O‘zbekiston | 23:15 / 06.10.2020
9727
6 daqiqa o‘qiladi

«Yaqin yillar ichida hokimlarni saylash tizimiga o‘tamiz, lekin bu qachon bo‘lishini aytolmayman» – Tanzila Norboyeva

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva hokimlar albatta saylanishi kerakligi, biroq bu jarayon bosqichma-bosqich bir necha yil davomida amalga oshirilishini aytib o‘tdi. U bu haqda bugun – 6 oktabr kuni Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan Senati kengashining sayyor majlisidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qilgan.

«Hokimlar saylovi masalasida davlatimiz rahbari bir necha bor aytgandi. Menimcha ikki yil oldin Parlamentga murojaatida ham bu haqda gapirgandi. Hokimlar saylovi bo‘lishi kerak. Albatta, bu demokratik davlatlarning hammasida mana shunday jarayon, saylov orqali mahalliy ijro organlari saylanadi. Bizda ham shu jarayonga qadamlar qo‘yilyapti. Kuni kecha ham videoselektorda davlatimiz rahbari buni yana bir bor ta'kidlab o‘tdi. Lekin qachon bo‘ladi, degan savolingizga men hozir aniq javob berolmayman.

Bizda hammasi bosqichma-bosqich bo‘layapti. Biz hali hokimlar sayloviga o‘zimiz tayyor emasmiz. Tassavur qiling, mana kuni kecha Rossiya Federatsiyasining qaysidir provinsiyasida obodonlashtirish sohasida ishlaydigan bir ayolni gubernator qilib saylab qo‘yishdi. Nima bo‘lsayam aholining o‘sha yerdagi gubernatordan beziganidan bo‘lgan-da bu narsa. Kim bo‘lsayam o‘sha bo‘lmasin degan dunyoqarash bo‘lgan mahalliy aholida. Menimcha bu jarayonga odamlar ham tayyor bo‘lishi kerak», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi hokimlarning senator bo‘lishi borasida jamoatchilikda e'tirozlar ko‘p ekani xususida ham to‘xtalib, mahalliy ijro organlari bilan vakillik organlarini ham ajralishi kerakligini ta'kidlagan. Uning aytishicha, deputatlar ijro organida ishlamasligi, ijro organida ishlaydiganlar senator bo‘lmasligi kerak.

«Aholimizni ham huquqiy madaniyati ortib, budjet nima ekanligini, qonun qanaqa ishlash kerakligini bilyapti. Barcha sohada aholini siyosiy madaniyati, siyosiy bilimi judayam oshib boryapti. Jarayonga odamlarni ongi tayyor bo‘lib, shu ishni bajaradigan odamlar ham, rahbarlar ham tayyor bo‘lishi kerak-da. Nimagaki, u jarayonlarni amalga oshirishda ertaga har xil kulgili vaziyatlarga tushib qolmasligimiz kerak.

Shuning uchun men o‘ylaymanki, bu jarayon judayam uzoqqa cho‘zilmaydi. Yaqin yillar deganimda 5 yoki 10 yil emas, balki undan ham oldinroq mana shu hokimlar sayloviga albatta o‘tamiz.

Shu bilan birga parallel ravishda o‘sha mahalliy ijro organlari bilan vakillik organlarini ham ajralishi nazarda tutilgan. Ya'ni, deputatlar bu ijro organida ishlashi kerakmas, ijro organida ishlaydiganlar senator bo‘lishi kerakmas. Aytganimizday hokimlarimizni ham senator bo‘lishida e'tirozlar ko‘p. To‘g‘rimi, o‘ziga o‘zi topshiriq beradi, deyilyapti. Lekin bu narsalar vaqtincha va, albatta biz mana shunday demokratik davlatlarni darajasiga yetib, hamma o‘zini ishini qiladigan jarayonga yetishamiz», deya ta'kidlagan u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hokimlarni xalq saylashi kerakligini yana bir bor ta'kidlagan edi.

Hokimlar bevosita xalq tomonidan saylanishi haqidagi fikr ilk bor 2016 yilda kun tartibiga chiqqandi.

«Kelgusida biz mahalliy hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasi haqida ham o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak. Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas'uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin», deb aytgandi davlat rahbari 2016 yilning 8 dekabridagi nutqida.

Ushbu va boshqa masalalar yuzasidan islohotlarni amalga oshirish 2017–2021 yillarga belgilangandi. Bu masala muhokamalarga sabab bo‘lgan, jumladan, o‘sha paytdagi Oliy Majlis Senatining raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bu borada shunday degandi:

«Velosiped allaqachon yaratilgan, uni qaytadan ixtiro qilishga hojat yo‘q. Xalqaro tajriba mavjud, xalq bu jarayonlarda qanday ishtirok etishi borasida qarashlarimiz yetarli. Shubhasiz, bu hokimlikka saylovlar bo‘lib o‘tadigan hududdagi hayot sifatiga, xalqning turmush darajasiga ta'sir ko‘rsatadi. Bu esa, jamiyat va davlat turmush darajasini belgilab beradi».

2020 yilning may oyida Mening Fikrim portaliga joylashtirilgan hokimlarni xalq tomonidan saylash amaliyotini joriy etish haqidagi petitsiya 10 mingdan ortiq ovoz yiqqan, garchi elektron jamoaviy murojaat jamoatchilik tomonidan yetarli miqdorda qo‘llab-quvvatlanganda u tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lsa-da, ushbu petitsiyaning keyingi taqdiri haqida OAVda boshqa xabarlar ko‘zga tashlanmagandi.

Mavzuga oid