Jahon | 00:16 / 08.10.2020
68647
8 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘dagi urush, 11-kun: armanlarning yo‘qotishlari keskin oshdi

Qorabog‘dagi urushning o‘n birinchi kuni halok bo‘lgan arman askarlari ro‘yxatida yana 80 nom paydo bo‘ldi; Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Boku o‘z yo‘qotishlarini faqat urush yakunlangach e'lon qilishini bildirdi; ozarboyjonliklar mudofaa vazirligi yana ikki qishloq egallangani tasvirlangan videoni tarqatdi - aniqrog‘i, bu qishloqlar xarobalarini.

Foto: Reuters

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi 7 oktabr kuni ilk marta bir kun ichida ikki bor halok bo‘lgan harbiylar ro‘yxatini yangiladi, ikki safar ham ro‘yxatga 40tadan yangi nom qo‘shildi. Shu tariqa, qurbon bo‘lgan arman askarlari ro‘yxati bir kunda uchdan bir qismiga o‘sib, jami qurbonlar soni 320 nafarga yetdi.

BBC xabar berishicha, bugun e'lon qilingan ro‘yxatdagilarning aksar qismi - 2000-2001 yillarda tug‘ilgan yosh yigitlar, ular katta ehtimol bilan xizmatga endi chaqirilgan yoshlar bo‘lgan.

Qayd etish kerakki, bu bir kunda 80 askar halok bo‘lganini anglatmaydi: arman harbiylari kechikib yetib kelgan ma'lumotlar bilan ro‘yxatni to‘ldirayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Umuman olganda, haqiqiy yo‘qotishlar ko‘lamini aniqlashning imkoni yo‘q: harbiy harakatlar maydonida mustaqil manbalar mavjud emas.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev chorshanba kuni Rossiyadagi «Birinchi kanal»ga bergan intervyusida Ozarboyjon o‘z harbiy yo‘qotishlari haqida harbiy harakatlar yakunlanganidan so‘ng batafsil ma'lumot berishini ma'lum qildi.

Ehtimoliy faollashuv
Armaniston tomonining so‘nggi yo‘qotishlari va Qorabog‘dan kelayotgan boshqa hisobotlar chorshanbaga o‘tar kechasi harbiy harakatlar faollashganini taxmin qilishga asos bo‘ladi.

Armaniston mudofaa vazirligi matbuot xizmati Arsrun Ovannisyan brifingda chorshanbaga o‘tar kechasi va kun davomida frontning barcha uchastkalarida janglar davom etayotganini ma'lum qilgan. «Faqat shuni aytishim mumkinki, bu - urush, urushda istalgan narsa sodir bo‘lishi mumkin, qiyinchiliklar, chekinishlar, aylanib o‘tishlar. Ammo g‘alaba bizniki bo‘ladi!», deya «Armenpress» agentligi jurnalistlarning savollariga javob bergan Ovannisyanning so‘zlarini keltirgan. Jurnalistlar undan arman kuchlari qaysi pozitsiyalarni yo‘qotgani va qaysi pozitsiyalarni qaytarib olgani haqida so‘rashgandi. Matbuot anjumani davomida Ovannisyan arman harbiylari avval boy berilgan ayrim pozitsiyalarni qaytarib olishgani haqida gapirgan, ammo aynan qaysi pozitsiyalarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan.

Agar chindan ham harbiy harakatlar faollashgan bo‘lsa, bu ob-havo bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. So‘nggi kunlarda mintaqada kuchli yomg‘irlar yoqqan, chorshanba kuni esa yomg‘ir to‘xtab, bulutlar ham tarqala boshlagandi.

Yomg‘irlar vaqtida tog‘li hududda harbiy texnikalar quruqlikda ham, havoda ham harakatlanishi qiyinlashgandi.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi chorshanba kuni o‘z saytiga ozar harbiylari tomonidan Sheybey va Shukyurbeyli qishloqlari egallangani haqidagi videolarni joylashtirdi. Aniqrog‘i, bu qishloqlardan qolgan xarobalarni - ozarboyjonlar yashagan bu qishloqlar 90-yillardagi urush vaqtida yakson etilgan va aholi bu joylarni qarovsiz qoldirib tark etgan.

Sheybey va Shukyurbeyli qishloqlari Araks daryosi bo‘yida, Eron bilan chegara yaqinida, 11 kun oldin Ozarboyjon harbiylari yurishni boshlagan chegara chizig‘idan 10-15 km ichkarida joylashgan.

Shukyurbeyli qishlog‘i Araks vodiysini Eron bilan chegaralar tomon va Jabroyil tumani markaziga eltuvchi yo‘lga ulangan yo‘llar kesishmasida joylashgan.

Tomonlar front chizig‘i yaqinidagi shaharlar va qishloqlarni o‘qqa tutishda davom etmoqda: Tog‘li Qorabog‘dagilar Stepanakert, Shushi, Askeran, Martuni va boshqa aholi punktlariga bombalar yog‘dirilgani haqida ma'lumot berishgan.

Qorabog‘ning inson huquqlari bo‘yicha ombudsmeni Artak Beglaryan jurnalistlarga front chizig‘i atrofida yashovchi Tog‘li Qorabog‘ aholisining qariyb yarmi - 70 mingga yaqin kishi Qorabog‘ning ichkarisiga yoki undan ham nariga - Armanistonga ketayotgani haqida gapirgan. Uning bu so‘zlarini tasdiqlovchi boshqa mustaqil manba yo‘q.

O‘z navbatida, ozarboyjonliklar ham front chizig‘i yaqinida joylashgan qishloq va shaharlariga raketalar va snaryadlar uchib kelishi davom etayotganini bildirishgan, chorshanba kuni qishloqlardan birida yana bir tinch aholi vakili - keksa ayol halok bo‘lgan.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian 8 oktabr kuni Jyenevada YeXHTning Minsk guruhi a'zolari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tishi haqida ma'lum qildi. Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ham Shveytsariyaga yo‘l olgan.

Armaniston TIV rahbari esa 12 oktabr kuni Moskvada Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashadi. Bu uchrashuvda Fransiya va AQSh vakillari bo‘lish-bo‘lmasligi ma'lum emas.

Qariyb 30 yildan buyon Qorabog‘ mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun urinib keladigan ushbu tuzilma ishtirokchilari Fransiya, AQSh va Rossiya hisoblanadi. O‘tgan haftada bu uch davlat prezidentlari tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatib, masalani tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan holda qo‘shma bayonotni e'lon qilishgandi.

Ammo Ozarboyjon va ushbu davlatning ortida turgan Turkiya tinchlik chaqiriqlarini e'tiborsiz qoldirmoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ushbu uch davlatda tinchlik tashabbuslari bilan chiqishga ma'naviy huquq yo‘qligi, ular o‘tgan yillar davomida muzokaralar yo‘li bilan hech qanday natijaga erisha olishmaganini aytib o‘tdi. Ozarboyjon esa har kuni Armaniston harbiylari Qorabog‘ni tark etsagina tinchlik muzokaralari boshlanishini takrorlab kelmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni shu kunlarda ko‘plab siyosatchilar va sharhlovchilar tomonidan aytilayotgan fikrni takrorladi: Rossiya ittifoqchisi Armanistonga yordamga kelmaydi, chunki formal jihatdan Armanistonga hech kim hujum qilmagan.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi - xalqaro hamjamiyat nuqtayi nazariga ko‘ra Ozarboyjon hududi hisoblanadi.

Armaniston Ozarboyjondan farqli ravishda Rossiya va yana bir necha possovet davlatlar bilan birga KXShT (Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti) harbiy tashkiloti tarkibiga kiradi, kelishuvga ko‘ra, bu ittifoq a'zolaridan birining hududiga hujum qilinganida boshqa a'zolar yordamga kelishi belgilab qo‘yilgan.

«Ma'lumki, Armaniston ODKB (KShXT) a'zosi hisoblanadi. Ushbu shartnoma bo‘yicha Armaniston oldida muayyan majburiyatlarimiz bor. Afsuski, harbiy harakatlar hamon davom etmoqda. Lekin janglar Armaniston hududida olib borilmayapti. Rossiya bu kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajarishiga kelsak - biz majburiyatlarimizni bajarib kelganmiz, bajaryapmiz va bajarishda davom etamiz», degan Putin «Rossiya» telekanaliga bergan intervyusida. U Armanistonda Moskvaga nisbatan e'tiroz yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon 11 kun ichida to‘rt marta Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Mavzuga oid