Jahon | 10:56 / 12.10.2020
31246
3 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon beshinchi muddatga saylandi. U Tojikistonni 26 yildan buyon boshqarmoqda

​​​​​​​Tojikistonning amaldagi prezidenti Imomali Rahmon navbatdagi prezidentlik saylovlarida ham g‘alaba qozondi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 90 foizidan ortig‘i unga ovoz bergan. Saylovda yana to‘rt nomzod ishtirok etgandi. Rahmon beshinchi muddatga saylandi - u 1994 yildan buyon prezidentlik lavozimini saqlab qolmoqda.

Yakshanba kuni Tojikistonda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi / TASS

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, saylovda davomat 85,39 foizni tashkil etgan. Kun yarmidayoq saylovda ishtirok etuvchilar soni 70 foizdan oshgan va saylov bo‘lib o‘tdi deb hisoblangandi.

MSK raisi Baxtiyor Xudoyorzodaning ma'lum qilishicha, Rahmonning nomzodi 3 mln 837 ming 927 nafar (90,92 foiz) tojikistonlik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Tojikistonda prezident 7 yil muddatga saylanadi - Imomali Rahmon endi kamida 2027 yilgacha mamlakat rahbari bo‘lib qoladi.

Tojikiston qonunchiligida ekzit-pollar o‘tkazish ko‘zda tutilmagan, shuningdek, saylov uchastkalariga videokameralar o‘rnatilmagan. Saylovda MDH, ShHT, KXShT, Rossiya davlat dumasi va YeXHTdan vakillar kuzatuvchilik qilishdi.

68 yoshda bo‘lgan Rahmon ilk marta 1994 yilda Tojikiston prezidenti etib saylangandi, unga qadar ikki yil mobaynida Tojikiston Respublikasi oliy kengashi raisi bo‘lgan.

Keyin u 1999, 2006 va 2013 yillardagi saylovlarda prezidentlikka qayta saylangan. Joriy kampaniyada Rahmonning raqiblaridan birortasi hatto 10 foiz ovoz to‘play olmadi.

Bu safar mamlakatda qonuniy faoliyat yuritayotgan 7ta partiyadan 5tasi prezidentlikka o‘z vakilini nomzod qilib ko‘rsatdi. Rahmonning nomzodi Tojikiston xalq-demokratik partiyasi, shuningdek, Mustaqil kasaba-uyushmalari federatsiyasi va respublika yoshlar ittifoqi tomonidan ilgari surilgan.

MSK ma'lumotlariga ko‘ra, Rahmonning raqiblari orasida nisbatan ko‘p ovoz olgan nomzod Tojikiston agrar partiyasi vakili Rustam Latifzoda bo‘lgan - 3,03 foiz.

  • Imomali Rahmon (Xalq demokratik partiyasi) - 3 mln 837 ming 927 yoki 90,9 foiz;
  • Rustam Latifzoda (Agrar partiya) – 127 ming 746 yoki 3,3 foiz;
  • Rustam Rahmatzoda (Iqtisodiy islohotlar partiyasi) - 90 ming 587 yoki 2,15 foiz;
  • Abduhalim G‘afforzoda (Sotsialistik partiya) – 62 ming 835 yoki 1,49 foiz;
  • Miroj Abdulloyev (Kommunistik partiya) – 49 ming 212 yoki 1,17 foiz saylovchilar.
TASS

Endilikda Rahmon Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan birgalikda MDH davlatlari orasida prezidentlik lavozimida eng uzoq vaqt qolayotgan rahbarlardan biri bo‘lib turibdi.

Uning o‘zi bir necha marta mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish uchun referendum o‘tkazish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqqandi. 2003 yil iyunida iyun oyida kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, prezident lavozimida ketma-ket ikki muddatga saylanishga taqiq bekor qilingan va prezidentlik muddati 7 yillik qilib belgilangandi.

2016 yil mayidagi referendumdan keyin Rahmon cheksiz marta saylovda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan, shuningdek, prezidentlikka nomzod yoshi 35dan 30ga tushirilgandi.

Tojikiston Demokratik partiyasi raisi vakili Saiddjafar Usmonzoda nomzodi prezidentlik saylovlariga ro‘yxatga olinmagan.

Mavzuga oid