O‘zbekiston | 23:37 / 07.10.2020
32270
6 daqiqa o‘qiladi

DSQ raisi Sherzod Kudbiyev - muammolarga yechimlar, demokratiya va so‘kong‘ich hokimlar haqida

Foto: YouTube/Alter Ego

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev «Alter Ego» loyihasi muallifi, jurnalist Kirill Altmanga intervyu berib, soliq tizimi, siyosat va tanqidlar haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Faoliyati davomida tuman hokimi, vazir va prezident maslahatchisi bo‘lib ishlagan Kudbiyev mehnat faoliyatida duch kelgan muammolar, orttirgan tajribasi haqida gapirib berdi.

1981 yili Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan Sherzod Kudbiyev 2016 yili 22 sentyabrda Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi etib tayinlangandi. Uning jurnalistga aytishicha, ushbu tumandagi lavozim nufuzli amal bo‘lishi birga, hokim zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi.

«Eplash qiyin bo‘lgan salbiy fikrlar oqimiga duch kelsangiz, eng yaxshisi ochiq muloqot qilish kerak. Piyodalar yo‘lakchasi yo‘q, yerto‘la suvga to‘la, ammo buning uchun meni tanqid qilish kerak emas. Aksiga, birgalikda ishlaylik, taklif va shikoyatlar asosida islohot qilaylik. Bu albatta o‘z foydasini beradi.

Men hokimlar ichida birinchi bo‘lib jamoatchilik kengashini tashkil qildim. Kengashning bajaradigan funksiyalaridan biri — fuqarolarning talablariga binoan takliflar ishlab chiqish edi. Men o‘z vakolatimdan ma'lum qismini, ya'ni qachon, qayerga, qancha pul sarflashni ularga topshirdim. Albatta, buni tasdiqlash vakolati o‘zimda qoldi, buning sababi esa imkoniyatlarni to‘g‘ri hisobga olish edi.

Yuqoridagi holat juda yaxshi natija berdi. Chunki odamlarni o‘zlari jamoat kengashida o‘tirib mavjud muammolarni hal qilishga harakat qilishdi va hamma muammolar birdan o‘z yechimini topmasligiga guvoh bo‘lishdi», — deydi u.

Muammolarga yechimlar haqida

Sherzod Kudbiyevning aytishicha, chiroyli, jimjimador va aqlli maslahatlar berish, ya'ni muammolarga nazariy jihatdan yondashish va muammoning yechimini topish — boshqa-boshqa narsalardir.

«Ayni vaqtda sendan oldingi 25-30 yil mobaynida yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish — umuman boshqa masala. Bu muammolarni yechish uchun nafaqat fikrlash, balki o‘z atrofingdagilarni ham yangilashing kerak bo‘ladi. O‘z navbatida, bildiriladigan fikr yoki tanqid o‘rinli bo‘lsa, buni ijobiy hal qilish kerak.

Atrofimdagi hamma biladiki, men asosli tanqidlarga ijobiy qarayman. Bunga misol tariqasida Kun.uz va boshqa OAVlarning bildirgan tanqidlari asosida muammolarni hal qilishga intilayotganimizdir. Unutmaslik kerakki, barcha muammolar tezda hal bo‘lavermaydi», — dedi soliq tizimi rahbari.

So‘kong‘ich hokimlar haqida

DSQ raisining fikricha, hokimlarning qo‘l ostidagilarni haqoratli so‘zlar bilan so‘kish — qilinishi zaruratga aylanib qolgan narsa emas. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

«Hech qaysi mansabdor shaxsga qo‘l ostidagilarni tahqirlash huquqi berilmagan. Biz hokimlarni ham saylash tizimiga o‘tishimiz kerak. Lekin hozir bunga xalq tayyor emas. Juda ham ko‘p demokratik imkoniyatlar ham ba'zida salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Biz demokratiya, avvalo, ulkan mas'uliyat ekanini unutmasligimiz kerak», — deya qayd etgan Kudbiyev.

Sherzod Kudbiyev intervyu davomida Farg‘ona viloyati hokimi lavozimida ishlagan Shuhrat G‘aniyevning boshqa amalga o‘tkazilishiga munosabat bildirdi.

«Har kim qanchalik tanqid qilmasin, Farg‘ona viloyati agrar sohada lider ekanini statistikalar isbotladi. Vazirlikka tayinlanayotgan shaxslarning bir necha jihatlari e'tiborga olinadi: birinchi navbatda, nomzodning professional mahorati, uning psixologik holati va nomzodning qanchalik natija ko‘rsata olishi muhim. Bu juda ham og‘ir tanlov, chunki vazir u yoki bu sohada siyosat olib borishiga to‘g‘ri keladi», — deydi u.

Pandemiyadagi soliq tizimi

DSQ rahbarining ta'kidlashicha, karantin davrida 250 mingga yaqin kompaniya va tadbirkorlik sub'yektlari ish faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi. Ayni paytda esa, ularning 90 foizi ish faoliyatini qayta tiklagan. Soliq imtiyozlari, to‘lovlarni kechiktirish, jarima va penya hisoblashni bekor qilish hamda subsidiyalar orqali tadbirkorlarga 30 trillion so‘mga yaqin ko‘mak berilgan.

«Ijtimoiy to‘lovning 12 foizdan 1 foizga tushirilishi 328 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektiga tatbiq etildi. O‘z navbatida, bu raqam 525 ming ishchi o‘rin yaratilgan yengillik tufayli kompaniyalar tomonidan saqlab qolinganini anglatadi», — deydi u.

Sherzod Kudbiyev soliq yukini ikki baravar pasaytirish orqali «soyadagi iqtisodiyot» ulushini kamaytirishdan umidvor bo‘lgani, ammo bu jarayon juda sekin kechayotganini aytgan.

DSQ raisi kelajakdagi O‘zbekistonda biznes yuritish ancha oson bo‘lishi, soliq ma'murchiligi sodda va tushunarli, soliq organlari esa soliq to‘lovchilarga yanada yaqin bo‘lishi haqida gapirgan. U bunga axborot texnologiyalari imkoniyatlari bilan erishish mumkinligini qayd etgan.

Mavzuga oid