Jahon | 21:39 / 09.10.2020
33389
20 daqiqa o‘qiladi

Bishkekda favqulodda holat joriy etilmoqda. Prezident «davlatchilikka tahdid» yuzaga kelgani haqida gapirdi

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat rejimini joriy etish va shaharda tartibni saqlash uchun armiya bo‘linmalari va harbiy texnikalarni kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu vaqtda poytaxtda turli siyosiy guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Ommaviy norozilik aksiyalari, hukumat binolari namoyishchilar tomonidan egallab olinishi va ko‘plab amaldorlar iste'fosidan keyin mamlakatdagi vaziyatni kim nazorat qilayotgani noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Foto: EPA/Vostock-photo

Juma kuni Jeenbekov «mamlakat to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi bilan prezident lavozimidan ketishga tayyorligi»ni ma'lum qildi. U kun davomida Kubatbek Boronovni bosh vazir lavozimidan ozod etdi, keyinroq Bishkekda 21 oktyabrga qadar favqulodda holat joriy etilishi to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

Mamlakat prezidenti saytida bu qaror «ommaviy tartibsizliklar natijasida yuzaga kelgan hamda odamlar hayoti va salomatligiga tahdid va zo‘ravonliklarni keltirib chiqargan murakkab vaziyat munosabati bilan ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish» uchun qabul qilingani ko‘rsatilgan.

Jeenbekov favqulodda holat «faqat fuqarolarning hayoti va sog‘ligi, ularning xavfsizligi, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni tezroq barqarorlashtirish hamda Bishkek hududida jamoat tartibini o‘rnatish maqsadida» joriy etilishini ma'lum qilgan.

Prezident poytaxtga harbiy komendant tayinlagan, shaharda komendantlik soati joriy etilgan, miting va boshqa ommaviy marosimlar taqiqlanib, ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat o‘rnatilgan. Farmonga ko‘ra, Bishkekka harbiy qismlar va harbiy texnika kiritilib, blokpostlar o‘rnatilishi mumkin.

Prezident ma'muriyati favqulodda rejim 9 oktabr kuni soat 20:00dan boshlab amal qilishini ma'lum qilgandi. Keyinroq Ichki ishlar vazirligi bu muddat 10 oktabr kunidan boshlanishini bildirdi.

Harbiylar prezidentning bu farmoniga qanchalik amal qilishi aniq emas, ammo TASS agentligi muxbiri Bishkekning janubiy va g‘arbiy qismida harbiy yuk mashinalari kolonnasi va harbiy xizmatchilarni ko‘rgani haqida xabar bergan.

Avvalroq prezident ma'muriyati, parlament, davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi va davlat televideniyesi binosi parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan namoyishchilar tomonidan egallab olingandi.

Bu vaqtda Bishkek markazida turli siyosiy partiyalar tarafdorlari ishtirokida bir vaqtda bir necha miting bo‘lib o‘tmoqda. «Interfaks» agentligi xabar berishicha, poytaxtning markaziy maydonida yaqinda qamoqdan chiqarilgan sobiq prezident Almazbek Atamboyevning tarafdorlari ham yig‘ilgan.

Shuningdek, tartibsizliklar vaqtida qamoqdan ozod etilgan yana bir siyosatchi, parlamentning sobiq deputati Sadir Japarovning (deputatlarning bir qismi uni yangi bosh vazir sifatida tan olishgan) tarafdorlari shahar markaziga kelgan. Bundan tashqari, mamlakatning turli shaharlarida prezident Jeenbekovning va boshqa siyosiy kuchlarning tarafdorlari o‘z aksiyalarini o‘tkazmoqda.

Xususan, sobiq prezident Atamboyev o‘z tarafdorlari ishtirokidagi mitingda mamlakatda «uchinchi inqilob» boshlangani haqida e'lon qilgan. U Jeenbekov amalda milliy xavfsizlik xizmatini va ichki ishlar vazirligini ham boshqarayotganini, Qirg‘izistonda uning oilasiga tegishli bank hisoblarida 300 mln dollar mablag‘ borligi haqida gapirgan, qirg‘izistonliklardan o‘z vaqtida Jeenbekovni hukumatga olib kelgani uchun uzr so‘ragan. Shundan so‘ng, u Bishkek markazidagi hukumat binolari tomon harakatlangan kolonnaga boshchilik qilgan.

Bishkekdagi to‘qnashuvlar vaqtida Japarovning tarafdorlari Atamboyevga sodiq bo‘lgan kishilarga qarata tosh va butilkalar uloqtirishgan, shundan keyin sobiq prezident va uning odamlari maydondan ketishgan. Atamboyevga yaqin manbalar xabar berishicha, sobiq prezidentga suiqasd uyushtirilgan. Internetda mitingdagilardan biri sobiq prezident o‘tirgan avtomobilga quroldan o‘q uzgani tasvirlangan videolar tarqaldi, siyosatchi bu hujumdan jabrlanmagan.

Shuningdek, «Ata-Meken» partiyasining bosh vazir lavozimiga muqobil nomzodi - 29 yoshli Tilek Toktagaziyev jarohatlanib shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Kun oxirida Sooronbay Jeenbekov yana bir videomurojaat yo‘lladi. U mamlakatda davlatchilikka tahdid yuzaga kelgani haqida gapirdi.

U respublika hududiy yaxlitligini va fuqarolarning tinch hayotini saqlash uchun o‘zining konstitutsion vakolatlari doirasidagi barcha ishni qilishini aytgan.

«Ishonchim komilki, mamlakatdagi barcha sog‘lom kuchlar meni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bugun biz davlatchiligimizga haqiqiy tahdid yuzaga kelganining guvohi bo‘lib turibmiz», degan Jeenbekov.

U Qirg‘iziston «xavf yoqasida» turganini qayd etib o‘tgan. «Respublika aholisining hayoti siyosiy ehtiroslar uchun qurbonlik qilishi kerak emas. Shu tufayli favqulodda holat joriy etildi», degan u.

Qirg‘izistonda nimalar bo‘lmoqda?
4 oktabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga 44 partiya murojaat qildi. Ulardan 16tasi saylovda qatnashish uchun zarur shartlarni bajardi va shu partiyalar MSKdan saylovda ishtirok etish uchun ruxsat oldi.

Saylov byulletenida «hech qaysi biriga» varianti ham mavjud edi. Qonunga ko‘ra, agar ko‘pchilik ushbu bandni tanlasa, saylovni takror o‘tkazish lozim bo‘ladi va deputatlikka nomzodlarning hech biri qayta o‘tkaziladigan saylovda ishtirok eta olmaydi.

120 deputatdan iborat Qirg‘iziston parlamentiga 1 ming 912 deputat nomzod sifatida murojaat qildi. Yettita mintaqadagi 2 ming 429 va chet eldagi 45ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Saylovchilarning umumiy soni 3 million 523 mingdan ortiqni tashkil etdi. Qirg‘iziston saylov tizimiga ko‘ra, deputatlar 5 yilga saylanadi va bir siyosiy partiyadan maksimal 65 nafar deputat bo‘lishi mumkin.

496 ming 239 saylovchi kerakli shaklni to‘ldirib, o‘zi ro‘yxatda turmaydigan boshqa joyda ovoz berish uchun murojaat qildi. Ushbu saylovlarda ilk bor avtomatik (elektron) saylov qutilaridan foydalanildi. Ovoz berish jarayonlari yuzni tanish funksiyasi, barmoq izi va shaxsni tasdiqlovchi yangi hujjatlar yordamida amalga oshirildi. Shu ma'noda, Qirg‘izistonda birinchi marta saylovlar raqamli tizimlar asosida o‘tkazildi.

Saylovoldi munozaralar va tadbirlar
Ovoz evaziga ba'zi partiyalar tomonidan pul tarqatilishi, saylovning ayrim guruhlar manfaatiga mos ravishda moliyalashtirilgani haqidagi iddaolar ushbu saylov jarayonidagi eng asosiy muhokamalardan biri bo‘ldi. Shuningdek, radio va telekanallarda partiya vakillari bir-biriga nisbatan keskin ayblovlar bilan chiqishdi. Ushbu munozaralar jarayonida Aravan shahridagi partiya tarafdorlari va deputatlikka nomzodlar o‘rtasida janjal kelib chiqdi.

Yevroosiyo bo‘yicha bahslar
Saylovdan bir hafta oldin Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Sochida Vladimir Putin bilan uchrashgandi. Jeenbekov-Putin uchrashuvi garchi avvaldan rejalashtirilgan bo‘lsa-da, turli sabablarga ko‘ra uzoq vaqtdan beri ortga surilayotgan edi. Rossiya prezidenti veb-saytida ushbu uchrashuv mavzusi «Rossiya-Qirg‘iziston strategik sherikligi va ittifoqining kelgusi rivoji va muammolari; tijorat-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik hamda Yevroosiyo sohasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirish» deb e'lon qilindi.

Ushbu uchrashuv oldidan prezident mansub bo‘lgan «Birimdik» («Birlik») nomli hukmron partiya rahbari Marat Amanqulovning Yevroosiyo ittifoqi integratsiyasi doirasida Qirg‘izistonning Rossiya bilan birlashishi lozimligi haqida bergan bayonoti mamlakatda katta reaksiyaga sabab bo‘ldi. Zotan, ushbu tashrifdan oldin hukmron partiya mamlakatdagi ko‘plab reklama pannolarida «Yevroosiyo – xalqlar va madaniyatlarning birligi» shioridan keng foydalana boshlagan edi.

28 sentabr kuni hukmron partiya rahbarining ushbu bayonotiga qarshi turli partiya va tashkilot vakillari ishtirokida kichik bir miting bo‘lib o‘tdi. Ushbu mitingda «Birimdik», «Qirg‘iziston» va «Mekenim Qirg‘izstan» (Vatanim – Qirg‘iziston») partiyalaridan boshqa siyosiy partiyalar ishtirok etdi.

Umuman olganda, hukmron partiya – «Birimdik» partiyasi yevroosiyoizm ruhidagi nutqlari va siyosati ortidan saylovlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatda Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlov bo‘lishiga umid qilgan.

Saylov kuni
Saylov jarayoni 4 oktabr kuni ertalab soat 08:00da boshlandi, soat 20:00da saylov uchastkalari yopildi. Saylovlarda mingga yaqin mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etdi. Xususan, milliy axborot agentliklari saylov okruglaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri translatsiyalarni faol tarzda namoyish etishdi.

Saylov punktlariga avtobuslarda jamoaviy tarzda olib kelingan, o‘z ovozi aks etgan saylov byulletenini uyali telefonlari orqali suratga tushirgan saylovchilar, qo‘lidagi ro‘yxatdan o‘ziga ovoz beruvchilarning qaysi biri kelib-kelmaganini tekshirgan odamlar, ayrim partiyalarning ovoz evaziga qancha pul tarqatgani to‘g‘risidagi suhbatlar, saylovchilar taqqan niqoblardagi maxsus belgilar, saylovlarda firibgarlik bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelganiga oid dalillar matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda kun bo‘yi e'lon qilib borildi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi saylov kuni 25ta qonunbuzilish holati aniqlangani va bu holatlar bo‘yicha surishtiruv jarayoni boshlanganini e'lon qildi. Umuman olganda, saylov kuni bo‘lib o‘tgan voqealar jamoatchilikda saylovlar adolatli va qonuniy asosda o‘tkazilmadi, degan fikr uyg‘otdi.

Saylov natijalari
1 million 990 ming 753 saylovchi ovoz bergan saylovda davomat (ishtirok etish ko‘rsatkichi) 56,5 foizni tashkil etdi. Shuni ham ta'kidlash joizki, elektron qutilar natijalari va undan keyin qo‘lda hisoblash natijalari o‘rtasida katta farq yuzaga kelgan. Markaziy saylov komissiyasi ushbu holat to‘g‘risida bayonot bermadi. Shu nuqtayi nazardan, deputatlik taqsimotida qaysi ovoz miqdori hisobga olinishiga ham aniqlik kiritilmadi.

Elektron saylov qutilarini sanash natijalariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi 4 partiya parlament saylovlarida 7 foizli chegaradan o‘tganini ma'lum qildi. Bunda parlamentdagi o‘rinlarning yarmini umumiy hisobda «Birimdik» (24,53 foiz va 46ta o‘rin) hamda «Mekenim Qirg‘iziston» (23,9 foiz va 45ta o‘rin) partiyalari egallagan. Ma'lumotlarga ko‘ra, «Birimdik» partiyasi prezident Sooronboy Jeenbekov oilasi bilan yaqin aloqalarga ega, ikkinchi partiya esa Qirg‘izistondagi eng nufuzli kishilardan hisoblanadigan aka-uka Matraimovlar bilan bog‘liq. Shuningdek, hukmron partiyaga yaqin bo‘lgan «Qirg‘izistan» uchinchi bo‘ldi (8,74 foiz va 16ta o‘rin). Yana bir partiya - «Butun Qirg‘izistan» ham parlamentga kirdi (7,09 foiz va 13ta o‘rin).

Natijalar hukmron partiya va unga sherik partiyalarning o‘z kuchini saqlab qolganini, muxolif partiyalar esa parlamentga kira olmaganini ko‘rsatmoqda.

Qirg‘izistonda 2005 va 2010 yillardagi ommaviy namoyishlarning asosiy sabablari qatorida hukumatning korrupsiyalashishi, davlat organlarining yuqori lavozimlariga qarindoshlarni tayinlash, adolatsiz saylovlar, saylov natijalarini prezident mansub partiya foydasiga manipulyatsiya qilish, saylov jarayonida muxolifatni turli vositalar bilan bostirish kabi holatlar mavjudligini ko‘rish mumkin. Saylovdan bir kun oldin Ala-Too maydonida bo‘lib o‘tgan mitingda ham ayni shu da'volar yangragandi.

Ushbu parlament saylovlaridan xalqning kutgan eng katta umidi Qirg‘iziston mustaqillikka erishganidan buyon parlamentda turgan, poytaxt bilan aloqasi bo‘lgan, o‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlab qonunlar chiqaruvchi insonlarning boshqaruvdan chetlatilishi va siyosatga yangi kuchlar va yoshlarning kirib kelishi edi.

Saylovdan keyingi mitinglar
Saylov natijalari ma'lum bo‘lgach, 7 foizlik chegaradan o‘ta olmagan deyarli barcha partiyalar saylovlar qonun-qoidalarga muvofiq o‘tkazilmagani to‘g‘risida keskin bayonotlar berishdi. Partiya vakillarining ba'zilari saylov kunining ertasidan boshlab jamoatchilikni poytaxt markazida joylashgan Ala-Too maydonida muddatsiz miting o‘tkazishga chaqirdi. 5 oktabr kunidan boshlab ba'zi odamlar, xususan, muxolifat partiyalari tarafdorlari Ala-Too maydonida, shuningdek, Bishkekdagi Drama teatri yonidagi maydonga to‘plandi. Talas, Norin va Qorako‘l shaharlari markazlarida ham mitinglar o‘tkazila boshladi.

Muxolifat vakillarining barchasi - 12 partiya saylov natijalarini tan olmasliklarini va uni qabul qilmasliklarini bildirishdi. Ular saylovni bekor qilish va uni qayta o‘tkazishni, nomi korrupsiya bilan birga tilga olinayotganlarning deputat bo‘lishiga to‘sqinlik qilishni, qonun-qoidalarga muvofiq saylov o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishni talab qildilar. Ular saylov jarayonida aniqlangan qonunbuzarliklarni dalil sifatida ko‘rsatish orqali saylovlarni bekor qilish to‘g‘risida Markaziy saylov komissiyasiga rasmiy ravishda murojaat qilishdi. Shuningdek, ular muxolifat bloki tashkil etilganini e'lon qilishdi.

Miting mojaroga aylandi

6 oktabr kuni soat 11:00dan boshlab, Ala-Too maydonida barcha muxolif partiyalar vakillari yig‘ilib, katta miting o‘tkazishdi. Kechga tomon miting maydonida nafaqat saylovlarni bekor qilish, balki prezidentning o‘z lavozimini muddatidan avval tark etishi haqidagi talablar yangray boshladi.

Soat 19:40 atrofida, ba'zi miting ishtirokchilari parlament va prezident qarorgohi joylashgan Oq uy binosiga kirishga urindi. Garchi politsiya miting maydonini tezda bo‘shatgan bo‘lsa-da, tungi soat 1:00 atrofida namoyishchilar qaytadan yig‘ilib, yana maydonda to‘planishdi. Mitingchilar va politsiya o‘rtasida kichik to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Namoyishchilarning maydonga to‘planishi ortidan prezident Sooronbay Jeenbekov parlament binosini xavfsizlik choralari ostida tark etdi. Kechasi soat 03:30da namoyishchilar politsiya to‘siqlarini buzib o‘tib, parlament binosi va milliy xavfsizlik binosiga kirishdi. Politsiya kuchlari hududni butunlay tark etishdi. Parlament binosiga kirganlar binoga jiddiy zarar yetkazishdi va ba'zi xonalarda yong‘in chiqdi.

Parlament binosi egallab olingach va xavfsizlik kuchlari o‘z xizmat joylarini tark etgach, qamoqdagi muxolifat yetakchilaridan biri Sadir Japarov va korrupsiyada ayblanib, 12 yilga hukm qilingan Almazbek Atamboyev hamda boshqa ba'zi siyosatchilar qamoqdan ozod qilindi.

Xulosa
Qirg‘iziston-Turkiya Manas universiteti tarix fakulteti doktori Chingiz Buyar

Qirg‘izistondagi ushbu uchinchi xalq harakatining rivojlanish jarayoni ham avvalgilariga juda o‘xshash. Shuningdek, voqealar va namoyishchilar juda professional tarzda uyushtirilgani ham ko‘rinib turibdi.

Aytish joizki, mart oyida boshlangan pandemiya jarayoni Qirg‘iziston jamiyatidagi muammolarni yanada murakkablashtirdi. Ayniqsa, epidemiya avjiga chiqqan iyul oyida prezident va hukumat tomonidan deyarli hech qanday chora ko‘rilmagani, sog‘liqni saqlash tizimi inqirozga yuz tutishi, chegaralar uzoq vaqt davomida yopiq qolishi, ishlab chiqarish va eksport hajmi 70 foizgacha kamayib ketgani, boshqa mamlakatlar, ayniqsa, Rossiyadan ishchilarning qaytib kelishi ortidan ijtimoiy muammolarning ortgani va barcha muammolarga qaramay, hukumatning real yechimlarni izlab topish uchun zaruriy sa'y-harakatlarni namoyish qilmagani xalqning hukumatga nisbatan noroziligi kuchayib ketishiga sabab bo‘ldi. Hukumat tepasida turgan ayrim mansabdorlarning mamlakatdan katta miqdorda pul ishlagan ba'zi odamlar bilan munosabatlari haqidagi yangiliklar, shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar hukumat va unga xayrixoh bo‘lgan partiyalardan odamlarning hafsalasi pir bo‘lishiga olib keldi. Saylov jarayonida hukmron partiyalar tomonidan ovoz evaziga pul tarqatilishi, ishonchli va shaffof saylovlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagani va muxolifatning parlamentdan chetlatilishi jamoatchilik g‘azabini qo‘zg‘adi.

Jeenbekov Belarusdagi voqealar Qirg‘izistonda ham sodir bo‘lishi mumkinligini bilib, Rossiyadan yordam olish uchun Sochida Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvdan oldin qo‘lida tuzukroq karta bo‘lishini xohlagan prezident Yevroosiyo masalasini birinchi planga chiqardi. Mamlakatni qorishtirishga va Rossiyaning mintaqadagi mavjudligiga tahdid solishga urinayotgan ba'zi kuchlar harakatga kirishganini aytdi. Bularning barchasini, albatta, ichki siyosat va yuzaga keladigan xavfsizlik muammolarida Rossiyaning qo‘llab-quvvatloviga muhtojlik ifoda etilgan nutq sifatida baholash mumkin.

5 oktyabrda boshlangan miting kechqurun politsiyaning namoyishchilarga qarshilik ko‘rsatishi ortida to‘qnashuvga aylandi. Yarim tunda parlament binosi namoyishchilar tomonidan ishg‘ol qilingach, endilikda mamlakatda siyosiy tuzilma qanday shakllanishi haqidagi savollar tug‘ildi. Ushbu voqealar sodir bo‘lgan kunning ertasidan boshlab odamlar deyarli barcha viloyatlarda to‘planib, hokim va boshqa ma'murlarning o‘z lavozimlarini muddatidan oldin tark etishini talab qila boshlashdi va ularning o‘rniga o‘zlari tanlagan odamlar kelishini aytishdi. Namoyishchilarning Ala-Too maydoni, shuningdek, Oq uy oldida yig‘ilgan vakillari hamda muxolifat partiya rahbarlari kelajak yo‘l xaritasini aniqlab olish uchun muzokaralarni boshladilar.

Qayerda ekani noma'lum bo‘lgan prezident Sooronbay Jeenbekov 6 oktabr kuni ertalab soat 11:00 atrofida hali ham o‘z lavozimida turgani va voqealar nazoratga olinishi haqida bayonot berdi. «O‘tgan tunda ba'zi siyosiy kuchlar davlat hukumatini noqonuniy egallab olishga urindi. Saylovlar yakunlarini vaj qilib, jamoat tartibini buzishdi. Ular shaharliklarning tinch hayotiga xalaqit berdi. Huquq-tartibot organlariga itoat qilishmadi, tibbiyot xodimlarini do‘pposlashdi va binolarga ziyon yetkazishdi.

Men huquqni muhofaza qilish idoralariga biror fuqaroning hayotiga xavf tug‘dirmaslik uchun o‘t ochmaslik yoki qon to‘kmaslik haqida buyruq berdim. Hozircha vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rdik», dedi u.

Markaziy saylov kengashi 6 oktabr kuni saylov natijalari bekor bo‘lganini e'lon qildi. Miting tashkilotchilari va muxolifat rahbarlari vaqtinchalik hukumat tuzish bo‘yicha ish boshladi. Adahan Madumarov muvofiqlashtiruvchi komissiya rahbari etib saylandi. Yangi siyosiy jarayonda Janar Akayev, Adahan Madumarov va Omurbek Babanov kabilar birinchi planga chiqadiganga o‘xshaydi.

Sooronbay Jeenbekov hali ham qonuniy prezident sifatida o‘z lavozimida. Avvalgi namoyishlar natijasida yuz bergan o‘zgarishlarda avval muvaqqat hukumat tuzilgan, keyin esa yangi davrning huquqiy infratuzilmasi uchun zarur bo‘lgan qonun moddalari qabul qilingandi. Shuningdek, prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilgandi. Agar prezident o‘z lavozimidan ketadigan bo‘lsa, bu gal ham xuddi shu jarayon yuz berishi mumkin. Qirg‘izistondagi voqealar rivoji mamlakatni yana iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolar bilan to‘qnash qiladi.

Mavzuga oid