O‘zbekiston | 15:05 / 25.10.2020
5946
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish materiallari sohasida bazalt asosidagi yangi texnologiyalar ishlab chiqilmoqda

24 oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, «O‘zstandart» agentligi va «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda mazkur uyushma qoshida tashkil etilgan yangi turdagi innovatsion qurilish materiallari texnologiyalarini yaratishga qaratilgan respublika ilmiy-texnikaviy kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda OAV vakillari ham ishtirok etdi.

Foto: «O‘zsanoatqurilishmateriallari»

Mazkur ilmiy-texnikaviy kengash faoliyati 2019 yildan beri muntazam yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kengash tarkibi 23 nafar professor, fan doktorlari, fan nomzodlaridan tashkil topgan.

Kengashga 2019-2020 yillarda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 42 ta innovatsion loyiha ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan. Tanlov natijalariga ko‘ra, umumiy moliyaviy hajmi 10,605 mlrd. so‘mlik klinkerli sement, azbozuritdan asbest olish, zolobeton, yangi bog‘lovchilar olish texnologiyasini yaratish kabi 8 ta innovatsion loyiha ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Ilmiy-texnikaviy kengashning navbatdagi yig‘ilishida yuqori qavatli turar joy binolari qurilishi uchun bazalt asosidagi qurilish materiallari – armatura, issiqlik saqlovchi materiallar va boshqalarni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish loyihalari ko‘rib chiqildi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti professori, t.f.n. Po‘lat Mirzayev hamda «Yoshlar innovatsion markazi» DUK dotsenti, k.f.n. Mahamadjon Ahmadaliyev o‘z innovatsion loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Ikkala loyihada ham bazalt xomashyosidan olinadigan qurilish materiallari to‘g‘risida so‘z bordi.

Ta'kidlash joizki, bazalt asosiy effuziv tog‘ jinsi bo‘lib, magmatik turdagi tog‘ jinslarining eng ko‘p tarqalgani hisoblanadi. U ekologik zararsiz materiallar sirasiga kiradi, sifatning asosiy kriteriyalari bo‘lgan olovga bardoshlilik va yong‘inga xavfsizlik, haroratga chidamlilik, kislotaga chidamlilik, qizdirishda gaz ajralmasligi, past zichlik, o‘zgaruvchan haroratlar va iqlim sharoitlarida uzoq muddat xizmat qilishi bilan boshqa minerallardan ustunlikka egadir. Bu mineral tolaning afzallik tomoni – tog‘ jinsidan olinganida.

Ilmiy-texnik kengash a'zolarining yakdil fikriga ko‘ra, mazkur loyiha mualliflarining taqdimotlarida kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Bazaltning qurilish sohasi uchun zarur xususiyatlarini yaratish texnologiyasini ishlab chiqishga qaratilgan mega-loyiha tayyorlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Ushbu topshiriqni bir oy muddatda amalga oshirish uchun Qurilish materiallari texnologiyalarini yaratishga qaratilgan respublika ilmiy-texnikaviy kengashi a'zolari va boshqa mutaxassislardan tuzilgan ishchi guruh tashkil etilishiga kelishildi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid