Jahon | 12:31 / 15.10.2020
7541
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda va Fransiyaning yana 8ta yirik shahrida komendantlik soati joriy etilmoqda

Fransiyaning Il-de-Frans regionida (Parij ham shu yerda joylashgan) va mamlakatning yana 8 yirik shahrida (Lill, Lion, Grenobl, Monpele, Ruan, Eks-Marsel, Tuluza va Sent-Eten) 17 oktabr kunidan komendantlik soati boshlanadi, unga ko‘ra, kechqurun va tunda odamlar harakati cheklanadi. Bu haqda 14 oktabr kuni Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron ma'lum qildi.

Le Monde nashrining yozishicha, komendantlik soati kamida to‘rt hafta davomida soat 21:00dan 6:00gacha amalda bo‘ladi. Komendantlik soatini buzganlik uchun 135 yevro miqdorida jarima qo‘llanadi. Aholi o‘z uyini faqat arzirli sabab bilan tark etishi mumkin.

Restoranlar, barlar, kafe, teatrlar va konsert maydonlari komendantlik soati boshlangach, faoliyatini to‘xtatishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, shaharlarda ishga borishga va boshqa zarur ehtiyojlar bilan ko‘chaga chiqqanlar uchun jamoat transporti ishlashda davom etadi.

Emmanyuel Makron kunlik kasallanish holatlari darajasini pasaytirish uchun cheklov choralari qo‘llashga zarurat paydo bo‘lganini qayd etib o‘tgan. Ayni vaqtda kuniga 20 mingtagacha holat aniqlanmoqda va bu miqdorni 4-5 minggacha tushirish ko‘zlangan. 14 oktabr kuni Fransiyada 22 ming 950ta yangi kasallanish holati aniqlangandi.

Mavzuga oid