Jahon | 16:41 / 18.10.2020
29026
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning shtabi Baydenga qarshi «super kompromat»ni e'lon qildi. Barchasi kompyuterga suv to‘kilishidan boshlangan

AQSh prezidentlik saylovlariga ikki hafta qolganida demokratlar yetakchisi Jo Bayden haqida OAVda navbatdagi sensatsion material paydo bo‘ldi. U yana Ukrainadagi korrupsion harakatlarda ayblanmoqda. Ma'lumotlar Tramp shtabi vakillarining qo‘liga xuddi kinolardagidek tushib qolgan.

Foto: Chip Somodevilla

AQShda prezidentlik saylovlari boshlanishiga bir oy qolganida intriga chinakamiga qiziydi. Chunki bu vaqtda nomzodlardan biri haqida sensatsion ma'lumot paydo bo‘lishi eski an'ana. Aynan saylov arafasida e'lon qilingan kompromat ancha samarali, axir nomzod o‘zini oqlashi uchun juda kam vaqt qolgan bo‘ladi-da.

Aytaylik, o‘tgan safar oktyabrda WikiLeaks'da Hillari Klinton shtabi rahbarining yadro energetikasi masalasidagi yozishmalari tarqalib ketdi. Keyinchalik Klintonning saudiyaliklar bilan xatlari ham tarqalib, oxir-oqibat bu natijalarga ta'sir ko‘rsatdi. Chunki ijtimoiy so‘rovlar butunlay boshqacha natijani taxmin qilayotgandi.

Tramp bu galgi raqibiga ham «apperkotdan zarba bera oldi».

Bayden va Ukraina. Mojaro yana xuruj qildi

Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Baydenning o‘g‘li bilan bog‘liq korrupsion holatni o‘rganishni Ukraina yetakchisiga «uyga vazifa qilib bergani», Zelenskiy bu «topshiriq»ni peshonasidan ter chiqib, katta hayajon bilan qabul qilganini eslasangiz kerak. Aynan mana shu harakati uchun Trampga nisbatan impichment e'lon qilindi. U senatdagi tarafdorlari ko‘pligi sabab prezidentlikni saqlab qoldi, aslida vaziyat juda jiddiylashib ketgandi. Axir u amaldagi prezident sifatida saylovdagi asosiy raqibini jangdan chiqarishga kirishgandi-da. AQShda esa bunday «diktatorlarcha harakat»ni hayratlanmay kutib olish imkonsiz.

O‘shanda Baydenning o‘g‘li Hanter Ukrainadagi energomagnatlar bilan otasining uchrashuvini ta'minlagani, Bayden Ukraina prokurorining iste'fosini talab qilgani ham bejizga bo‘lmagani aytilgandi. Tramp bu da'voni ilgari surar ekan, Baydenni korrupsioner oila rahbari deb atagandi. Hozir o‘sha mavzu yana kun tartibiga ko‘tarildi va Tramp shtabi bu gal juda noodatiy tarzda iddaosini taqdim etdi. Hammasi xuddi kinodagiga o‘xshaydi.

Jo Bayden AQShning sobiq prezidenti Barak Obama vaqtida mamlakat vitse-prezidenti bo‘lgan. U hali «otda bo‘lgan vaqtida» o‘g‘li Hanter Bayden Ukrainaning Burisma gaz qazib oluvchi kompaniyasi direktorlar kengashi a'zosi bo‘lgan va atigi 50 ming dollar maoshga ishlagan. Ha, bejizga atigi so‘zini qo‘shtirnoqsiz ishlatmadik, chindan eng daromadli soha direktorlar kengashi vakili uchun bu juda katta pul hisoblanmaydi.

Jo Bayden o‘g‘li Xanter bilan / Foto: Getty Images

New York Post nashrining yozishicha, Hanter bu lavozimda ishlab turib, otasi va ukrainalik biznesmenlarning uchrashuvlarini ta'minlab turgan. Axir AQShning moliyaviy va siyosiy ko‘magini kim ham xohlamaydi deysiz. Vitse-prezident esa juda katta lavozim.

Noutbuk ta'mirlashga olib borilgandi, ichidan ma'lumotlar chiqdi

Bu galgi ma'lumotlar noodatiy tarzda tarqaldi. New York Post nashrining yozishicha, 2019 yil Delever shtatidagi kompyuter ustasiga olib borilgan noutbuk xotirasidan Bayden uchun «super kompromat» ekani aytilayotgan ma'lumotlar topilgan.

Ta'mirlovchi firma rahbari kompyuterning egasi Hanter Bayden ekanini aniq ayta olmasligini ma'lum qilgan holda unga «Beau Biden Foundation» xayriya fondining yorlig‘i yopishtirilganini tasdiqlagan. Bu Baydenning marhum to‘ng‘ich o‘g‘lining nomiga ochilgan fond hisoblanadi.

Ustaxonaga noutbukka suv to‘kilib ketib ishlamay qolgach olib borishgan. Ustalar uni baribir tuzata olishmagan va ustaxona rahbari «har ehtimolga qarshi» qattiq diskda nima borligini tekshirib ko‘rgan. Ma'lumotlar nima haqida ekanini taxmin qilgan ustaxona rahbari avval FQBga xabar qilgan, keyin Trampning shaxsiy advokati Rudolf Julianiga ularni topshirgan.

Kompyuter xotirasidan umumiy hisobda 25 mingta surat, 11 550 ta pochta yozishmasi topilgan. Bu yozishmalar Baydenning Ukrainadagi Burisma va Xitoydagi CEFC China Energy Co korporatsiyalari bilan bo‘lgani aytilmoqda.

New York Post nashrida e'lon qilingan yozishmaga ko‘ra, Hanter Bayden 2015 yilda otasining Ukrainadagi energiya kompaniyasi top menejyeri Vadim Pojarskiy bilan uchrashuvini tashkillashtirgan. «Qadrli Hanter, meni Vashingtonga taklif qilganingiz va otangiz bilan uchrashishga imkon berganingiz uchun rahmat», deb yozilgan gazeta e'lon qilgan elektron xatda.

Tarqalib ketgan yana bir xatga ko‘ra, 2014 yilda Vadim Pojarskiy Hanter Baydenga «o‘z imkoniyatlaridan qanday foydalanishi mumkinligi borasida» maslahat solgan. NYP'ning yozishicha, yuqoridagi uchrashuv Bayden Ukraina bosh prokurori Viktor Shokinning iste'fosini talab qilishidan bir yil oldin sodir bo‘lgan. Nashrga ko‘ra, Bayden Ukraina bosh prokurorining iste'fosini so‘ragan vaqtda u Hanterning korrupsion mojaroga aloqasini tekshirayotgan bo‘lgan.

Jo Bayden esa bu holatni izohlar ekan, AQSh va Yevropa davlatlari Shokinni poraxo‘r mulozim deb hisoblashini ta'kidlagandi. Baydenga ko‘ra, o‘sha vaqtda Ukraina bosh prokurori bo‘lgan Viktor Shokin mamlakatdagi islohotlarga qarshilik qilgan.

Nega ijtimoiy tarmoqlar bu maqolani blokladi?

New York Post Baydenning o‘g‘liga aloqador ma'lumotlarni «sensatsion» deb e'lon qilgach, Facebook va Twitter bu maqola e'lon qilingan postni bloklab qo‘yishdi. Bu ijtimoiy tarmoqlar ma'muriyati maqoladagi ma'lumotlar tekshirilishi kerak deb hisoblamoqda.

AQSh prezidenti va ayni vaqtda prezidentlikka nomzod Donald Tramp saylovoldi chiqishlari va umuman, ko‘plab chiqishlarida Jo Bayden vitse-prezident bo‘lib ishlagan vaqtida mansab lavozimini suiiste'mol qilganini takrorlagan. U Bayden o‘g‘liga yordam berganini ham ko‘p marta eslagan. Uning Vladimir Zelenskiyga bu borada bosim o‘tkazishi esa yuqorida aytganimizdek Trampga impichment e'lon qilinishigacha olib bordi.

Ma'lumot uchun, New York Post gazetasi egasi Rupert Merdok Trampning uzoq yillik tarafdori hisoblanadi. Uning gazetasi «sezdirmay» respublikachilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Gazeta e'lon qilgan ma'lumotlari ishonchli ekanini tasdiqlamagan. Ustaxona rahbari ham kompyuter egasi kichik Bayden ekanini tasdiqlay olmasligini aytgan. Shuningdek, maqola mualliflaridan biri o‘z vaqtida Fox telekanali boshlovchisi Shon Xennetiga prodyuserlik qilgan. Shon Xenneti esa Trampning yaqin do‘sti hisoblanadi. Bu telekanal ham Trampning do‘sti Rupert Merdokka tegishli va ochiqchasiga respublikachilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Trampning Twitter'da Fox friends deb boshlangan tvitlariga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa ajab emas.

O‘tgan yili Washington Post o‘z manbalariga asoslanib Rossiya Trampning shaxsiy advokati Rudolf Julianidan Bayden haqida soxta ma'lumotlar tarqatishda foydalanayotgani haqida yozgandi. Nashrda yozilishicha, advokatning Ukrainadagi «qulog‘i» Ukraina Radasi deputati Andrey Derkach bo‘lgan. U rus agenti sifatida AQSh Moliya vazirligining sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan.

Joy Bayden shtabi vakili Endryu Beytsning aytishicha, sobiq vitse-prezidentning uchrashuvlari ro‘yxatida Burisma vakillari bilan uchrashuv bo‘lmagan. Trampning vakillari esa bu kompromatni ular tayyorlashganini yashirib ham o‘tirishmagan. Masalan, AQSh prezidentining sobiq maslahatchisi Stiv Bennon Niderlandiya telekanali bilan intervyuda haqiqiy siyosiy sensatsiya oldinda ekanini aytgandi: «Hali ko‘rasiz, biroz kuting», degandi Hanter Baydenning yozishmalari qo‘lida ekanini aytgan Bennon.

Mavzuga oid