O‘zbekiston | 18:34 / 20.10.2020
6310
5 daqiqa o‘qiladi

Dorilar o‘z o‘rni va vaqtida qo‘llansa foydali – mutaxassis

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasini davolashda «Gidroksixloroxin», «Remdesivir» preparatlari haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Ularning virusni davolashda foydasi bormi? Qanday bemorlarga, kasallikning qay darajasida qo‘llash tavsiya etiladi? Bu savollarga SSV Matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayevdan javob oldi.  

«Dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni tobora ortib bormoqda. Hanuz virusni to‘liq bartaraf etuvchi dori vositasi yaratilgani yo‘q. Ammo shifokorlar, dunyo olimlari o‘z ilmiy izlanish va tadqiqotlarida virusni davolashda qo‘llanadigan yondosh dori vositalari kompleksi bilan insonlarning salomatligini tiklashga harakat qilishmoqda.

Ma'lumki, hududlarning iqlim sharoiti, aholisining yashash tarzi, qon guruhlari va boshqa omillar turlicha bo‘lgani sababli infeksiya har bir hududda o‘zgacha mutatsiyaga uchrab, turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Shu bois ham bir mamlakatda foydali deb topilgan dori vositasi boshqasida samara bermasligi mumkin. Bu esa virusdan davolanish bo‘yicha turlicha ko‘rsatma va tavsiyalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib, odamlar orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Masalan, ayrim mamlakatlarda «Gidroksixloroxin» dorisi virusni davolashda samara bermayotgani aytilmoqda. Ammo bu dori vositasi O‘zbekiston hududidagi virus shtammini davolashda o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda. Bizga ma'lumki, virus inson organizmiga kirgan paytda nafas yo‘lining yuqori qismida o‘rtacha 4 kun davomida saqlanib turadi. «Gidroksixloroxin» kasallikning ayni mana shu davrida o‘zining yuqori samaradorligini namoyish etadi. Ammo virus o‘pkaga yetib borganidan so‘ng «Gidroksixloroxin» foyda bermaydi. Shu sababdan ham kasallikning boshlang‘ich davrida ushbu preparatni qo‘llash foyda bermoqda.

Dunyo olimlari, xususan, Marsel universiteti izlanuvchilari koronavirusni ushbu preparat yordamida va uni ishlatmasdan bemorlarni davolab ko‘rdi. Kasallikning ilk kunlarida «Gidroksixloroxin» dorisini qabul qilgan bemorlarning olti nafaridan besh nafari 6-7 kunda sog‘aydi. Aksincha, «Gidroksixloroxin» berilmagan bemorlarning ahvoli esa 14-20 kungacha yaxshilanmadi. Tajribadan ham ko‘rinib turibdiki, ushbu dori vositasi kasallikning ilk kunlarida qo‘llanganda, 83 foiz holatda samaradorligi ko‘rinmoqda.

Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, har qanday dori vositasining inson organizmiga ta'siri uning yoshi, jinsi, irqi, qon guruhi qanday ekaniga ham bog‘liq. Shuningdek, preparatlarning davolovchi xususiyati bo‘lgani kabi salbiy ta'siri ham yo‘q emas.

Shuning uchun ham COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarning 7-nashrida bu dori vositasi kasallikning ilk bosqichida 5 kun berilishi, 65 yoshdan katta va yurak qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar, bolalar hamda homilador ayollarga «Gidroksixloroxin» tavsiya qilinmasligi qayd etilgan.

«Remdesivir» preparatiga keladigan bo‘lsak, u kasallikning ilk bosqichida qo‘llanmaydi. Uy sharoitida bu doridan foydalanish faqatgina zarar keltiradi. Ushbu preparat shifokorning to‘liq nazorati ostida kasallikning o‘rta og‘ir va og‘ir darajasida berilsagina o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatadi. «Remdesivir» virusga qarshi dori vositasi davolash muolajalari davrida ijobiy natija berib, davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

Ushbu dori vositalarini samara bermaydi, deganlar uni o‘z o‘rni va vaqtida, to‘g‘ri qo‘llamayotgan bemorlar hisoblanadi. Chunki boshqa mamlakatlar mutaxassislari qatorida o‘zbek olimlari tomonidan ham bu dorilarni samarali ekani isbotlangan va undan foydalanish bo‘yicha asosiy ko‘rsatmalar berib o‘tilgan. Shu bois ham koronavirus infeksiyasidan davolanayotganda doimiy ravishda shifokor nazoratida bo‘lib turish kerak», degan mutaxassis.

Mavzuga oid