Jahon | 16:17 / 01.10.2020
9639
14 daqiqa o‘qiladi

Bayden Trampdan oldinda: so‘rovlar bu yil ham aldamaydimi?

«Bayden saylovoldi so‘rovnomalarida Trampni ortda qoldirmoqda», «Tramp Bayden bilan farqni qisqartirdi»… O‘tgan safargi AQSh prezidentligi saylovlaridan keyin ham shu kabi raqamlarga ishonish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Foto: AFP

2016 yilning 8 noyabrida AQSh prezidentligi uchun saylovlar qanday kechganini kuzatib borganlarning aksariyati dam-badam The New York Times sahifalarini yangilab, saylov natijalari bo‘yicha prognozlar bilan tanishardi. Ovozlarni hisoblashning dastlabki bosqichida, hali hal qiluvchi shtatlardan natijalar kelib tushmaganida jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarning natijalari Hillari Klintonning ishonchli g‘alabasi haqida prognoz qilardi - 80 foizdan ortiq. Trampning imkoniyatlari esa o‘shanda 20 foizdan pastroq baholanayotgandi.

Ammo ijtimoiy so‘rovlarga asoslangan prognozlar o‘zini oqlamadi.

O‘shanda bir kun ichida Klinton xonimning ustunligi yo‘qqa chiqqan. Kechqurun soat 8ga borib Trampning g‘alabasi ehtimoli 95 foizga baholana boshlagan.

Ammo bu prognozlar hech qachon to‘g‘ri bo‘lmasligi va unga ishonmaslik kerakligini anglatadimi? BBC rus xizmati shu kabi savollarga javob izladi.

Xatolik bo‘lganmidi?
Eng muhimi, sotsiologlar o‘shanda Hillari Klinton 2-3 foiz punkt farqi bilan g‘alaba qozonishini prognoz qilishgandi. Ular bu borada adashishmadi: Klinton chindan ham Trampni saylovchilarning ovozi bo‘yicha 2 foizlik farq bilan ortda qoldi. U saylovda yutqazmagani aniq edi, ammo Tramp delegatlari soni ko‘proqligi evaziga g‘olibga aylangandi.

To‘rt yil muqaddam Hillari Klinton so‘rovlarda yetakchilik qilgan va unga ovoz berganlar soni Trampning tarafdorlaridan uch millionga ko‘proq bo‘lgan, ammo u baribir yutqazgandi

Shovqin-suronlar tugagach, sotsiologlar nima o‘xshamaganini aniqlashga kirishishadi. Ular aniqlashtirish kerak deb hisoblagan bir qancha farazlar mavjud edi.

Avvaliga xatolik ayrim respondentlar muntazam ravishda so‘rovnomalar savollarini javobsiz qoldirgani tufayli yuz bergani taxmin qilinadi. Xususan, kam ma'lumotli saylovchilar odatda so‘rovlarda qatnashishdan bosh tortishardi.

Ikkinchi nazariyaga ko‘ra, so‘rovnomalarda ishtirok etgan odamlarning bir qismi shunchaki rostgo‘ylik qilishmagan: ular shunchaki so‘rovnoma o‘tkazuvchilar bilan suhbatlar vaqtida «dongdor bo‘lmagan» nomzodga ovoz berish niyatini tan olmagan bo‘lishi mumkin. Bunday ehtimol yuqori edi, ayniqsa, «Bredli effekti» hisobga olinsa: 1982 yilda qora tanli demokrat Tom Bredli Kaliforniya gubernatorligi uchun saylovlarda respublikachi nomzodga yutqazgandi, holbuki u saylovdan oldin barcha so‘rovnomalar bo‘yicha oldinda borgan. Sababi oddiy  edi - intervyu berganlarning ko‘pchiligi bu qora tanli nomzodga ovoz bermoqchimasligini tan olishdan uyalgan.

Uchinchi nazariya sotsiologlarning ehtimoliy xatosi bilan bog‘liq bo‘lib, ular aholining qaysi guruhlari saylov uchastkalarida faol bo‘lishini oldindan aniq topa olmagan bo‘lishi mumkin. Hech kim oldindan aynan kimlar saylovlarga borishini va kimlar bormasligini oldindan aniq ayta olmaydi. Ammo sotsiologlarda turli modellar mavjud bo‘lib, unga ko‘ra elektorat saylov kuni o‘zini qanday tutishi bo‘yicha tasavvur hosil qilish mumkin. Lekin bu borada prognozlar va real kartina o‘rtasidagi kichik tafovut ham natijalarga katta ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Nima noto‘g‘ri bajarilgandi?
Trampning tarafdorlari shunchaki kimga ovoz berishni yashirishgani haqidagi gipoteza darhol rad etilgan. Bu nazariya internet so‘rovlar va boshqa odatiy so‘rovlarni taqqoslash orqali osonlik bilan tekshirilgandi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odatiy so‘rovlarda aslida kimga ovoz bermoqchiligini yashirgan odamlar internet so‘rovlarda asl niyatlarini oshkor etishgan. Politico va Morning Consult nashrlari bu nazariyani tekshirish uchun tajriba o‘tkazgan va bu nazariyaga hech qanday asos topa olishmagan, shu bilan birga, oliy ma'lumotli va yuqori daromadga ega elektoratning bir qismi o‘z tanlovlarini onlayn-so‘rovlarda aniqroq bildirishni afzal ko‘rishi ma'lum bo‘lgan. Lekin bu saylovchilarning kichik qismi edi va ular natijalarga jiddiy ta'sir ko‘rsata olishmasdi. Shu kabi tadqiqot Yyel universiteti tomonidan ham o‘tkazilgan va xuddi shu kabi xulosaga kelingan.

Boshqa nazariyalar esa ma'lum darajada o‘z tasdig‘ini topgan. Sotsiologlarning aniqlashicha, Klinton so‘rovlarda katta farq bilan oldinga chiqib ketganini uchta omil bilan izohlash mumkin. Birinchidan, saylovchilarning katta qismi so‘nggi lahzalargacha kimga ovoz berishni hal qila olmagan va yakunda o‘z ovozini Trampga bergan - ular o‘z qarorini saylovoldi poygasining so‘nggi kunida qabul qilishgan.

Ko‘pchilik 2016 yilda so‘nggi lahzalarda Trampga ovoz berishga qaror qilgan. Suratda odamlar Trampni kutishmoqda, Hershi shahri, Pensilvaniya shtati, 2016 yil dekabr

Ikkinchidan, Tramp tarafdorlarining saylov kunidagi faolligi kutilganidan ancha yuqori bo‘lgan.

Uchinchidan, so‘rov natijalariga ters o‘laroq, Tramp tarafdorlari sanoatlashgan qutb mintaqalarida (AQSh o‘rta g‘arbining bir qismi va sharqiy sohil) ham ustunlik qilishi ma'lum bo‘ldi. Bu so‘rov o‘tkazuvchilar asosan oliy ma'lumotli fuqarolarning fikrini bilishga e'tibor qaratgani tufayli ro‘y bergan — 2016 yilda aynan shu omil saylov natijalarini tushunish uchun muhim bo‘ldi.

Umuman olganda, ta'lim ko‘rgan fuqarolargina so‘rovlarda qatnashishga qiziqish bildirishgan. AQShdagi umummilliy so‘rovlarda respondentlarning 45 foizidan ko‘prog‘i kamida bakalavr darajasiga ega bo‘ladi, holbuki mamlakatda 18 yoshdan oshganlarning faqat 28 foizi oliy ta'lim bilan qamrab olingan. 2016 yilda Klinton aynan o‘qimishli saylovchilar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan, so‘rovnomalarda ham ular ishtirok etishgan. Saylov taqdirini esa oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan qatlam hal qilgan.

«Bilamizki, faqat ma'lum toifadagi kishilar so‘rovlarda qatnashishga doim tayyor bo‘lishadi. Bular oliy ta'lim ko‘rgan kishilar, oq tanli amerikaliklar va keksa yoshlilar. Bu guruhlar saylovoldi jarayonida haddan tashqari faollik ko‘rsatishadi. Lekin bu azaldan saylov natijalariga jiddiy ta'sir ko‘rsatmagan. Ammo 2016 yilda o‘rta ta'lim olganlar (yoki umuman o‘rta ta'lim darajasiga ham ega bo‘lganlar) yoppasiga Trampni qo‘llab-quvvatlashdi - bunaqasi avval kuzatilmagandi», deya izohlaydi Pew Research tadqiqot markazining katta uslubchisi Endryu Merser.

So‘rovlar qanday o‘tkaziladi va natijalarni qanday talqin etish kerak?
So‘rov o‘tkazishning asosan ikki usuli mavjud - telefon orqali va onlayn. Birinchi usul uzoq yillar mobaynida sotsiologlar orasida oltin standart sifatida hisoblab kelingan. Ammo aynan qanday odamlarga telefon qilishni qanday hal qilish mumkin?

Har bir shtatda ro‘yxatdan o‘tgan barcha saylovchilarning aloqa ma'lumotlari qayd etib boriladi. So‘rovnoma o‘tkazuvchilar aynan shu qaydnomalardan (reyestr) foydalanishadi. Shu tariqa, turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha, masalan, yosh yoki ma'lumot darajasi bo‘yicha guruhlarni aniqlab olish mumkin.

So‘rovlar vaqti vaqti bilan onlayn tarzda ham o‘tkaziladi. Bu borada esa muammolar tug‘ilishi mumkin. Elektron pochtalarning yagona reyestri yo‘q, bu esa ishni qiyinlashtiradi. Bunday so‘rov o‘tkazishdan oldin kompaniyalar oddiy pochtadan foydalanishadi - odamlarga onlayn-so‘rovda ishtirok etish so‘ralgan xatlar yuboriladi. Masalan, Associated Press va Pew Research shu metodlardan foydalanadi.

Onlayn so‘rovlarni o‘tkazishning boshqa usullari ham bor - saylovchi tasodifan reklama kliki yoki boshqa havolani bosib yuborganida so‘rovda qatnashishga qaror qilishi mumkin. O‘z ma'lumotlarini qoldirish orqali, u bazaga kiritiladi, keyin uni shu yerda so‘rovlarda ishtirok etish uchun taklif qilib turishadi.

Bunday usullar muvaffaqiyatli ekani isbotlangan. Ammo so‘rovlar o‘tkazuvchi kompaniyalar uchun olingan natijalarni qanday talqin qilish bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya qilish muhimdir. Aks holda so‘rovlar jiddiy hisoblanmaydi.

Ikkinchi muhim masala - aniq natijalarga erishish uchun qancha odamdan javoblar olish kerak? Pew Research markazining katta metodologi Endryu Merser ko‘p sonli saylovchilar ishtirok etgan so‘rovlar muvaffaqiyatni kafolatlamasligini qayd etib o‘tgan: «Saylovchilar keng qamrab olinishi mumkin, ammo bunday so‘rov natijalari noaniqlikni kuchaytiradi».

Saylov kuniga bir necha oy vaqt qolganida gazetalar shu kabi sarlavhalar bilan chiqish qila boshladi: «Bayden Tramp bilan oradagi farqni oshirdi» yoki «So‘rovlar Tramp Bayden bilan oradagi farqni qisqartirdi» - bunday sarlavhalar o‘quvchini chalg‘itishi mumkin. Ekspertlar bunday so‘rovlarga ishonishdan oldin uni o‘tkazgan kompaniya nomiga qarashni maslahat berishadi.

«Biror so‘rovnoma natijalarini ko‘rganingizda, avvalo, u qanday tuzilgani va kimlar orasida o‘tkazilganiga e'tibor qarating. Metodikasi aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi muhimdir. Qoidaga ko‘ra, professional kompaniyalar hamisha o‘zlarining qanday ish olib borishganini ko‘rsatishga harakat qilishadi», deydi Merser.

Endi nima bo‘ladi?

Trampning Pensilvaniyadagi tarafdorlari uning chiqishini kutishmoqda. 2016 yil noyabri. Pensilvaniya o‘tgan safargi saylovlarda eng tebranuvchan shtatlardan biri bo‘lgandi

Iyun oyi boshida e'lon qilingan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Jo Bayden amaldagi prezidentni 12 foizga ortda qoldirgan. Ammo uch oy ichida Donald Tramp farqni qisqartirishga erishgan.

USA Today va Saffolk universiteti tomonidan o‘tgan oyda o‘tkazilgan qo‘shma so‘rovnomasi natijasiga ko‘ra, Bayden hozirda Trampni atigi 7 foizlik farq bilan ortda qoldirmoqda. Hozirda respondentlarning 50 foizi Baydenga ovoz berishga tayyor, Trampni - 43 foiz kishi qo‘llamoqda. So‘ralganlarning 7 foizi esa hali bir qarorga kelmaganini bildirgan. 2016 yil tajribasiga ko‘ra, aynan shunday guruhlar oxir-oqibat saylov natijasiga katta ta'sir ko‘rsatishadi.

Hozirda «tebranuvchi shtatlar» diqqat markazida bo‘lib turibdi. Tarixdan bunday shtatlarda na demokratlar va na respublikachilar yaqqol ustunlikka erisha olishgan. Shunday shtatlardan biri bo‘lmish Arizonada 11 delegat bor, Jo Bayden bu shtatda Donald Trampni uch foizlik punkt bilan ortda qoldirmoqda.

Sotsiologlar hozircha beqaror saylovchilar bilan nima qilishni bilishmayapti. Suratda ayol nyu-yorkliklarni ovoz berish uchun ro‘yxatdan o‘tishga chorlamoqda

To‘g‘ri, bu mintaqadagi demokratlarning yetakchilaridan biri Larri Bodayn raqamlarga umuman ishonmaydi: «So‘rovlar - bu illyuziya. 2016 yilgi voqeadan keyin men so‘rovlar natijalariga qaramaslikka qaror qilganman, men hamkasblarim bo‘lgan demokratlar o‘rinlar uchun qanday kurashayotganini kuzatishni ma'qul ko‘raman. Men doimo demokratik doiralarda bo‘laman, hozir hech kim so‘rovlarni muhokama qilmayapti. Menimcha, barcha so‘rovlar faqat o‘zingni xavfsiz his qilish haqida xayoliy tasavvur beradi».

Bu safar so‘rovlarga ishonchsizlikni to‘g‘ri tushunish mumkin. Ammo baribir 2016 yilgi xatolar hisobga olingan, deyishga asos bor. Sotsiologlar endilikda respondentlarni chindan ham sinchiklab saralashga e'tibor qaratishmoqda.

Masalan, respondentlar ichida oliy ta'limoti yo‘q bo‘lganlar ham katta ulushni tashkil etadi. Monmut universiteti direktori Patrik Myurreyning qayd etishicha, o‘tgan safargi so‘rovlarda ham ekspertlar so‘raluvchilarni tanlashda bu ko‘rsatkichga ham e'tibor qaratganida edi, Klinton Trampdan o‘shanda aytilganidek 4 foiz emas, 2 foiz oldinda bo‘lar edi.

So‘rov o‘tkazuvchi kompaniyalar bu safar ham qaror qabul qilishni so‘nggi pallalarga qoldiradigan saylovchilarning xatti-harakatlarini imkon qadar aniqroq prognoz qilishga urinishmoqda.

Masalan, o‘tgan safargi saylovlar vaqtida Ohayodagi Franklin universiteti va Pensilvaniyadagi Marshall universiteti saylov kuniga 10 kun vaqt qolganida saylovga boruvchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazishni to‘xtatishgan. Bu jiddiy xato edi, so‘nggi kunlargacha kimga ovoz berish bo‘yicha qaror qilmagan amerikaliklarning asosiy qismi Trampni tanlashgandi. Bu yil esa so‘rovlar saylov kunigacha o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Universitet professori Terri Madonnaning qayd etishicha, bu safar kimga ovoz berishini hal qilib olmagan saylovchilar soni 2016 yildagidan ko‘ra kamroq: «Asosiy savolga javob berishga qiynalayotganlar soni kam. Bu yili odamlar prezidentlik poygasiga jiddiy qarashmoqda. Albatta, ular ham saylovga ta'sir ko‘rsatishadi, ammo, hozir asosiysi o‘z elektorating qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lishdir».

Mavzuga oid