O‘zbekiston | 17:02 / 23.10.2020
40803
8 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz xodimi va IIB xodimlari o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Jurnalistning o‘zi bu ishga kasbi aralashtirilmasligini so‘ramoqda

Jurnalist Alisher Ro‘zioxunov ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘ziga nisbatan kuch ishlatilgani haqida xabar berdi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan o‘rganishlar olib borilayotganini ma'lum qilgan.

Kun.uz jurnalisti Alisher Ro‘zioxunov telegramdagi sahifasida 23 oktyabrga o‘tar kechasi o‘z shaxsiy avtomobilida harakatlanish vaqtida YPX inspektori tomonidan to‘xtatilgani, unga bu vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani haqida yozdi.

U o‘z murojaatida vazirlik tizimidagi xodimlarning xulq-atvoridan shikoyat qilgan va vazir Po‘lat Bobojonovdan iste'fo so‘ragan.

«23 oktabr kuni tungi vaqtda chorrahadan o‘tayotgandim. Chorrahadan o‘tish bilan yo‘l harakati xodimi – inspektor bir mashinani to‘xtatdi. U yo‘l yoqasida turgan inspektor xizmat mashinasiga yonma-yon, yo‘lning ikkinchi yo‘lagiga to‘xtadi. Inspektor esa yo‘lning uchinchi yo‘lagidan haydovchi eshigi tomon yurib kelayotgandi. Men yo‘ldagi tirbandlik va vaziyatni ko‘rib, arang uchinchi va to‘rtinchi bo‘lak orasiga tushib qoldim. Inspektorning qo‘li mashinamning o‘ng yon oynasiga tegib ketdi.

Shu joydan qochmay, inspektor kelishini kutdim, unga yo‘l o‘rtasiga sal e'tibor bilan chiqishini aytganim bilan mojaro boshlandi. Hamma ishini qo‘yib, 6dan ortiq xodim meni o‘rab oldi. Inspektor hujjatlarimni talab qildi. Berdim. Shu orada qiy-chuv qilib, xodimlar «buni rasmiylashtir, odam urdi» deb «aql» o‘rgata boshladi. Men sal shokka tushdim.

Shu orada shahar IIBBda kimni tanisam, qo‘ng‘iroq qilib, anglashmovchilik bilan ish jiddiylashtirilayotganini tushuntirdim. Inspektor telefonimni olib bir chetga o‘tib ketdi. Go‘shakni nariyog‘idagi odam vaziyatni uning og‘zidan eshitayotgandi. Shu payt niqobda, hech qanday tanish belgisi bo‘lmagan 2 nafar xodimning biri dubinka bilan qornimga soldi. Hech qanday sabab yo‘q. Aynan shu xodim mensimay, haqoratlab gaplasha boshladi. Buni tushunmadim, ammo vaziyat keskinlashib ketmasligi uchun xo‘p, aka deb turgandim. Shu xo‘p so‘zim ham yoqmadi shekilli. Dubinka zarbidan ikki bukilib yerga o‘tirdim. Qolganlar masxara qilishni boshladi. «Aktyor ekan, tegma, hozir o‘ziga keladi», deb.

Inspektor telefonda suhbatni tugatib, qaytib keldi va men jurnalist ekanimni qolganlarga aytdi. 10 daqiqadan so‘ng atrofdagi xodimlar tumtaraqay bo‘ldi. Inspektor va zudlik bilan shu joyga yetib kelgan rahbari meni yupatib kechirim so‘radi. Men qabul qildim. Ammo gap ularda emasdi. Xullas, vazir janoblari, ikkiyuzlamachi, o‘zboshimcha va vakolatini suiiste'mol qilib, odam uradigan, haqoratlaydigan xodimlaringizni isloh qilolmayapsiz. Buni eplaydigan odamga o‘rningizni bo‘shatib bering», deya yozgan u.

Jurnalist aybi bo‘lgan taqdirda inspektordan 5 marta o‘zini rasmiylashtirishni so‘raganini aytgan.

Ko‘p o‘tmay Toshkent shahar IIBB Alisher Ro‘zioxunov bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Kun.uz internet nashri jurnalisti Alisher Ro‘zioxunov 22 oktyabrdan 23 oktyabrga o‘tar kechasi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganligi xaqida ma'lumotlar tarqalmoqda. Toshkent shahar IIBB tomonidan mazkur ma'lumot o‘rganib chiqilib, voqeada ishtirok etgan barcha xodimlarning hamda fuqaro A.Ro‘zioxunovning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi», deyilgan bayonotda.

IIBB fuqarolar, bloger va jurnalistlardan «o‘z mavqeyini ro‘kach qilib ichki ishlar organlari xodimlarining ishiga xalaqit bermaslik, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealarni buzib talqin etib ommaga namoyish qilmaslik»ni so‘ragan.

Ushbu holat bo‘yicha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirishdi.

«Kuni kecha jurnalist Alisher Ro‘zioxunov bilan bo‘lib o‘tgan holatdan biz xavotirdamiz. Jurnalist o‘z sahifasida yozgan gaplari rost bo‘lsa, uni haqiqatda ham ichki ishlar xodimlari dubinka bilan kaltaklagan bo‘lsa, biz ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazib, masalaga oydinlik kiritilishini, aybdorlarga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilishini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan so‘raymiz. Jurnalist tomonidan qonun buzilgan taqdirda ham unga nisbatan qo‘l ko‘tarilishi mumkin emas. Va qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak. Ushbu holatni biz diqqat bilan kuzatib boramiz», — deydi Komil Allamjonov.

«Albatta qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak. Xoh u oddiy fuqaro yoki jurnalist bo‘lsin, lekin xizmat vazifasidagi xodimlar odamlarga qo‘l ko‘tarishiga qarshimiz. Jurnalistlarni biz har qanday holatda ham himoya qilamiz», — deya munosabat bildirdi Saida Mirziyoyeva.

O‘z o‘rnida Alisher Ro‘zioxunov Toshkent shahar IIBB bayonotiga javob qaytardi. U o‘sha voqea ro‘y bergan vaqtda IIB xodimlariga biror marta jurnalistligini ro‘kach qilmagani, ishxonasi nomini tilga olmagani va o‘zini oddiy haydovchi sifatida tutganini aytgan.

«Bugun, 23 oktabr kuni Ichki ishlar vazirligi O‘z xavfsizligi boshqarmasi Toshkent shahar bo‘yicha bo‘limi boshlig‘ining taklifi bilan suhbatga bordim. Bo‘lgan voqeani mening talqinimda eshitdi, fikr almashdik. Mazkur ish yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi, bu Toshkent shahar IIBB boshlig‘i nazoratida ekani ta'kidlandi.

Ammo Toshkent shahar IIBB tarqatgan rasmiy munosabat meni hayratlantirdi. Negaki, unda «bloger va jurnalistlardan, o‘z mavqeyini ro‘kach qilib ichki ishlar organlari xodimlarining ishlariga xalaqit bermasliklari, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealarni buzib talqin etib, ommaga namoyish qilmasliklari» so‘ralgan.

Ya'ni Toshkent shahar IIBB men bilan yuz bergan holat bo‘yicha barcha tomon harakatiga huquqiy baho beriladi, deb aytyapti-yu, avvaldan xulosani ham taqdim etyapti. Demak, men sodir bo‘lgan voqeani buzib talqin etganmanmi?! Men mazkur holatda IIB xodimlariga biror marta jurnalist ekanimni ro‘kach qilmadim, ishxonam tilga olinmadi va o‘zimni oddiy haydovchi sifatida tutdim. Shahar IIBB munosabati, tekshiruvi qanday yakunlanishini bashorat qilib o‘tirmayman, barcha gap ochiq-oydin yozilgan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov holat yuzasidan xavotirini bildirgan. Fond rahbariyatining g‘amxo‘rligi va ogohligini olqishlayman. Xolislik uchun aytamanki, bu holat haydovchi va xodim o‘rtasidagi munosabat sifatida ko‘rilishi lozim.

To‘g‘ri, agar jurnalistligim, masalani jamoatchilik e'tiboriga havola etishim mumkinligini xodimlar anglamaganda, vaziyat jiddiy tus olardi, deb hisoblayman.

Sog‘lig‘im joyida, bundan xavotirlanishga o‘rin yo‘q», degan u.

Toshkent shahar IIB YHXB matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Alisher Ro‘zioxunov bilan bog‘liq hodisa yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Sayt tahririyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishni har taraflama xolis o‘rganib, natijasi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilishiga umid bildirib qoladi.

Mavzuga oid