Nogironlikni aniqlash uchun ekspertiza o‘tkazishda qo‘llanayotgan mezonlar qirq yil avval ishlab chiqilgan - Senat
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning nogironligini aniqlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Majlisda Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament so‘rovi natijalari yuzasidan taqdim etilgan axborotda parlament so‘rovida qo‘yilgan vazifalar ijrosi yetarlicha aks ettirilmaganini ta'kidladi.
«Xususan, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalar tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari normativ-huquqiy hujjatlarda yetarlicha tartibga solinmagan, nogironlik profilaktikasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy va kasb bo‘yicha reabilitatsiya qilish bo‘yicha yaqin, o‘rta yoki uzoq muddatli strategiya qabul qilinmagan.
Shu bilan birga, nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazishda qo‘llanayotgan mezonlar qirq yil avval ishlab chiqilgan uslubiyotga asoslangan bo‘lib, yangi tartib haligacha ishlab chiqilmagan.
Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalarning nogironlarga xizmat ko‘rsatish yuklamasi belgilanmagan, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda va undan katta yoshdagi shaxslarda nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklar ro‘yxati va ushbu kasalliklarda nogironlik belgilash mezonlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishning zamonaviy usullarini joriy etgan holda tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish mezonlari ishlab chiqilmagan», deya Odiljon Iminovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturida nogironlikni aniqlash bilan bog‘liq qator vazifalar bajarilmayotgani qayd etib o‘tilgan.
Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyati tanqidiy qayta ko‘rib chiqilmagan, nogironlikni belgilash mexanizmlari va uning muddatlari, shu jumladan, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi takomillashtirilmagan. Nogironlikni belgilash tizimiga belgilari yaqqol ko‘rinib turgan murojaat qiluvchini nogironlik belgilangunga qadar qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy qilinmagan, ayrim toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy tekshiruv o‘tkazmasdan aniqlanishi mumkin nogironlik toifalari uchun statsionar davolanishda majburiy bo‘lish tartibi bekor qilinmagan, yordamga juda muhtoj bo‘lgan shaxslar uchun sirtdan nogironlik toifasi belgilash hanuz joriy etilmagan.
Ushbu vazifalarni bajarish bo‘yicha aniq asos va muddatlar belgilab qo‘yilganiga qaramay, nogironligi bo‘lgan shaxslar nogironligini belgilashda, tibbiy-ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda ko‘plab ovoragarchilikka duch kelishiga sabab bo‘layotgani ta'kidlab o‘tilgan.
Majlisda parlament so‘rovida keltirilgan masalalar yuzasidan yetarli darajada amaliy choralar ko‘rilmagani, tegishli ishlar sub'yektiv sabablarga ko‘ra amalga oshirilmagani aytib o‘tildi.
Shuning uchun Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovida belgilangan vazifalar ijrosini to‘liq ta'minlash va bu haqda kelgusida aniq ma'lumotlar taqdim etish vazifasi yuklandi hamda uning ijrosi Senatning doimiy nazoratida qoldirilishi belgilandi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024