Jahon | 14:51 / 08.10.2020
19113
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda yuqori lavozimdagi amaldorlarning mamlakatdan chiqishi taqiqlandi

Ma'lum qilinishicha, chegara xizmati bo‘linmalari 24 sentyabrdan kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.

Foto: Vladimir Voronin / AP

Qirg‘iziston davlat chegara xizmati yuqori lavozimdagi amaldorlarni mamlakatdan chiqarmaslik topshirig‘ini oldi. Bu haqda chegara xizmati vakiliga tayanib TASS xabar berdi.

"Shunday topshiriq berildi va tabiiyki, topshiriqni bajaramiz", - dedi agentlik suhbatdoshi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chegara xizmati bo‘linmalari 24 sentyabrdan kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.

"Bu hozirda bo‘layotgan voqealar bilan bog‘liq emas, parlament saylovlari bois 24 sentyabrdan mana shunday tartibga o‘tganmiz", - deb ta'kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistondagi parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan namoyishchilar 5 oktabr kuni kechqurun Bishkekda Oq uyni va milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosini qamal qilishdi. Bishkek markazidagi asosiy maydonda militsiya bilan bir necha soat davom etgan to‘qnashuvlardan keyin namoyishchilarning qo‘li ustun keldi.

6 oktabr kuni saylov natijalari haqiqiy emas deb topildi.

Mavzuga oid