Dunyodagi vaziyat: Isroilda istiqbolli davolash usuli topildi, hid sezish yo‘qolishi esa eng ishonchli alomat hisoblanyapti
Al-Qudsning Hadassa kasalxonasida og‘ir yoki o‘ta og‘ir ahvolda koronavirusdan aziyat chekayotgan besh nafar bemor bir necha kunlik tajriba usulidagi davolanishdan so‘ng to‘liq sog‘aydi. Bundan tashqari, testlar ularning qonida virus yo‘qolganini ko‘rsatdi.
BBC Russian dunyoda koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi voqealar dayjestini keltirdi.
Barcha bemorlar Isroilning Enlivex Therapeutics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va immunoterapiyaga ixtisoslashuvchi Allocetra preparati bilan davolangan.
Allocetra Covid-19 bemorlarida tez-tez kuzatiladigan ko‘plab organlar ishdan chiqishi va hatto o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan yuqori immunitet reaksiyasini pasaytiradi.
Garchi, to‘liq ishonch hosil qilish uchun, sog‘aygan bemorlar yana 28 kun davomida shifokorlar tomonidan nazorat qilinishi kerak bo‘lsa-da, hozircha ularning hech birida nojo‘ya ta'sir aniqlanmadi.
Enlivex kompaniyasi preparatning yanada keng ko‘lamli klinik sinovlarini boshlaydi.
Hid sezish qobiliyati yo‘qolishi - koronavirusning asosiy alomati
London Universitet kolleji (UCL) tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni aniq ko‘rsatdiki, hid sezish yo‘qolishi koronavirus infeksiyasining nihoyatda aniq va balki asosiy alomatidir.
Aprel oyida shifokorlar ta'm yoki hid sezish qobiliyatining yo‘qolishi infeksiyalanishdan darak berishi mumkinligini anglab yetishgandi, may oyi o‘rtalariga kelib esa bu koronavirus alomati ekani rasmiy tan olindi.
Amaldagi qoidalarga muvofiq, bunday alomat kuzatilgan odamlar darhol o‘zini yakkalash tartibiga o‘tishi va koronavirusga tahlil topshirishi kerak. Biroq hanuz yo‘tal va yuqori isitma asosiy belgi sifatida hisoblab kelingan.
Yil boshida hid sezish qobiliyatini yo‘qotgan 590 kishini tekshirgan UCL mutaxassislarining fikriga ko‘ra, endilikda aynan hid sezish qobiliyati yo‘qolishini kasallik yengil shaklda o‘tsa ham, virus yuqtirishning asosiy alomati deb hisoblash zarur.
Parij xavfning uch chegarasini bosib o‘tdi
Parijda dushanba kunidan boshlab koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq maksimal darajadagi xavf joriy etiladi.
Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran matbuot anjumanida ta'kidlaganidek, poytaxt va uning atrofidagi hududlar eng yuqori darajadagi xavf holatini joriy etish uchun zarur bo‘lgan uchta chegarani bosib o‘tdi. Ulardan biri 100 ming kishiga 250 nafar bemor to‘g‘ri keluvchi darajadan oshishdir.
Bundan tashqari, Fransiyada payshanba kuni oxiriga kelib so‘nggi 24 soat ichida kasallik yuqtirganlar soni 13 mingdan oshdi.
Veranning so‘zlariga ko‘ra, Parijdagi reanimatsiya bo‘limlarining 30 foiz imkoniyatlari allaqachon koronavirus bemorlarini davolashga safarbar qilingan. Vazirning ta'kidlashicha, xavfning maksimal darajasi kiritilgandan so‘ng hozirda kechki soat 10gacha faoliyat yuritayotgan restoran va barlarni yopishga, shuningdek, hatto qarindoshlar bilan ko‘rishishni taqiqlashga to‘g‘ri keladi.
Yevropaning yana bir poytaxti Madridda ham qisman lokdaun joriy qilindi. Ispaniya hukumati aholiga o‘ta zarurat bo‘lmaganda o‘z uylarini tark etishni taqiqladi.
Shu munosabat bilan JSSTning ogohlantirishicha, Yevropada koronavirus kasalligining o‘sishi har kim uchun ogohlantirish vazifasini o‘tashi kerak.
«Oltilik qoidasi» ish beryapti
Uchta mustaqil tadqiqot ma'lumotlari shuni ko‘rsyaptiki, Angliya va Uelsda koronavirus infeksiyasi tarqalishi o‘tgan haftalarga nisbatan sekinlashdi.
Milliy statistika byurosining bir hafta oldin e'lon qilgan hisob-kitoblariga ko‘ra, Angliya va Uelsda har 500 kishidan bir kishi Covid-19'ni yuqtirib olgan. Bemorlar soni avvalgidek ko‘p bo‘lsa-da, uning tarqalishi sekinlashdi. Mutaxassislar buni himoya choralari, xususan, «oltilik qoidasi»ga qat'iy rioya qilinishi bilan izohlamoqda.
Ayni paytda, juma kuni Buyuk Britaniya hukumati bir bemor o‘rtacha qancha odamga virus yuqtirishini ko‘rsatuvchi R koeffitsiyenti bo‘yicha o‘zining bahosini o‘rtacha 1,3-1,6gacha ko‘targan. 1dan yuqori bo‘lgan har qanday ko‘rsatkich epidemiya tarqalishda davom etayotganini anglatadi.
O‘tgan kun davomida Britaniyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 6914ta yangi holat aniqlandi, 59 kishi vafot etdi. Shunday qilib, Covid-19'ga musbat natija ko‘rsatganidan keyingi 28 kun ichida vafot etgan insonlar soni umumiy hisobda 42 ming 202 nafarga yetdi.
Mamlakatning ikkinchi yirik shahri Birminhemni o‘z ichiga olgan Vest-Midlends grafligi hukumati emlash kampaniyasiga noyabr oyining boshiga qadar tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yo‘riqnoma oldi. Bu yil oxirigacha vaksina paydo bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Amazon'ning 20 ming ishchisi koronavirus bilan kasallangan - kompaniya xatarni qoniqarli deb atayapti
Amazon kompaniyasi o‘zining AQShdagi 20 mingga yaqin xodimi koronavirus bilan kasallanganini tasdiqladi.
Kompaniya pandemiya paytida ishlashni davom ettirayotgani sababli, xodimlarining hayoti va sog‘ligini asossiz xavf ostiga qo‘ygani uchun tanqid qilinmoqda. Biroq, Amazon rahbarlari ko‘plab odamlar xaridlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri do‘konlarda amalga oshira olmayotgan bir sharoitda kompaniya yetkazib berish xizmati orqali muhim vazifani bajarayotganini ta'kidlamoqda.
Bundan tashqari, Amazon'dagilarning aytishicha, bemorlar dunyo bo‘ylab faoliyat yurituvchi 1,37 million ishchi sonining atigi 1,44 foizini tashkil qiladi.
Amazon ijtimoiy masofalanish, barcha ishchilar haroratini doimiy ravishda o‘lchab turish va har yarim soatda binolarni dezinfeksiyalash kabi keskin choralarni joriy qilgan.
Yangi Zelandiyadan Avstraliyaga - karantinsiz
16 oktyabrdan Yangi Zelandiya aholisiga Avstraliyaga majburiy karantin tartibisiz uchish huquqi beriladi. Yangi Zelandiya avstraliyaliklar uchun shu kabi huquq berishi mumkinligi haqida hali xabarlar yo‘q.
Pandemiya davrida u yerda 2 mingga yaqin kasallanish holati va 25 o‘lim qayd etilgan. Avstraliyada 27 ming bemor ro‘yxatga olingan va 888 kishi vafot etgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi havo qatnovi pandemiya boshlangan mart oyida to‘xtatilgan edi.
Biroq ruxsat hozircha faqat Yangi Janubiy Uels va Shimoliy hudud shtatlariga taalluqli - boshqa shtatlar ma'murlari cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qiladi.
Avstraliyaning federal hukumati holdan toygan iqtisodiyotga yordam berish uchun ichki va xalqaro parvozlarni iloji boricha tezroq tiklashga intilayotgan bo‘lsa, Viktoriya shtati hali ham Melburndagi koronavirus avj olishidan keyingi lokdaunda qolmoqda.
Mavzuga oid
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
16:05 / 24.12.2024
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01 / 24.12.2024
Isroil Eronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirganini ilk bor tan oldi
00:02 / 22.12.2024