O‘zbekiston | 16:19 / 30.09.2020
13629
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasi o‘zgarishi: xorijiy valuta zaxiralari oshdi va oltin sof hajmi kamaydi

Joriy yil sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy oltin-valuta zaxiralari hajmi yil boshiga nisbatan qariyb 20 foizga yoki 5,4 milliard dollarga ko‘payib, 34,6 milliard dollarni tashkil etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Halilulloh Hamidov tayyorlagan hisobotda ta'kidlanishicha, bunda, oltin miqdori 16,3 milliard dollardan 18,8 milliard dollarga yetdi. Xorijiy valutadagi zaxira aktivlari esa 15,44 milliard dollar, SDR hajmi 376 million dollar ekvivalentini tashkil etgan.

Ma'lumot uchun, SDR (Special Drawing Righs) – Xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan 1969 yilda tashkilotga a'zo davlatlarning rasmiy zaxiralarini to‘ldirish uchun yaratilgan xalqaro zaxira aktivi hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasining oltin-valuta zaxiralari

mln. AQSh doll.

           Manba: Markaziy bank ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

Mazkur davrda oltin zaxiralari sof hajmi yil boshiga nisbatan 37 tonnaga (yoki 1,19 million troy unsiyaga) kamaydi. Chunki, 2020 yil 8 oyda 5,8 milliard dollarlik oltin eksport qilindi. Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, avgust oyida jahon bozorida oltin narxi rekord darajaga ko‘tarilgan bir paytda rekord miqdorida oltin eksport qilindi.

2020 yil 6 avgust kuni London vaqti bilan soat 15:00 holatiga, London oltin bozorida 1 troy unsiya oltin narxi yil boshiga (1 ming 514 AQSh dollar) nisbatan 36,5 foizga oshib, 2 ming 67 AQSh dollarini tashkil etdi. Joriy yil yanvar-iyul oylarida 3,3 milliard  dollarlik oltin eksport qilingan bo‘lsa, avgust oyining o‘zida oltin eksporti 2,5 milliard dollarni tashkil etdi.

London oltin bozorida oltin narxi

(London vaqti bilan soat 15:00 holatiga, AQSh doll.)

Manba: Economic Research Federal Reserve Bank of St. Louis

Mazkur davrda oltin eksportidan tushumning rekord darajada ko‘payishi natijasida O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari tarkibida xorijiy valutadagi zaxira aktivlari hajmi qariyb 3 milliard AQSh dollariga (12,5 milliard AQSh dollaridan 15,44 milliard AQSh dollarigacha) oshdi.

Mazkur ma'lumotlardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki,

2020 yil 1 sentabr holatiga oltin-valuta zaxiralari hajmining

5,4 milliard dollarga ko‘payishining 89 foizi (4,85 milliard AQSh dollari) oltin narxining (yil boshiga nisbatan 29 foizga yoki

443 AQSh dollariga) oshishi natijasida sof oltin miqdorini qayta baholashlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Bunda, eng katta o‘zgarish iyul oyida ro‘y berdi. Mazkur oyda oltin narxining sezilarli darajada ko‘tarilishi oltin-valuta zaxiralarining (oltin qoldig‘ini qayta baholashlar hisobiga)

1,99 milliard dollarga oshishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, ta'kidlash lozimki, 2020 yil yanvar-avgust oylarida oltin zaxirasi sof hajmining kamayishi oltin-valuta zaxiralari umumiy hajmiga 2,4 milliard dollar (avgust oyining o‘zida salkam 2 mlrd. AQSh dollari) miqdorida kamaytiruvchi ta'sir ko‘rsatdi.

O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasi o‘zgarishi

mln. AQSh doll.

Manba: Markaziy bank ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

Ushbu raqamlar shundan dalolat beradiki, 2020 yil yanvar-avgust oylarida oltin-valuta zaxiralarining oshishi asosan jahon bozorida oltin narxining sezilarli darajada ko‘tarilishi hisobiga ro‘y berdi.

Tadqiqotchi Hamidov fikricha, mazkur davrda oltin sof hajmining 37 tonnaga kamayishi keng jamoatchilik orasida O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasi kamaydi degan xulosaga olib kelmasligi lozim. Oltin narxining rekord darajada ko‘tarilishini hisobga olgan holda, oltin zaxirasining ma'lum bir qismi monetar oltin ko‘rinishidan valuta ko‘rinishiga o‘tdi. Bu esa oltin narxi o‘zining eng yuqori cho‘qqisidan qaytayotgan davrda eng maqbul yechimlardan hisoblanadi.

Mavzuga oid