O‘zbekiston | 12:37 / 21.10.2020
9568
2 daqiqa o‘qiladi

Deyarli har kuni budjet mablag‘lari noo‘rin sarflanishi bilan bog‘liq holatlar ko‘tarilmoqda - Tanzila Norboyeva

Bugun, 21 oktabr kuni Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Majlis avvalida Senat raisi Tanzila Norboyeva noo‘rin sarflanayotgan budjet mablag‘lari, ayrim rahbarlarda moliyaviy savod yetishmasligi borasida tanqidiy fikrlar bildirdi. Rais budjet mablag‘lari sarflanishi va nazorati tizimida bartaraf etilishi zarur bo‘lgan muammolar talaygina ekanini ta'kidlab o‘tdi.  

«Deyarli har kuni budjet mablag‘larining noo‘rin sarflanishi bilan bog‘liq holatlar xalqimiz tomonidan ko‘tarilmoqda. Afsuski, xalqimiz, ya'ni soliq to‘lovchilar bunday savollarga asosli javob ololmayapti. Xolis munosabat ham bildirilmayapti.

Biz Hisob palatasi bilan birgalikda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish borasidagi ishlar holatini yaqinda Toshkent viloyati misolida kompleks o‘rganib chiqdik. Juda ko‘plab tizimli muammolarni aniqladik.

Mutasaddilarda budjetga qo‘shimcha manbalar aniqlash borasida tashabbuskorlik, izlanish yo‘qligini alohida qayd etib o‘tdik. Ayrim hollarda ularda moliyaviy savodxonlik yetishmasligiga ham guvoh bo‘ldik. Muhim ko‘rsatkichlarni qo‘shib yozish holatlariga to‘liq barham berilmagan.

Shu bois, hozirdanoq mazkur yo‘nalishdagi ishlarimizni tanqidiy ko‘rib chiqishimiz, budjet nazoratini yanada kuchaytirishimiz zarur bo‘ladi. Senatning budjet qo‘mitasi hamda boshqarmasi bunday o‘rganishlar va tahlillar ko‘lamini yanada kengaytirishi, tizimli muammolar yechimi yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqishi lozim», dedi Tanzila Norboyeva.

  • Avvalroq, Senat raisi Toshkent viloyati hokimligida o‘tkazilgan majlisda Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida budjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi bo‘yicha ham tanqidiy fikrlar bildirgan edi.

Mavzuga oid