Qorabog‘dagi urush. Erdo‘g‘an Putin va Makronga tinchlik takliflari bilan suqilmaslikni maslahat berdi
Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning beshinchi kunida Fransiya, AQSh va Rossiya ozarboyjonliklar va armanistonliklarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib qo‘shma bayonot bilan chiqishdi, ammo Turkiya prezidenti ularga bu chaqiriq o‘rinsiz ekanini aytib javob qaytardi. Ziddiyat tomonlari ham tinchlikka chaqiriqlarga quloq solishni istashmayapti.
«Biz ikki tomon o‘rtasidagi qurolli harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz. Biz Armaniston va Ozarboyjon rahbarlarini zudlik bilan yaxshi qo‘shnichilik majburiyatini zimmasiga olishga va dastlabki shartlarni ilgari surmasdan YeXHTning Minsk guruhi hamraislari ko‘magida munosabatlarni tartibga solish uchun muzokaralarni yangilashga ham chaqiramiz», deyiladi Rossiya, AQSh va Fransiya prezidentlari Vladimir Putin, Donald Tramp va Emmanuel Makron bayonotida.
Bu uch davlat 28 yildan buyon Qorabog‘ nizosini hal qilish maqsadida tuzilgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi hamraislari hisoblanadi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu bayonot e'lon qilinishidan avvalroq bu uch davlat tinchlikparvar tashabbuslar bilan chiqish huquqiga ega emasligi haqida gapirgandi.
«AQSh, Rossiya va Fransiya qariyb 30 yil mobaynida bu muammoni e'tiborsiz qoldirib kelganini inobatga olsak, ular o‘t ochishni to‘xtatish yo‘llarini izlashda ishtirok etishlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», degan Turkiya parlamentida chiqish qilgan Erdo‘g‘an. U tinchlik faqatgina «arman bosqinchilari» Tog‘li Qorabog‘ni tark etganida bo‘lishini aytib o‘tgan.
Turkiya Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Ozarboyjonni qat'iy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Bu vaqtda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Qorabog‘da Turkiya ta'siridagi suriyalik jangarilar ham jang qilayotgani haqidagi jahon nashrlari tomonidan e'lon qilinayotgan xabarlarni tasdiqladi.
«Bizda suriyalik jangarilar Gaziantep orqali Tog‘li Qorabog‘ yo‘nalishida harakatlanganini ko‘rsatuvchi aniq ma'lumotlar bor. Bu tasdiqlangan haqiqat, bu odamlarning shaxsi aniqlangan va kuzatilgan, ularning barchasi IShIDga aloqador. Men buni prezident Vladimir Putin bilan muhokama qildim, u ham Rossiya shunday ma'lumotga egaligini tasdiqladi.
Bu juda jiddiy fakt. Yaqin soatlar ichida biz buni shu yerda, sammitda muhokama qilamiz», degan Makron jurnalistlarga Bryusselda YeI sammiti boshlanishi arafasida.
U, shuningdek, Turkiyaning o‘zini tutishi NATO a'zosi sifatida nomaqbul ekanligini qo‘shimcha qilgan va Anqara «qizil chiziq»ni kesib o‘tganini ta'kidlagan.
«Biz prezident Tramp va prezident Putin bilan zarur xulosalar qilish uchun bu vaziyat bo‘yicha barcha ma'lumotlarni almashishga kelishib oldik. YeXHTning Minsk guruhi ishtirokchilari sifatida biz vaziyatni normal holatga qaytarish va shubhasiz o‘t ochishni to‘xtatish maqsadida harakat qilyapmiz», deya qo‘shimcha qilgan u.
Rossiya TIVning rasmiy vakili Mariya Zaxarova payshanba kuni Rossiyada ham bu mavzuda ayrim ma'lumotlar borligini aytib o‘tgandi. Undan avvalroq Rossiya TIV Qorabog‘ga Suriya va Liviya hududidan jangarilar keltirilayotgani haqidagi xabarlardan taassufda ekani haqida qisqacha bayonot bergandi.
Shu hafta davomida Qorabog‘dagi harbiy harakatlarda suriyalik yollanma jangarilar ham ishtirok etayotgani to‘g‘risida Britaniyaning BBC, Times va Guardian gazetalari, Fransiyadagi L'Express va boshqa ko‘plab nashrlar yozib chiqqandi.
To‘qnashuvlar boshlangan 27 sentabr kuni bosh ofisi Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) ham «Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan suriyalik 300 jangchi Ozarboyjonga o‘tgani va bu da'volar ishonchli manbalarga asoslangani» haqida ma'lumot tarqatgandi. Observatoriya yakshanba kuni Suriyaning Afrin shahridan kelgan ushbu jangchilar bir necha kun oldin Ozarboyjonga yetib kelgani va boshqa jangchilar ham yo‘lga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotganini iddao qilgan.
Payshanba kuni Qorabog‘da ikki nafar fransiyalik va ikki nafar armanistonlik jurnalist artilleriyadan o‘t ochilishi oqibatida jarohatlangan. Shuningdek, ushbu hujum vaqtida mahalliy aholi vakillaridan biri halok bo‘lgan.
Fransuzlardan biri og‘ir ahvolda ekani, u Stepanakertdagi shifoxonada operatsiya qilingani aytilgan.
Ikki fransuz jurnalisti ham Le Monde nashri xodimlaridir. Martuni rayoni markazi «Grada»dan o‘qqa tutilgan vaqtda ular bilan birga «Frans press» va Rossiyadagi «Dojd» telekanali jurnalistlari ham bo‘lgan, ammo ular bu hujumdan jarohatlanmagan.
Ikki tomon ham dushmanning yo‘qotishlari to‘g‘risida ma'lumotlar berishda davom etmoqda.
Masalan, payshanba kuni Armaniston raqibning uch samolyoti, uch vertolyoti va oltita uchuvchisiz uchish qurilmasi yo‘q qilingani haqida xabar tarqatdi. Ozarboyjonlik harbiylar esa bularning barchasi yolg‘onligini bildirdi.
Ozarboyjon tomoni hamon o‘z yo‘qotishlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni oshkor etmayapti. Bokudagilar faqat armanlarning artilleriya hujumlari oqibatida tinch aholi orasida 19 kishi halok bo‘lib, 55 kishi yaralangani haqida ma'lum qilgan.
Armaniston tomoni qurbon bo‘lgan harbiylari ro‘yxatini e'lon qilib bormoqda: payshanba kuni kechqurun holatiga ko‘ra ro‘yxatda 104 kishining nomi keltirilgan.
Bundan tashqari, qorabog‘lik ombudsmen Artak Beglaryan o‘tgan 5 kun davomidagi janglar vaqtida tinch aholi orasida 11 kishi halok bo‘lgani va 60 nafarga yaqin kishi yaralangani haqida ma'lumot bergan.
Front chizig‘ida hamon o‘zgarishlar yo‘q. Ozarboyjon janglarning ilk kunida, 27 sentabr kuni front chizig‘ining janubiy qismida, Eron bilan chegaralar yaqinida oldinga siljish kuzatilgani va Qorabog‘ shimolidagi bir necha tepaliklar egallangani haqida ma'lum qilgandi, o‘shandan buyon yangi muvaffaqiyatlar haqida hisobot berilmagan.
Harbiy harakatlar qanday boshlangandi?
Armaniston mudofaa vazirligi yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:10da Ozarboyjon tomonidan tinch aholi punktlariga hujum uyushtirilganini e'lon qildi.
Armaniston Ozarboyjonning ikkita vertolyoti, uchta droni va uchta tanki yo‘q qilganini e'lon qildi. «Javobimiz hisobli bo‘ladi, vaziyat uchun Ozarboyjonning harbiy-siyosiy rahbariyati javobgardir», deyiladi Armaniston mudofaa vazirligi bayonotida.
O‘z navbatida Ozarboyjon tomoni ham «Armanistonning chegaradagi jangovar harakatlariga barham berish va tinch aholi xavfsizligini ta'minlash uchun qarshi hujumga o‘tilgani»ni ma'lum qildi.
2016 yilda ham mintaqada to‘rt kun davomida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgandi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yillar davomida muammoni hal qilish uchun vositachilik faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Rossiya, Fransiya va AQShni o‘z ichiga olgan Minsk guruhining ham shu kabi faoliyati hanuz hech qanday natija bermadi.
Turkiyaning pozitsiyasi
«Biz arman xalqini o‘zini o‘zi falokatga olib boruvchi hukumatlari va ularni qo‘g‘irchoqdek o‘ynaganlarga qarshi turishga, o‘z kelajaklariga ega chiqishga da'vat qilamiz. Biz butun dunyoni zulmga qarshi kurashda Ozarboyjonning yonida turishga chorlaymiz», dedi 27 sentabr kungi xabarlar ortidan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.
Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalin Turkiya Armanistonning Ozarboyjonga qarshi hujumini keskin qoralashi va bu tajovuzga qarshi Ozarboyjonning yonida turishi haqida gapirdi.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Hami Aksoy ham ushbu masala bo‘yicha munosabat bildirdi. «Armaniston qurolli kuchlari bugun ertalab o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzgan holda oldingi chiziqda Ozarboyjon armiyasi bilan Terter tumaniga qarashli Kapanli, Ag‘dam tumaniga qarashli Chirakli va Ortakerbent, Fuzuliy tumaniga qarashli Alhamli va Shukurbeyli qishloqlariga og‘ir qurollar bilan hujum qilganidan xabar topdik. Biz Armanistonning xalqaro huquqni ochiqdan ochiq buzishi va fuqarolarning qurbon bo‘lishiga olib keladigan hujumlarini qat'iyan qoralaymiz. Bu jarayonda Turkiya Ozarboyjonni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Ozarboyjon qanday xohlasa, o‘shanday yonida turamiz», dedi u.
Turkiya mudofaa vaziri Xususi Akar Kavkazdagi tinchlik va barqarorlikka eng katta to‘siq Armanistonning tajovuzkor munosabati ekanini qayd etib o‘tdi.
Adolat va taraqqiyot partiyasi spikeri Umer Chelik ham Armanistonning hujumi haqida bayonoti bilan chiqdi. «Biz Armanistonning Ozarboyjonga hujumini keskin qoralaymiz. Armaniston yana bir bor noqonuniy provokatsiyani amalga oshirdi. Armanistonga aloqador qirg‘in tarmoqlari ushbu xurujlar orqali insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etmoqda. Xalqaro hamjamiyat Armanistonga qarshi o‘z ovozini ko‘tarishi kerak», dedi u.
Turkiya MHP rahbari Davlat Bog‘chali ham masala yuzasidan yozma bayonot berdi. «Qorabog‘ turknikidir, turkning vatanidir. Hech kim bu haqiqatni o‘zgartira olmaydi. Yagona maqsadi turk dushmanligi bo‘lgan Armaniston va uning yollangan qurolli kuchlari turk millatini tutib qolish imkoniga ega emas. Qonimiz bilan, jonimiz bilan, butun borlig‘imiz bilan Ozarboyjonning yonidamiz», degandi Bog‘chali.
Qorabog‘ nizosi - qisqacha tarixi
Arman va ozar harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar — etnik nizoning navbatdagi epizodi bo‘lib, bu ziddiyat markazida Tog‘li Qorabog‘ maqomi bo‘yicha hududiy bahs turadi.
Sovetlar davrida bu hudud avtonom oblast sifatida Ozarboyjon SSR tarkibida bo‘lgan, ammo hudud aholisi orasida armanlar ko‘pchilikni tashkil etgan.
Mahalliy armanlarning Armaniston bilan birlashuv uchun harakatlari SSSR hukumati tomonidan bostirilishi oxir-oqibat mojaroga olib kelgan, SSSR parchalangach esa keng miqyosli urush boshlangan, harbiy harakatlar davomida etnik tozalashlar o‘tkazilgan, harbiy jinoyatlar sodir etilgan.
Urush 1994 yilda YeXHTning Minsk guruhi (Rossiya, Fransiya va AQSh) vositachiligida sulh tuzilishi bilan yakunlangan.
Sulh bitimidan keyin Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi yettita tuman arman harbiylari nazoratida qolgan. Bu hududda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tashkil etilgan. Boku esa bu hududni armanlar tomonidan bosib olingan o‘z hududi deb hisoblaydi.
Yerevan rasman Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tan olmagan, ammo o‘zini uning xavfsizligi kafolati deb biladi, respublika budjeti va armiyasi Armaniston bilan chambarchas bog‘liq.
1994 yildan buyon o‘tkazilgan tinchlik muzokaralari naf bermagan.
Mavzuga oid
20:48 / 25.12.2024
Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini «ko‘mishga» va’da berdi
20:38 / 20.12.2024
Erdo‘g‘an Suriya shimolidagi terrorchilarni zararsizlantirish vaqti kelganini aytdi
17:52 / 17.12.2024
WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda
16:24 / 15.12.2024