O‘zbekistonda magistral quvurlarining 38 foizi, ichimlik suvi quduqlarining 29 foizi ta'mirtalab ahvolda ekani ma'lum qilindi
Senator Malika Qodirxonovaning aytishicha,ichimlik suvi magistral quvurlari va tarmoqlarining 38 foizi, foydalanilayotgan 12 mingdan ortiq ichimlik suvi quduqlarining 29 foizi ta'mirtalab ahvolda.
«So‘nggi ikki yilda ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun budjetdan 3,7 trln. so‘m ajratilgan, 48 ta loyihaga 1,9 mlrd. dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan. Natijada mamlakat bo‘yicha 1 734 ta inshootda 6 463 km. ichimlik va 300 km.gayaqin oqova suv tarmoqlari tortilgan.
Majlisda o‘rganishlar hududlarda aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi talab darajasida emasligini ko‘rsatgani ta'kidlandi.
Jumladan, mamlakat ichimlik suvi inshootlarining umumiy quvvati sutkasiga 11,8 mln. metr kubdan iborat bo‘lsa-da, amalda uning 60 foizidan foydalanilmoqda.
Umumiy uzunligi 70,3 ming km. bo‘lgan ichimlik suvi magistral quvurlari va tarmoqlarining 38 foizi, foydalanilayotgan 12 mingdan ortiq ichimlik suvi quduqlarining 29 foizi ta'mirtalab ahvolda.
Shuningdek, 2 mingta yoki 20 foiz suv nasoslari ishdan chiqqan. Shaharlarning faqat 79 tasi, ya'ni 57 foizida kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lib, ularning ham 23 foizi ta'mirga muhtoj», deya senatorning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashdagi muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Senatorlar aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash va oqava suv xizmatini yaxshilash bo‘yicha ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishda jiddiy xato va kamchiliklar mavjudligini tanqid qilishdi.
Qayd etilishicha, inshootlar bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari joyiga chiqib o‘rganilmasdan, nazorat o‘lchovlari o‘tkazilmasdan, bajarilishi lozim bo‘lgan ish hajmlari hujjatda to‘liq aks ettirilmasdan, ichimlik suvi manbalariga aniqlik kiritilmasdan ishlab chiqilish holatlari oqibatida samarasiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilgan.
«Tizimda sog‘lom raqobat muhiti shakllantirilmagan, loyihalash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlar qonun hujjatlariga zid ravishda tanlangan. Oqibatda inshootlarning qurilib ishga tushirilmasligi yoki qurilish-montaj ishlarining oxiriga yetkazilmasligi, mablag‘larning samarasiz ishlatib yuborilishi kabi holatlar yuzaga kelgan. Qurilishlarning natijadorligini nazorat qilish tizimi talabga javob bermaydi. Foydalanishga topshirilgan ayrim inshootlar suv ta'minoti korxonalari tomonidan samarasiz ishlatilgan, oqibatda aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmagan.
Davlat budjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va boshqa manbalardan jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishning ochiq, shaffof tizimi yaratilmagan, mablag‘lardan foydalanishning holati bo‘yicha hisobot berish hamda qarz mablag‘larini qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash sohasida qonun hujjatlarida belgilab berilgan vazifalar o‘zvaqtida bajarilmagan.
Xususan, 2018 yil 30 noyabrda prezident qarorida ko‘zda tutilgan 2019 yil 1 iyulga qadar Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suvta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini Osiyotaraqqiyot banki konsultantlarini jalb qilgan holda, davlat xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish to‘g‘risidagi topshiriq o‘z vaqtida bajarilmagan», deydi Malika Qodirxonova.
Senatorning aytishicha, 2019 yil 29 apreldagi prezident qarori bilan topshiriqning ijro muddati joriy yilning 1 iyuli etib belgilangan bo‘lsa-da, tender g‘oliblari bilan shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari bajarilmasdan qolgan. Bundan tashqari, u “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘z hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash vakolati berilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda ushbu vakolatlar yillar davomida bajarilmasdan qolayotganini bildirdi.
Shu jihatdan aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashdagi muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
12:32 / 08.09.2024
“O‘zsuvta’minot” muhim eslatma bilan chiqdi
22:38 / 07.09.2024
Suvsiz O‘zbekiston. Eski mavzuning yangi tafsilotlari
18:20 / 24.08.2024
Toshkent viloyatida ichimlik suvidan noqnuniy foydalangan korxona rahbari 5 yilga qamaldi
18:44 / 05.08.2024