiyasining a'zosi sifatida shuni ta'kidlashni istardimki, ushbu mavzuni to‘g‘ri yoritish zo‘ravonlikdan aziyat chekkan ayollarni himoya qilishga yordam beradi. Ayollar o‘z huquqlarining himoya qilinishi, kamsitilishga qarshi kurash usullari to‘g‘risida ma'lumot olishlari mumkin. Barcha uchun teng imkoniyatlar to‘g‘risida jamoatchilik fikrini shakllantirishga aynan OAV javobgardir», dedi Mirziyoyeva.

U OAV mustaqilligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar davom etishini ta'kidlab, boshlangan ochiqlik yo‘li ortga qaytmasligini ma'lum qilgan.

«Biz rasmiylarga savol va tavsiyalar tayyorlagan bloger va ko‘ngilli jurnalistlarning onlayn guruhini tuzdik. Covid-19 infeksiyasi bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyatni davlat tomonidan tartibga solish jarayonida samimiy ishtirok etgani uchun barcha ommaviy axborot vositalari va blogerlardan minnatdormiz. Ular mazkur jarayonning ajralmas qismiga, fuqarolik nazoratining flagmaniga aylandi. Biz boshlagan ochiqlik yo‘li ortga qaytmasdir», dedi u.

U o‘z nutqi davomida «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida ham gapirdi.

Ma'lum qilinishicha, hozirda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun, shu jumladan, qonunni OAVda gender tengligi to‘g‘risidagi modda bilan to‘ldirish bo‘yicha o‘zgartirishlar ishlab chiqilmoqda.

Quyidagi me'yorlarni kiritish taklif etilmoqda:

  • gender masalalarini yoritishda davlat organlarining ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro aloqasi;
  • ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash muhimligi to‘g‘risida odamlarning xabardorligini oshirish;
  • OAVda ishlash uchun jalb etilgan ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlash;
  • OAV orqali jinsiy kamsitilishga oid ma'lumotlarni tarqatishni taqiqlash.

Mavzuga oid