Elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish vazifalari belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Bu sohadagi tizimli o‘zgarishlar davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 fevralda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan boshlangan edi. Hujjatga muvofiq, Energetika vazirligi tashkil etilib, sohada boshqaruv va tijorat funksiyalari ajratildi.
Shuningdek, 2019 yil 27 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan sobiq «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati negizida 3 ta yo‘nalish bo‘yicha alohida kompaniyalar – «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.
Energetika sohasiga xususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun zamin yaratildi. Natijada bir yilning o‘zida davlat-xususiy sheriklik asosida 2 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarni jalb qilish, 2 ming 700 megavatt quvvatli 6ta yangi elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihalar boshlandi.
Endi oldinda transformatsiyaning yangi bosqichi, ya'ni, stansiyalarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkorlikni oshirish, tannarxni pasaytirish va istiqbolda elektr energiyasining raqobatli bozorini yaratish vazifalari turibdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda shu yo‘nalishlardagi muhim chora-tadbirlar muhokama qilindi. Avvalo, korxonalarni modernizatsiya qilish masalasiga e'tibor qaratildi.
Bugungi kunda elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori. Bundan tashqari, eski quvvatlarda yoqilg‘i sarfi yangi bug‘-gaz qurilmalariga nisbatan 2 baravar ziyod.
Shu bois modernizatsiya ishlarini davom ettirish, lekin buni oldingidek davlat kafolati hisobiga emas, balki xususiy kapitalni jalb qilish orqali amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari» hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni jahon standartlari asosida tayyorlash tizimiga o‘tish kerakligi ta'kidlandi.
Bu xalqaro kredit reytingi olish, kelgusida yevroobligatsiyalar chiqarishda muhim omil bo‘ladi. Mutasaddilarga shu maqsadlardan kelib chiqib, mazkur 4ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Transformatsiya jarayonlariga ko‘maklashish uchun korxonalar boshqaruviga va kuzatuv kengashlariga chet ellik mutaxassislar jalb qilinishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hozirda elektr energiyasi ulgurji bozori qoidalari belgilanmagani sababli investorlar bilan energiyani qat'iy narxlarda xarid qilish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolanmoqda. Bunday yondashuv kelgusida raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin. Shu bois elektr energiyasi raqobatli bozoriga o‘tish bosqichlari va qoidalarini belgilovchi hujjat ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi.
Sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, «raqamli transformatsiya»ni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda yangi loyihalarning ijrosiga ham e'tibor qaratildi. Ma'lumki, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda quyosh, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda shamol, Sirdaryo va Surxondaryoda issiqlik elektr stansiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni jadallashtirish, ularga davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalar yo‘naltirish muhimligi aytildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar hisobot berdi.
Mavzuga oid
06:15 / 20.08.2023
Shavkat Mirziyoyev Budapeshtda Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi
20:36 / 18.08.2023
Prezident tadbirkorlar uchun qanday yengilliklarni e’lon qildi?
14:23 / 18.08.2023
«Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu» - Shavkat Mirziyoyev qarsak chalgan tadbirkorlar soliqchilardan noroziligi haqida
16:06 / 14.02.2023