Jamiyat | 21:47 / 01.10.2020
28650
7 daqiqa o‘qiladi

Qumqo‘rg‘onda 6,5 mlrd so‘mga qurilgan ko‘prik qulab tushdi. Aholi 5,5 mlrd so‘mlik yo‘l ham yaroqsiz bo‘lishidan xavotirda

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Ko‘ganli mahallasida 6,5 milliard so‘mga qurib bitkazilgan ko‘prik hech qancha vaqt xizmat ko‘rsatmay qulab tushgan. Aholi shu mahalladagi yangi yo‘l qurilishi ham xuddi shunday sifatsiz bajarilib, yaroqsiz holga kelib qolishidan qo‘rqmoqda, deb yozadi Daryo.uz.

Onlayn nashrga shikoyat qilgan qumqo‘rg‘onliklar yo‘l ta'miri uchun ajratilgan 5,5 milliard so‘m to‘g‘ri sarflanmayapti, degan fikrda.

«Mahallamiz hududidan o‘tuvchi 19 km yo‘l ta'miri uchun 5,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 2020 yilning yanvar oyida ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Biroq ta'mirlash ishlari loyihada ko‘rsatilgandek amalga oshirilmayapti. Bu esa yo‘lning sifatsiz qurilishiga sabab bo‘ladi», — deydi Ko‘ganli mahallasida yashovchi Umbar Zoirov.

Umbar Zoirovning ma'lumot berishicha, Sariosiyodan olib kelinishi lozim bo‘lgan shag‘al, Jarqo‘rg‘ondan kelishi lozim bo‘lgan qum va neft mahsulotlari olib kelinmayapti. Ularning o‘rniga loyli qum va sifatsiz shag‘aldan foydalanilmoqda.

Murojaatchilar mahallada 2017 yil oxirida 6,5 milliard so‘mga qurilib, foydalanishga topshirilgan ko‘prik 2020 yil boshiga kelib yaroqsiz holga kelganini ta'kidlab, qurilayotgan yo‘l ham shunday sifatsiz bajarilgach, hech qancha vaqt o‘tmay yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

«Yo‘l sifatsiz ta'mirlanayotgani, shuningdek, qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilayotgan payt yo‘l belgilari o‘rnatilmagani sabab biz bundan norozi bo‘ldik va ta'mirlash ishlari to‘xtatilishini talab qildik, — deydi aholi vakillari. — Ushbu hududda 500 nafar o‘quvchi o‘qiydigan 43-maktab bor. 2020 yil yanvarda ta'mirlash ishlari boshlangan payt loyli qum to‘kilgani sabab farzandlarimiz maktabga borishda loyga botib qolardi. Ayni kunlarda esa chang to‘zondan aziyat chekyapmiz».

Aholining qo‘shimcha qilishicha, talabga javob bermaydigan yo‘l sabab yo‘lkira narxlari ham keskin oshgan.

«Taksilar mahallamizga kirish joydagi katta yo‘ldan Denovga qadar 8 ming so‘m bilan olib borishsa, Elbayon orqali Sho‘rchi tumaniga olib chiquvchi 19 km yo‘lga 10 ming so‘m so‘rashadi. Sababi – yo‘l buzuq va sifatsiz. Qolaversa, ayni kunda chang va yurib bo‘lmaydigan darajaga kelgan», — deydi To‘xtamish Ibragimov.

Qumqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mas'ul xodimi Husan Rahimovning ma'lumot berishicha, yo‘l ta'miri haqiqatan ham 2020 yil yanvar oyida boshlangan bo‘lib, barcha me'yoriy talablar asosida bajarilmoqda.

«Aholida norozilik kuzatilayotgani bor gap. Shu bois ham aholi yo‘lning ta'mirlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Biroq biz «Termizavtoyo‘l» MChJ tomonidan belgilangan me'yoriy talablar asosida ish bajaryapmiz. Lekin buni odamlarga tushuntirolmayapmiz. Odamlar tushunishni istamayapti», — deydi Husan Rahimov.

Aholining qo‘shimcha qilishicha, mazkur mahalla tuman IIB boshlig‘i rahbarligidagi uchinchi sektor hududi bo‘lib, aholi sektor rahbarini tanimaydi. Uning faoliyatidan bexabar.

Tuman IIB boshlig‘i, uchinchi sektor rahbarini taniydigan To‘xtamish Ibragimov esa qulab tushgan ko‘prik masalasiga e'tibor qaratgan IIB boshlig‘i muammoni o‘rganib, tez orada hal etishini ma'lum qilganini, biroq muammo haligacha yechim topmaganini bildirmoqda.

«Mana shu ko‘prik 1 yil 7 oy deganda shunday avariya holatiga kelib qoldi. Holbuki, bu ko‘prikka 6,5 milliard so‘m sarflangandi. Ish sifatsiz bajarilgani uchun ko‘prikning «umri qisqa» bo‘ldi. Biz yo‘limiz ham shunday sifatsiz ta'mirlanib, hech qancha vaqt o‘tmasdan yaroqsiz holga kelishidan qo‘rqyapmiz», — deydi Odina bobo Abdurahimov.

Qumqo‘rg‘ondan reportaj e'lon qilingach, qurilganidan ko‘p o‘tmay qulab tushgan ko‘prik masalasida Surxondaryo viloyati prokuraturasi o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.

«Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi, davlat ahamiyatidagi 4R-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo‘lining 76-kilometrida joylashgan, «Polvontosh» selgasi ustidan o‘tgan, uzunligi 66 pogonometr bo‘lgan ko‘prikning oraliq tayanch ustunlari 1 metrga cho‘kishi va ustki plitalari qulashi natijasida ko‘prik yaroqsiz holatga kelib, hozirgi kunda piyodalar va avtomashinalar harakati cheklangan.

Mazkur holat yuzasidan «Surxon qurilish nazorat o‘lchov» MChJ va viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga ko‘ra, o‘tkazilgan nazorat o‘lchovida pudratchi korxona tomonidan haqiqatda bajarilgan ishlar «Bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi schyot-faktura ma'lumotnomasi» (Forma-3)ga qo‘shib yozish holatlari aniqlanmagan.

Loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan bajarilmagan ishlar hajmi 34 mln 491 ming 265 so‘mni tashkil qilishini va mavjud pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida imzolangan 21.04.2014 yildagi 3/TO-2014-sonli shartnomaning 3-qismi (pudratchining majburiyatlari) 4-bandi pudratchi tomonidan to‘liq bajarilmagani ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika Maxsus komissiyasining 17.03.2020 yildagi 01-14/1-234-raqamli 6-sonli yig‘ilish bayonida «Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash» maqsadida omma o‘rtasida koronavirus kasalligi tarqalib ketishini oldini olish uchun karantin e'lon qilinib, shaxslar bilan muloqot qilish vaqtinchalik to‘xtatilgani sababli har qanday tergov harakatlarini o‘tkazishning imkoni yo‘qligi, mazkur holatni oydinlashtirish uchun boshqa shaxslardan va mutaxassislardan xulosa olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan.

Shu sababli, 18.06.2020 yilda Termiz transport prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Ushbu qaror 29.09.2020 yilda Transport prokurori tomonidan bekor qilinib, hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi rasmiy munosabatda.

Mavzuga oid