Jamiyat | 11:40 / 17.10.2020
33889
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi Turkiyaga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga murojaat qildi

Joriy yil sentabr oyida «Toshkent-Istanbul-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar tiklangandan so‘ng fuqarolarning Turkiyaga turli maqsaddagi (biznes, davolanish, o‘qish, turizm va hokazo) safarlari sezilarli darajada oshdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonga qaytayotganda 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda topshirilgan PZR-test tahlili talab etiladi va ba'zi fuqarolarda ushbu testlarning natijasi musbat chiqayotgani aniqlanmoqda.

Turkiyadagi tegishli vazirlik va tashkilotlarning bayonlariga muvofiq, COVID-19 sug‘urtasiga ega chet el fuqarolari kasallanib qolganda davlat tashkilotlarida bepul davolanishlari mumkin. Shuningdek, kasallikni yengil o‘tkazayotgan turistlarning 10-14 kunlik karantin muddatini mehmonxona maxsus xonasida o‘tkazishlari va buning uchun ketgan xarajatlar ham sug‘urta hisobidan qoplanishi belgilangan.

Shu bilan birga, koronavirus tashuvchilari bilan bevosita muloqotda bo‘lgan fuqarolarning ham mehmonxonalarda majburiy karantinda qolishlari majburiy bo‘lgan holatlar kuzatilmoqda. Ammo, bu vaziyatda fuqaro bevosita COVID-19 bilan kasallanmagani sababli sug‘urta polislari mehmonxonada qolish xarajatlarini qoplashni nazarda tutmagan.

Turkiyaga turli maqsadlarda kelishni rejalashtirayotgan fuqarolarga quyidagilar tavsiya qilingan:

  • COVID-19 bilan ehtimoliy kasallanish xavfini inobatga olib, tibbiy sug‘urta polisini sotib olish;
  • sug‘urta shartnomasiga «PZR testining natijasi salbiy bo‘lishiga qaramay, sug‘urtalanuvchi COVID-19 tashuvchisi bilan muloqotda bo‘lganlik sababli majburiy karantinda qolishiga to‘g‘ri kelsa, tegishli xarajatlarni qoplash» to‘g‘risidagi bandni kiritish;
  • sug‘urta agentligidan koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatida amalga oshiriladigan zarur harakatlar algoritmini bilib olish.

«O‘z navbatida, COVID-19 bilan kasallanishning oldini olish maqsadida, shuningdek, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan virusga qarshi gigiyenaga va ijtimoiy masofaga qat'iy amal qilishingizni so‘rab qolamiz», - deyiladi bosh konsulxona murojaatida.

Mavzuga oid