O‘zbekiston | 14:06 / 22.10.2020
12626
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda metro va avtobus yo‘lovchilari uchun kuniga o‘rtacha 28 mln so‘mlik qo‘lqop xarid qilinmoqda - Transport boshqarmasi

Transport vazirligining ikki rasmiysi Kun.uz so‘roviga binoan poytaxt jamoat transporti yo‘lovchilariga bepul berilayotgan qo‘lqoplar qaysi korxonalardan sotib olinayotgani haqida ma'lumot berishlarini bildirgan edi. Ammo o‘tgan uch kun ichida yetkazib beruvchilardan faqat bittasining nomi ochiqlandi.

19 oktyabrdan boshlab, Toshkent shahridagi jamoat transporti yo‘lovchilaridan majburiy ravishda tibbiy niqob bilan birga tibbiy qo‘lqopda ham bo‘lish talab etilmoqda. Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning ma'lum qilishicha, bir oyga 13-14 mln dona qo‘lqop kerak bo‘lishi hisoblab chiqilgan.

«Buni bitta ishlab chiqaruvchining o‘zi yetkazib berolmaydi. Hozirgi kunga kelib, ikkita yetkazib beruvchi tashkilot topdik. Ular kuniga biri 200 ming, ikkinchisi 130-150 ming qo‘lqop yetkazib bermoqda. Hali endi ikkinchi kun. Biz hozirda bozorni o‘rganib, qancha ishlab chiqaruvchimiz bor, shularni o‘rgangan holda sotib olishni yo‘lga qo‘yamiz», – dedi Jo‘rayev 20 oktyabrda bergan intervyusida.

U ijtimoiy tarmoqlarda mazkur yangi tartibni kimlardir pul ishlab olish maqsadida joriy etgani haqidagi gaplarni asossiz deb, «qo‘lqop taqish faqatgina koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida» tatbiq etilganini ta'kidladi.

Anvar Jo‘rayev

«Kecha ochiqlab aytganimizdek, bir juft qo‘lqop 56 so‘mga aylanmoqda. Endi qaraydigan bo‘lsak, sog‘liqni saqlash tizimida bitta kasalni davolash uchun 30 milliondan 60 milliongacha xarajat qilinyapti. Bizda [kuniga] 350-400 ming yo‘lovchi tashib turgan paytimizda, agar biz qo‘lqop ishlatmasak, kasallanganlar qanchalik ko‘payadi va budjetga qanchalik ziyon yetadi. Biz qo‘lqopni olib, yo‘lovchilarimizning kasallik yuqtirib olish ehtimolini kamaytirsak, bu ham davlatga, ham aholiga katta yordam bo‘ladi», – dedi poytaxtning transport tizimi boshlig‘i.

Anvar Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent metrosi va avtobuslari yo‘lovchilarini qo‘lqoplar bilan ta'minlash uchun bir kunda o‘rtacha 28 mln so‘m sarflanmoqda.

«Bu 1 mln dona qo‘lqop uchun. Ishlab chiqaruvchi uni donalab hisoblar ekan, tabiiyki biz uni juft qilib tarqatyapmiz», – deya tushuntirdi u.

Ma'lum qilinishicha, jamoat transport korxonalarining qo‘lqoplar uchun xarajatlari har oy yakuni bo‘yicha Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

«Bunda muammo bo‘lmaydi. Buni biz hukumat bilan, Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ko‘rib chiqib, xarajatlar qoplab berilishi tartibi va taxminiy narxlarni belgilab olganmiz», – dedi Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i 20 oktabr kuni Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Qo‘lqoplar 2ta korxonadan sotib olinmoqda. Ikkinchi korxona nomi ochiqlanmadi

Anvar Jo‘rayev ushbu intervyuda qo‘lqop yetkazib beruvchi ikkita tashkilot topilganini aytib, ularning aniq nomini bilmasligi va bu haqda ma'lumot berishini bildirgan edi.

Undan avvalroq, 19 oktabr kuni Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov ham qo‘lqoplar qaysi korxonalardan xarid qilinayotgani haqida tahririyatga ma'lumot taqdim etilishini aytgandi.

«Hozir qaysi firma bilan shartnoma tuzilgani bo‘yicha menda ma'lumot yo‘q. Lekin kerak bo‘lsa, qo‘shimcha ma'lumot berish mumkin»,degandi u.

Navro‘z Ashurmatov

Ayni paytgacha Transport vazirligi Kun.uz'ga qo‘lqop yetkazib beruvchilardan biri «Poliplast Dizayn» MChJ ekanini ma'lum qildi xolos. Ammo ushbu korxona bilan qaysi tashuvchilar shartnoma tuzgani, shartnoma qiymati va boshqa ma'lumotlar, shuningdek, qolgan yetkazib beruvchilar haqida axborot berilmadi.

«Jamoat transportlarida qo‘lqop taqishni targ‘ib qilish – mantiqsizlik»

«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Transport vazirligining bu tashabbusini mantiqsizlik deb atab, vazirlik bu tartibni bekor qilishi kerakligini aytdi. U Telegram'dagi kanalida bu qaror yuzasidan «ikkita asosiy shubha»ga e'tibor qaratgan.

Bobur Bekmurodov

«Birinchidan, jamoat transportida qo‘lqop taqilishi haqida Maxsus komissiya qarori yoki biror yuridik hujjat yo‘q. Transport vazirligining bunday qaror qabul qilishga vakolati bormi? Agar shunday hujjat bo‘lsa, uni e'lon qilish kerak.

Ikkinchidan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasidan saqlanishda qo‘lqop taqib yurishni samarasiz, deb topgan.

[...] Qo‘lqoplar tekinga tarqatilgani bilan, ularni xarid qilish xarajatlari oxir-oqibat soliq to‘lovchilarning hisobidan amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, Transport vazirligi ushbu tartibni bekor qilishi va buning o‘rniga, fuqarolar bilan maslahatlashib, boshqa (qo‘lni dezinfeksiya qilish uchun dispenserlarni o‘rnatish kabi) himoya usullarini taklif qilishi kerak», – deb yozdi «Yuksalish» umummilliy harakati raisi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Transport vazirligining bu qarori legitimligiga Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ham shubha bildirgan edi. Uning fikricha, jamoat transportida qo‘lqop taqish majburiy emas, yangi qoida tavsiyaviy xarakterga ega.

Rossiyaning bosh infeksionisti Vladimir Chulanov 21 oktabr kuni bergan intervyusida qo‘lqop taqish koronavirusga qarshi samarasiz ekanini ma'lum qildi. O‘zbekiston SSV qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining ikki o‘rinbosari – Botir Qurbonov va Nurmat Otabekov qo‘lqop taqish COVID-19 yuqtirish ehtimolini kamaytirishini aytmoqda.

Mavzuga oid