Rossiya Idlibda Turkiya qo‘llab-quvvatlayotgan jangarilarga aviazarba berdi
O‘ldirilgan jangarilar Turkiya qo‘llab-quvvatlaydigan «Faylaq ash-Shom» guruhi a'zolari bo‘lgan.
Suriyaning Idlib viloyatida Rossiya kuchlari bergan aviazarba natijasida Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan guruhning 50dan ortiq a'zosi o‘ldirildi, o‘nlab jangarilar yaralandi. Bu haqda huquq himoyachilarining so‘zlariga asoslanib BBC xabar berdi. Qayd etilishicha, ushbu hujum mart oyida Rossiya va Turkiya vositachiligida tuzilgan Idlibdagi sulh bitimini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Zarba «Faylaq ash-Shom» guruhining Turkiya bilan chegara yaqinidagi Xarim aholi maskanida joylashgan lageriga berilgan. Suriyaning inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qiluvchi Britaniyadagi markazining ma'lumot berishicha, 78 kishi halok bo‘lgan.
Tashkilotning qayd etishicha, jarohatlanganlarning aksariyati og‘ir ahvolda va qurbonlar soni oshishi mumkin.
Idlib viloyati Suriyadagi isyonchi va jangarilarning so‘nggi tayanchi edi. Suriya armiyasi va jangarilar o‘rtasida tuzilgan sulh bitimi bugunga qadar deyarli buzilmagandi.
Sulh kelishuvi e'lon qilinganidan so‘ng Turkiya Suriya prezidenti Bashar Asad bilan aloqador har qanday kuchlarning hujumiga javob berish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirgandi.
Ayrim tahlilchilar bugungi aviazarba Tog‘li Qorabog‘dagi nizoda Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga Moskvaning ogohlantirishi deb hisoblamoqda.
Urushga qadar Idlibda olti ming kvadrat kilometr maydonda bir yarim milliondan ozroq aholi istiqomat qilardi. Endilikda ikki baravarga qisqargan hududda (qolgan yarmini Rossiya yordamida Asad qo‘shinlari egallagan) 3 millionga yaqin kishi, jumladan, bir million nafar bola yashamoqda.
2018 yil sentyabrda Rossiya, Turkiya va Eron Idlibda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgandi. Viloyatni Turkiya qo‘l ostidagi Suriya muxolifati nazorat qilishi rejalashtirilgandi.
Moskva va Damashq ushbu va'da bajarilmagani, Idlib «Hayat Tahrir ash-Shom» guruhining qal'asiga aylanib qolganini ta'kidlamoqda. BMTning Suriyadagi vaziyat bo‘yicha yanvardagi hisobotida jangarilar soni 12-15 ming nafar atrofida deb baholangan.
2019 yil dekabri-2020 yil fevralida Asad qo‘shinlarining Rossiya qo‘llab-quvvatlovi ostida Idlibga qilgan hujumi natijasida bir millionga yaqin suriyalik Turkiya chegarasi yaqiniga ko‘chib o‘tgandi.
Avvalroq Human Righs Watch tashkiloti 2019 yil aprelidan 2020 yil martigacha amalga oshirilgan 46ta zarbani tahlil qilib chiqib, Idlib viloyatining Rossiya armiyasi va Asad kuchlari tomonidan bombardimon qilinishi harbiy jinoyatga teng ekanligini, chunki yuzlab tinch aholi vakillari halok bo‘lganini bildirgandi.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13 / 24.12.2024
Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi
18:22 / 24.12.2024