O‘zbekiston | 08:35 / 03.10.2020
46382
4 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Toshkent viloyati bosh infeksionistiga qo‘llanilgan ehtiyot chorasiga munosabat bildirdi

Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning kichik yoshdagi bolalari borligini e'tiborga olib, ish bo‘yicha sud hukmi chiqmagunicha uni qamoqqa olmaslik ham mumkin edi, deb hisoblaydi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva.

Foto : KUN.UZ /arxiv

2 oktabr kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanini «Qizil hudud»dan chiqarish bo‘yicha Xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ham ishtirok etdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimiga ko‘ra qoniqarsiz deb topilgan 33ta tuman qatorida Yangiqo‘rg‘on tumani ham borligi va tumanni bu ro‘yxatdan chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir so‘ngida Tanzila Norboyeva jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Kun.uz muxbiri Senat rahbarining Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan tergov jarayoni va unga tanlangan ehtiyot chorasi bo‘yicha fikri bilan qiziqdi.

«Bu juda ham og‘ir masala. Og‘ir jinoyat qilganlar ham chetga chiqib ketmaslik sharti bilan uyda saqlanadi, bolasining oldida, oilasida bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, uning jinoyati qanchalik og‘ir yoki og‘ir emasligiga hozir baho bera olmayman, lekin ayol kishi, kichkina bolasi borligini e'tiborga olib, hozircha qamoqqa olmaslik ham mumkin edi, qachonki sud qaror chiqarmagunicha», – dedi Norboyeva.

Avvalroq Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Matmuratov Bosh prokuratura rasmiylariga Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasini garov, shaxsiy kafillik yoki uy qamog‘i tarzidagi, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirishni tavsiya qilgani ma'lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirusga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

Keyinroq bu masalada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov o‘z munosabatini bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashmagani, G.Yo‘ldosheva asossiz ma'lumotlar tarqatayotganini aytdi.

8 sentabr kuni Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura bu holatga munosabat bildirib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘ladigan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgani va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma'lum qildi.

Sudning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati JIB Toshkent viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ayblanuvchiga nisbatan qo‘llangan qamoqda saqlash bilan bog‘liq ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov u aybsizligini aytib, tergov noxolis olib borilayotganini ta'kidlamoqda.

Mavzuga oid