O‘zbekiston | 23:22 / 08.10.2020
10871
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida hisobotlarda amalda yo‘q yangi ish o‘rinlari qo‘shib yozilgani ma'lum bo‘ldi

6 oktabr kuni Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan Senat kengashining sayyor majlisida Tanzila Norboyeva Toshkent viloyatida amalda yaratilmagan yangi ish o‘rinlari hisobotlarda qo‘shib yozilayotganini tanqid qilgan. U mazkur ish jinoyat ekanini ta'kidlab, bunga qo‘l urganlarga jiddiy choralar ko‘rish kerakligini aytgan.

«Toshkent viloyatida yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda davlat buyurtmasini bajarish bo‘yicha ham qo‘shib yozishlar aniqlangan. O‘tgan yilgi hisobotlarda ish o‘rinlari yaratildi, deb berilgan 800ta ish o‘rni amalda yaratilmagan.

Bundan tashqari, davlat buyurtmasiga muvofiq rejalashtirilgan 5500ga yaqin ish o‘rni yaratilishi ta'minlanmagan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va viloyat mutasaddilaridan mazkur holat bo‘yicha tushuntirish berishlarini so‘raymiz», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Erkin Muhiddinov Senat raisi ochiqlagan holat bo‘yicha izoh berdi.

«2019-2020 yillarda yaratilgan ish o‘rinlari bo‘yicha batafsil hisobotim bor. Toshkent viloyatida bu borada ko‘p ishlar qilingan. Prognozlar bajarilgan. Lekin Bahodir To‘xtamishovich aytganlaridek, yutuqlar hammasi o‘zimizniki.

Hisob palatasi tekshiruvida aniqlangan kamchiliklarning tizimli, fundamental sabablari va ularni yechish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida gapirib o‘tsam. Birinchidan, yangi ish o‘rinlari yaratishni hisobga olish bo‘yicha shaffof, haqqoniy tizim mavjud emasligi oqibatida 797ta ish o‘rni ko‘p hisoblangan. Qo‘shib hisoblangan», deb aytgan Erkin Muhiddinov.

Vazir o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, Toshkent viloyatida iqtisodiy faol aholiga nisbatan 13,3 foizni tashkil etadi. Tanzila Norboyeva “bu xalqaro mehnat tashkiloti standartlariga qaraganda yuqori” ekanini aytib, Erkin Muhiddinovdan bandlik masalasi bo‘yicha Toshkent viloyatiga alohida e'tibor berishni so‘raydi.

«Ayniqsa, ayollar, yoshlar, mana bu yilgi bitiruvchilar bandligini ta'minlash bilan viloyatdagi 4 ta sektor rahbarlari nomma-nom ishlashi kerak edi ular bilan. Sizlarsiz bu ishlarni qila olmaydi ular.

Aholi bandligini ta'minlash masalasi hammamiz uchun ustuvor, bilasizlar. Bu yerda choralar ko‘rishimiz kerak. Salbiy holatlar bo‘lmasligi kerak. Qo‘shib yozish kerak emas. Hozir oldingidek, “har yili 1 mln ish o‘rni yaratilyapti” degan hisobotni hech kim so‘rayotgani yo‘q.

Hech kim hech kimni koyiyotgani ham, chora ham ko‘rilayotgani yo‘q. Borini qilinglar, yo‘q bo‘lsa, yo‘g‘iniyam indamasdan keyingi rejaga qo‘shib ishlayveraylik. Nima qilamiz eski kasallikni-qo‘shib yozishni?! Kerak emas bu narsa. Men o‘ylaymanki, vazirligimiz, boshqa mutasaddi tashkilotlar ham bunga jiddiy choralar ko‘rishi kerak, shunday bo‘lmasligi uchun.

Va biz Senatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini axborotini muntazam eshitib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yganmiz. Shuning uchun bunga tegishli baholarni berishimizga to‘g‘ri keladi, agar mana shunday davom etaversa», deya ta'kidlagan Senat raisi.

Mavzuga oid