Jamiyat | 17:11 / 01.10.2020
13835
5 daqiqa o‘qiladi

«Nihoyat, o‘rnimdan tura olyapman...» - davolanishi uchun xayriya aksiyasi tashkil etilgan bemorlar Hindistondan salom yo‘llashmoqda

Kun.uz saytida e'lon qilingan xayriya aksiyalari qahramonlari orasida shifo izlab Hindistonga yo‘l olgan bemorlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ana shu hamyurtlarimizdan bir guruhi zarur operatsiyalarni o‘tkazib, sog‘aya boshlagach, biz bilan bog‘lanishdi va ko‘mak bergan saxiy insonlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

«Men o‘rnimdan tura olyapman...»

– Onam Hindistonga yetib bora olarmikan, degan hadikda yo‘lga chiqqandik. Yo‘l bo‘yi yotib kelgan, hushi ham o‘zida emasdi. O‘zimizda payti hatto o‘rnidan ham tura olmasdi, – deydi O‘g‘ilxon Mamadaliyevaning qizi Umida.

Kun.uz mushtariylari «Onasining operatsiyasi uchun tikuvchilik qilib pul yig‘ayotgan 5 qizga ko‘mak zarur» maqolasi orqali bu oila taqdiridan yaxshi xabardorlar. Unda onasini qutqarish ilinjidagi qizlar uylarining ham bir qismini sotganlari, biri jigarini berayotgani, yana biri esa shifoxonada parvarishlayotgani hikoya qilingandi.

– Dastlab kelganimizda begona yurtlarda qolib ketsak nima qilamiz, deb biroz qo‘rqqandim ham. Ammo Allohga ming shukr, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Men o‘rnimdan turib yurishimni, og‘riqlarim pasayishini shu qadar orzu qilgandimki, buni faqat o‘zim bilaman. Hozir reabilitatsiya bosqichidamiz, tahlillarni topshirsak, chiptalarni hal qilsak, O‘zbekistonga qaytamiz. Menga ko‘mak berganlarni butun umr duo qilib o‘taman, – dedi ko‘zida yosh bilan O‘g‘ilxon opa.

«O‘zbekistonda 14ta operatsiya o‘tkazgan qizim Hindistonda 15-operatsiyani boshdan kechirdi»

Qo‘qonlik Husniddin Soliyevning uch yashar qizalog‘i Osiyoxon Soliyeva uchun ham xayriya aksiya tashkil etilgan edi.

– Uch yashar qizimning bir yili uzluksiz operatsiyalarda o‘tdi. Ayni o‘ynab kuladigan payti azoblarda kechdi. Shu paytgacha 14 marta operatsiya o‘tkazdik va har safar umidimizni uzmay sog‘ayishini kutdik, – degandi ota biz bilan suhbatda.

Ota va bola ham shifo umidida Hindistonga yo‘l olganlar va «Respirator qaytalanuvchi papillamatoz. Xiqildoq, traxeya va qizilo‘ngachga tarqalishi bilan; birinchi darajali nafas yetishmovchiligi» tashxisi qo‘yilgan qizaloq hind jarrohlari tomonidan yana bir marta operatsiya qilingan.

– Xudoga shukr, qizimning ahvoli yaxshi. Albatta, diagnoz murakkabligi uchun bu yerdagi shifokorlar ham to‘kis tuzalib ketishga to‘liq kafolat bera olishmayapti. Ammo operatsiya bilan operatsiyaning farqi baribir sezildi. Allohdan sog‘ayib qaytamiz degan umidimiz bor. Yurtdoshlarimizdan iltimosim – qizimni duolaringizda eslang... Bu ancha murakkab kasallik ekan, eson-omon sog‘ayib ketsin. Bizga yordam qo‘lini cho‘zganlarning birlariga ming bersin ilohim, – dedi Husniddin Soliyev biz bilan onlayn suhbatda.

«Onam hozircha yura olmadi, lekin umidni uzmayapmiz»

Shifo ilinjida xorijga yo‘l olgan yana bir bemor – 17 yildan buyon bo‘g‘imlarning og‘ir kasalligi bilan kurashib kelayotgan Nasiba Xudoyqulova ham Dehlida murakkab operatsiya o‘tkazgan. Bu yurtdoshimiz haqida «Onajonim yurib ketishi uchun hamma narsaga tayyorman – mushtipar ayol va uning qizi ko‘makka muhtoj» nomli maqolamizda hikoya qilgandik.

– Onam bilan Hindistonga kelishimizdan oldin bizga 8 ming dollarlik operatsiya hujjatini berishgandi. Biz Kun.uz saytining saxovatli mushtariylari va tanishlarimiz ko‘magida ana shu mablag‘ni to‘plab kelgandik, – dedi biz bilan suhbatda Nasiba ayaning qizi Muborak Qosimova.

– Ammo o‘tgan vaqt davomida onamning ahvoli yanada og‘irlashgan, kasallik yanada zo‘rayib ketgan ekan. Ikki bosqichli, qo‘shimcha uskunalar zarur bo‘lgan, qiymati 12 ming dollarli operatsiya tayinlashdi. Ilojsizlikdan zudlik bilan ma'lum shartlar asosida qarz olishga majbur bo‘ldik...

Hozir operatsiyani o‘tkazdik, ammo tiklanish jarayoniga 1–1,5 oy vaqt zarur bo‘lib, operatsiya qilgan shifokor nazoratida bo‘lishimiz kerak ekan. Onamni eson-omon yurgizib olib qaytsam, armonim qolmasdi. Murakkab vaziyatda bizga yordam bergan va berish istagida bo‘lganlardan hamisha minnatdor bo‘laman, – deya so‘zlarini tugatdi Muborak.

Muhtojlikdan yordam so‘ragan bemorlarning mushkullari oson bo‘layotganini eshitib xursand bo‘lamiz, albatta. Ammo bir o‘y tinchlik bermaydi: qachongacha bemorlar va aql «eksporti» bilan shug‘ullanamiz, zamonaviy texnologiyalar va shijoat «importi»ni ortga suramiz?

Tibbiyotimizda tub islohotlar davri allaqachon kelganini tan olish vaqti kelmadimi?!

Abror Zohidov

Mavzuga oid