2019-2020 yillarda 500dan ortiq YTHga yo‘llar nosozligi sabab bo‘lgan – Senat
Senat yalpi majlisida Oliy Majlis Senatining 2020 yil 19 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov parlament so‘rovi natijasi yuzasidan qo‘mita xulosasini bildirdi. Parlament so‘rovida ko‘tarilgan ba'zi masalalarning yechimiga e'tibor qaratilmagani ta'kidlandi.
«O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo‘l harakati xavfsizligi standartlari yuzaki ishlab chiqilgan.
Ushbu standartlardagi yo‘l belgilarining tartib raqamlari ham to‘g‘ri belgilanmagan, bu esa yo‘l harakatining asosiy va ustuvor qoidalaridan hisoblanadi.
Ya'ni mazkur standartlar boshqa davlatlarning standartlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib olingan. Oqibatda boshqa davlatlarning amaldagi yo‘l harakati qoidalaridagi mavjud yo‘l belgilari ushbu standartlarning ilovalariga ham kiritilgan. Vaholanki, mazkur yo‘l belgilari O‘zbekiston Respublikasi Yo‘l harakati qoidalarida mavjud emas.
Shuningdek, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini ta'minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017–2020 yillar davomida jami 6 709ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa-da, ularning 3 173tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmagan.
Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan yo‘l-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan avtomobil yo‘llarini zarur darajada ta'mirlashga e'tibor qaratilmagani oqibatida 2019 yilda va 2020 yilning 8 oyi davomida 532ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangan va 191 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Bu kabi kamchiliklar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta'minlamagan mutasaddilarga nisbatan ta'sirchan choralar ko‘rishni taqozo etmoqda», deya Qutbiddin Burxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shu jihatdan Senat a'zolari aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.
Bunda:
- Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda tasdiqlangan yo‘l harakati xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va standartlarni 2021 yil 15 yanvarga qadar takomillashtirish;
- Avtomobil yo‘llari nosozligi oqibatida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha bir oy muddatda aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;
- Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta'minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddi xodimlarning mas'uliyatini oshirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish;
- O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosining borishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan mutasaddi idoralar rahbarlariga kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotlarni qo‘mitada tahlil qilib, chora-tadbirlar dasturi hamda kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini o‘z vaqtida bajarmagan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarini Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisiga taklif qilib, muhokama qilib borish belgilandi.
Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024