«OAVni liberallashtirish – Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, uning xohishi». Xalqaro konferensiya ishtirokchilaridan iqtiboslar
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuniga bag‘ishlangan onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Unda so‘z erkinligi, axborot ochiqligi va haqqoniyligi jamiyat uchun qay darajada muhimligi, O‘zbekistonda so‘z erkinligining rivoji xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan muhokama qilindi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning qayd etishicha, oldin O‘zbekistonda jurnalistlar dardini faqat anonim shaklda biror ijtimoiy tarmoqda qoldirishdan boshqa iloji bo‘lmagan bo‘lsa, o‘tgan 4 yil mobaynida matbuot sezilarli darajada erkinlashdi.
«Jurnalistlar mamlakatning real ijtimoiy-siyosiy hayotidan olingan voqealarni bemalol yoritadigan bo‘ldi. Hatto hukumatni tanqid qiluvchi tanqidiy materiallarni faolroq nashr eta boshladi.
Hukumatni tanqid qilgani uchun ilgari taqiq ostida bo‘lgan ko‘plab xorijiy saytlar blokdan olindi. Respublikaning barcha vazirlik va idoralarining «o‘lik» matbuot xizmatlari qayta tiriltirildi, ularning mavqeyi oshirildi va faoliyati tiklandi», – dedi Komil Allamjonov.
«OAVni liberallashtirish boshlangani vaqtinchalik o‘zgarish emas»
Fond rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hali buning bilan OAV sohasidagi muammolar to‘la hal bo‘lmagan. Hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar bor.
«O‘zbekiston «qora ro‘yxat»dan chiqdi va «Chegara bilmas muxbirlar» matbuot erkinligi indeksidagi mavqeyini yaxshiladi: 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 13 o‘ringa yuqoriladi.
Lekin muammolar yo‘qmi? Albatta, bor. Jurnalist yoki blogerda qo‘rquv yo‘qmi? Albatta, bu ham bor. Aks holda, natija bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi», – deya ta'kidladi Komil Allamjonov.
U ma'lum doiradagi shaxslarning senzurasi, jurnalistlar va blogerlarning o‘zini senzura qilishi, davlat xodimlarining tahdidlari yoki bosimi kabi holatlar haligacha borligi va ularga qarshi kurashilayotgani, takliflar berilayotganini qayd etib o‘tdi.
«Shu kunlarda prezident topshirig‘i bilan yana bir muhim hujjat, ya'ni ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va jurnalistlarga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun chiqishi kerak.
Biz hali ham yo‘lning boshida ekanligimizni va bu yo‘lda xato va kamchiliklar bo‘lishini tushunamiz. OAVni liberallashtirish boshlangani vaqtinchalik o‘zgarish emas, balki prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi. Bu – eng muhimi», – dedi Komil Allamjonov.
Saida Mirziyoyeva: «Biz OAVning haqiqiy mustaqilligini shakllantirish yo‘li boshidamiz»
Konferensiyada chiqish qilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva axborotdan foydalanish imkoniyati undan teng foydalanishni ham nazarda tutishi haqida aytib o‘tdi.
«Axborotdan foydalanish imkoniyati undan teng foydalanishni ham nazarda tutadi. U jinsiy kamsitishga qarshi kurashish imkoniyatini oshiradi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ta'kidlaganidek, gender siyosati mamlakat uchun ustuvor masalaga aylandi.
Bu mavzuni to‘g‘ri yoritish zo‘ravonlikdan aziyat chekkan ayollarni himoya qilishga yordam beradi. Ayollar o‘z huquqlarining himoya qilinishi, kamsitilishga qarshi kurash usullari to‘g‘risida ma'lumot olishlari mumkin. Barcha uchun teng imkoniyatlar to‘g‘risida jamoatchilik fikrini shakllantirishga aynan OAV javobgardir», – dedi Mirziyoyeva.
U pandemiya davrida OAV va blogerlar yuzaga kelgan vaziyatni tartibga solishda davlatga yordam berganini ham aytib o‘tdi.
«COVID-19 infeksiyasi bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyatni davlat tomonidan tartibga solish jarayonida samimiy ishtirok etgani uchun barcha ommaviy axborot vositalari va blogerlardan minnatdormiz. Ular mazkur jarayonning ajralmas qismiga, fuqarolik nazoratining flagmaniga aylandi. Biz boshlagan ochiqlik yo‘li ortga qaytmasdir», – deya qayd etdi Saida Mirziyoyeva.
Ochiqlik – mansabdorlarni tiyib turish vositasi
Konferensiyada ishtirok etgan xalqaro ekspertlardan biri, Shvetsiyaning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili Ulrika Funered axborot shaffofligi hokimiyatdagilarning o‘z lavozimini suiiste'mol qilishi xavfini kamaytirishi va u fuqarolarga saylab qo‘yilgan mansabdorlarni nazorat qilishga yordam berishini qayd etdi.
Shuningdek, ochiqlik insonlarning fikr va g‘oyalarini shakllantirishga yordam berishi, bu esa demokratiyaning kaliti ekani ta'kidlandi.
«Axborot erkinligi haqida aytilgan bir ibora bor: inson sog‘ligi faqat sifatli tibbiy xizmatga bog‘liq emas. Masalan, tabiiy ofatlar haqidagi aniq berilgan axborot bir kishining, bir oilaning, balki butun jamiyatning hayotini saqlab qolishi mumkin», – dedi Ulrika Funered o‘z nutqida.
YeXHTning OAV erkinligi ofisi direktori Yurgen Heysel demokratik jamiyatda jurnalist maxfiy bo‘lgan ma'lumotni ochiqlagani uchun javobgarlikka tortilmasligi kerakligini qayd etdi. Faqatgina mansabdor shaxslar bunday ma'lumotlar chop etilgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligi aytildi.
Sudya va advokatlarga jurnalistikaning ahamiyati, ish uslubi va asosiy tamoyillarini o‘rgatish taklif qilindi
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev ham konferensiyada so‘z olib, jurnalistlar faoliyatida yuzaga keladigan nizolar va ularning yechimlari haqida gapirdi.
«O‘zbekistonda 2016 yildan keyin so‘z erkinligi tomon qanday qadamlar tashlangani hech kimga sir emas. Shaxsan biz buni o‘z tanamizda his qilib turibmiz, ko‘ryapmiz», dedi u.
Xushnudbek Xudoyberdiyev konferensiyada jurnalistlarning huquqini himoya qilishni jurnalistni ayblaydigan insonlarga jurnalistikani tushuntirishdan boshlash to‘g‘ri bo‘lishi taklifini berib, sudyalar va advokatlarni soha bo‘yicha o‘qitish fikrini ilgari surdi.
«Agar jurnalist biror muammoga duch keladigan bo‘lsa, uning masalasini ko‘radigan sudya qay darajada bu sohani yaxshi tushunadi? Jurnalistni himoya qilmoqchi bo‘layotgan advokat buni qay darajada yaxshi tushunadi?
Bo‘shliqni yechish uchun taklif qilardimki, biz seminar, treninglarda faqat jurnalist va blogerlarni asosiy planga chiqarmasdan, balki tanganing narigi tomonidagilarni ham o‘qitsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ya'ni mana shunday keyslarda adolatli, sohani tushungan holda qonuniy qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantirib olishimiz kerak», – dedi u.
Mavzuga oid
15:00 / 21.12.2024
Kun.uz'ning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:49 / 12.12.2024
Avstraliya internet kompaniyalarni mahalliy OAV kontenti uchun pul to‘lashga majbur qiladi
12:55 / 09.12.2024