O‘zbekiston | 10:21 / 21.10.2020
13580
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 16 yoshdan mashina boshqarishga ruxsat berish taklif etildi. YHXBB bu fojiali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ma'lum qildi  

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqida taklif joylashtirildi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ushbu taklif bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

“Mamlakatimiz avtomobil yo‘llarida sodir etilgan avtohalokatlar tahliliga nazar tashlar ekanmiz, 18 yoshga to‘lgan o‘g‘il-qizlar tomonidan haydovchilik guvohnomasini olib, yo‘l-transport hodisasini sodir qilayotganlar ham kam emas”, - deyiladi YHXBB ma'lumotida. 

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil bo‘lmagan haydovchilar tomonidan 612ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, ularning oqibatida 191 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan bo‘lsa, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda haydovchining yo‘l harakati qoidalarini o‘zlashtirganligi, tajribasi, yoshi va madaniyati juda muhim o‘rin tutadi.

YHXBBning bildirishicha, boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham haydovchilik guvohnomasi olish uchun bir qancha talablar belgilangan. “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda “A” toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun 16 yoshga, “V” va “VS” toifaga ega bo‘lish uchun 18 yoshga hamda “D” toifaga ega bo‘lish uchun esa 21 yoshga (jumladan tramvay va trolleybuslar) to‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

Ushbu normalar qaror loyihalari ishlab chiqilish jarayonida xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganilib kiritilgan va bu talablar Yo‘l harakati to‘g‘risidagi (1968 yildagi Vena Konvensiyasi) Konvensiya normalariga mos ekani aytiladi.

Ta'kidlanishicha, 16 yoshdan haydovchilik guvohnomasini berish tartibi joriy qilingan xorijiy davlatlar o‘rganib chiqildi.

Misol uchun: Shvetsiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Yevropa davlatlarida xuddi O‘zbekiston normativ hujjatlarida belgilanganidek, 16 yoshda uncha katta bo‘lmagan mototsikllarni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etiladi.

“16 yoshli bola hali maktab yoki kasb-hunar kolleji o‘quvchisidir. Aynan ushbu yoshdagi bolalar o‘qishini davom ettirishi, boshqa ishlar bilan chalg‘imasligi, jamiyat uchun foyda keltiradigan bilimli insonlar bo‘lib ulg‘ayishlari zarur.

16 yoshli bolalarda tirishqoqlik, izlanuvchanlik bilan birga maqtanchoqlik, oliftalik kabi xislatlar ham eng avjiga chiqqan vaqt hisoblanadi. Bu yoshdagi bolalarning transport vositasini o‘zboshimchalik bilan boshqarishi salbiy oqibatlar bilan yakun topganligi holatlari uchramoqda.

16 yoshli bolalarda hali “Men” degan fikr so‘nmagan bo‘lishi, maqtanishni, “oliftalikni” yaxshi ko‘rishi, buning oqibatida esa yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, do‘stlariga avtomobilini maqtanish uchun yo‘l harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi mumkin, bu esa fojiali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin”, - deyiladi IIV YHXBB izohida.

Mavzuga oid