Jahon | 01:27 / 15.10.2020
14228
2 daqiqa o‘qiladi

JSSTda yosh sog‘lom kishilar vaksinani 2022 yilgacha olmasliklari mumkinligi aytildi

Yosh sog‘lom kishilar 2020 yilgacha koronavirusdan emlanadiganlar toifasiga kiritilmasliklari mumkin, chunki emlashda ustunlik aholining boshqa toifalariga beriladi. Bu haqda JSSTning bosh ilmiy xodimi Sumiya Svaminatan ma'lum qildi. 

“Ko‘pchilik emlashni sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va virusga qarshi kurashning old saflarida turganlar olishi kerakligiga rozilar. Biroq bu holatda ham ulardan qay biri ko‘proq xavf ostida ekanini aniqlab olishingiz lozim, so‘ngra keksalar va boshqalar emlanadi. Bu borada ko‘plab yo‘riqnomalar paydo bo‘ladi, biroq fikrimcha, yosh va sog‘lom kishilar vaksinani 2022 yilgacha kutib turishlariga to‘g‘ri keladi”, deb ta'kidlab o‘tgan JSST vakili.

“Odamlar 1 yanvarda yoki 1 aprelda vaksinani olaman va hammasi iziga qaytadi, deb o‘ylashga moyillar. Biroq bunday bo‘lmaydi”, deb qo‘shimcha qilgan Svaminatan.

U 2021 yilgacha dunyoda juda bo‘lmasa bitta xavfsiz va samarali vaksina paydo bo‘lishiga umid bildirgan. Biroq bunday yagona vaksina cheklangan hajmda bo‘ladi. Mutaxassisning ta'kidlashicha, ayni vaqtda dunyoda koronavirusga qarshi 10dan ko‘proq vaksina yakuniy sinovlardan o‘tmoqda.

Bu orada JSSTning shoshilinch kasalliklar bo‘limi rahbari Mariya Van Kerkxovning ta'kidlashicha, biror davlatning butun aholisini emlashdan oldin butun dunyo bo‘ylab virus oldida eng zaif toifadagi odamlarni emlash zarur.

Uning ta'kidlashicha, vaksina hali yo‘q bo‘lgan hozirgi sharoitda ham virus tarqalishini to‘xtatish mumkin. Buning uchun niqob taqish, gavjum joylardan qochish va qo‘llarni sovunlab yuvish lozim.

Mavzuga oid