Yevropa ittifoqi Belarusning rasmiy shaxslariga qarshi sanksiyalar kiritdi
Yevropa ittifoqi sammitining birinchi kuni yakunlariga ko‘ra YeIga kiruvchi davlatlar yetakchilari Belarusning rasmiy shaxslariga qarshi sanksiyalar kiritish bo‘yicha kelishib olishdi. Yevrokengash rahbari Sharl Mishel YeIning sanksiyalar ro‘yxatiga 40ga yaqin kishi kiritilishini e'lon qilgan. Biroq ular orasida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko yo‘q.
“Bugun biz qaror qabul qildik, juma kuni [2 oktabr] u yozma ravishda rasmiylashtiriladi”, deb aytgan Mishel. Uning ta'kidlashicha, bu Yevropa ittifoqi Belarusdagi fuqarolik jamiyati, matbuot va so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashiga “yaqqol ishoradir”. Mishel jurnalistning tegishli savoliga javoban ro‘yxatda Lukashenko yo‘qligini tasdiqlagan.
Yevrokengash rahbarining aytishicha, sanksiyalar Belarusda zo‘ravonlik qo‘llanishiga hamda prezident saylovlaridagi soxtalashtirishlarga javobgar shaxslarga nisbatan qabul qilingan.
Yevropa ittifoqi sammitining ilk kuni, shuningdek, Sharqiy O‘rta yer dengizidagi vaziyat va Turkiya bilan munosabatlar, Xitoy bilan muloqot, Belarusdagi vaziyat, Tog‘li Qorabog‘dagi ixtilof va rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi kabi mavzular muhokama qilingan.
Avvalroq Boltiq davlatlari, Britaniya va Kanada Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, uning o‘g‘li Viktor va belaruslik yana 6 nafar yuqori lavozimli mansabdor shaxsga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Yevropa ittifoqi Belarusga qarshi sanksiyalar bo‘yicha avvalroq kelishuvga erishgan, biroq ularning kuchga kirishi Turkiyaga qarshi sanksiyalar kiritilishini talab qilgan Kipr tomonidan bloklangan. Ammo Kipr YeI bo‘yicha ittifoqdoshlarini bunga ko‘ndira olmagan. YeI davlatlari Turkiyaga muloqot uchun yana bir imkoniyat berishga va bu mavzuni keyingi sammitga qoldirishga qaror qilishgan.
Belarusda 2 oydan beri prezident saylovlari natijalariga qarshi norozilik namoyishlari davom etmoqda. Muxolifat saylovlar natijalarini tan olmayapti va ular soxtalashtirilgan deb hisoblamoqda.
Mavzuga oid
09:20 / 02.03.2024
Yevroittifoq kengashi Ukrainaga 50 mlrd yevro ajratishni ma’qulladi
10:25 / 03.05.2023
O‘zbekistonda Yevropa kuni o‘tkaziladi
10:37 / 19.04.2023
Senat raisi Tanzila Norboyeva YeI vakillari bilan uchrashdi
21:36 / 20.12.2022