Jahon | 23:11 / 14.10.2020
46814
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning yangi bosh vaziri prezident iste'fosini talab qilmoqda. Prezident esa bunga rozi emas

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov yangi bosh vazir Sadir Japarovning talabiga ko‘ra lavozimidan ketishdan bosh tortdi. Jeenbekov bu haqda bosh vazir bilan o‘zaro muzokaralardan keyin ma'lum qilgan.

Foto: AFP

Uchrashuv davomida bosh vazir Japarov prezident kun oxirigacha iste'foga chiqishini talab qilgan.

Jeenbekovning matbuot xizmati uning Japarov bilan uchrashuvidan keyin prezident iste'foga chiqishga «haqli emasligi» haqida e'lon qildi.

«Sooronbay Jeenbekov yana bir bor hozir prezidentlik lavozimini tark etishga haqqi yo‘qligini, bu davlatga zarar keltiruvchi oldindan aytib bo‘lmaydigan voqealarga olib kelishini qayd etib o‘tdi.

Sooronbay Jeenbekov 9 oktyabrda bildirgan pozitsiyasida sodiq qoladi: u vaziyat yana qonuniy o‘zaniga qaytishi, barcha davlat tuzilmalari va hukumat qonuniy maqomga ega bo‘lishi va mamlakat to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi - parlament saylovlari o‘tkazilib, yangi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi e'lon qilinganidan so‘ng iste'foga chiqishini eslatib o‘tdi», deyilgan xabarda.

Ushbu uchrashuvdan keyin bosh vazir muxolifat vakillari Jeenbekovni iste'foga chiqarishga erishmoqchi ekanliklarini aytib o‘tdi.

«Jeenbekovning iste'fosi bo‘yicha muzokaralar ertaga 11:00da davom ettiriladi. U ketadi, oz qoldi, o‘ylaymanki muzokaralar ertaga soat 12:00 yoki 13:00da yakunlanadi», degan Japarov.

Uning bayonoti ortidan Jeenbekovning matbuot xizmati iste'foning muayyan muddati belgilanmaganini qayd etib bayonot berdi.

Rossiya nashrlari xabarlariga ko‘ra, Bishkekdagi hukumat uyi oldida Jeenbekovning iste'fosini talab qilgan namoyishchilar to‘plangan.

«Sadirni yana aldashmoqda, Jeenbekov ketmaguncha biz ham tarqalmaymiz», degan aksiya ishtirokchilaridan biri «Interfaks» muxbiri bilan suhbatda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra mitingchilar tarqalgan, lekin ular payshanba kuni ham qaytishi kutilmoqda.

Shanba kuni mamlakatning yangi bosh vaziri etib tayinlangan Japarov 4 oktabr kuni o‘tkazilgan saylov natijalarga norozilik sifatida boshlangan namoyishlar davomida qamoqdan ozod etilgandi. U 2017 yilda bir qator jinoyatlarda, xususan, davlat amaldorini garovga olish va noqonuniy miting tashkillashtirishda ayblanib qamalgandi.

Saylovda parlamentdan o‘rin ololmagan boshqa partiyalarning ham tarafdorlari ko‘chalarga chiqqan, ularning barchasi saylov natijalarini hisoblashda soxtalashtirish bo‘lganini da'vo qilishmoqda. Xalqaro kuzatuvchilar ularning da'volari asosli ekanini aytishmoqda.

9 oktabr kuni, tartibsizliklar qaytalangach, Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat e'lon qilgan, 10 oktyabrdan shaharga harbiy qismlar kiritilgandi.

Ko‘p o‘tmay parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishida deputatlar bir ovozdan Sadir Japarov nomzodini bosh vazirlikka tasdiqlashdi. Prezident esa 13 oktabr kuni birinchi ovoz berish natijalarini tan olmadi, u bu qarorini parlamentda kvorum yo‘qligi bilan asosladi.

Parlament qarori yuridik kuchga ega bo‘lishi uchun deputatlarning yetarli soni unga ovoz berishi kerak. Mamlakat parlamenti Jo‘qorg‘i Keneshda 120ta deputatlik o‘rni borligi hisobga olinganda qaror qabul qilish uchun kamida 61 nafar deputatning ovozi kerak.

Sadir Japarovni bosh vazir etib tayinlash haqidagi qaror qabul qilingan majlis 6 oktabr kuni, mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovidan keyin boshlangan ommaviy namoyishlar ortidan bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilar parlament binosini egallab olgani sababli yig‘ilish Bishkekdagi «Dostuk» mehmonxonasida to‘liq bo‘lmagan tarkibda bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda jami 51 nafar deputat qatnashgan. Bundan tashqari, yig‘ilganlarda yana o‘nlab deputatlarning ovoz berish uchun ishonchnomasi bo‘lgan.

Ammo chorshanba kuni deputatlar yana Japarov uchun takroran ovoz berishdi (83 deputat) va prezident buni qabul qildi.

Mavzuga oid